O‘zbekiston | 11:11 / 13.02.2020
12565
3 daqiqa o‘qiladi

Hayvonlarni ovlashga 3 yillik moratoriy joriy qilinishi mumkin

Hayvonlarga ov qilish uchun ruxsatnomalar berishga moratoriy joriy qilish mo‘ljallanmoqda

Foto: Getty Images

Prezidentning “O‘zbekiston Respublikasida turizm xizmatlarini yanada diversifikatsiya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi muhokama uchun joylashtirildi.

O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi va Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan birgalikda Qizilqum davlat qo‘riqxonasi va Hisor tog‘-archa davlat qo‘riqxonalarini ov turizmi uchun sharoitlar yaratgan holda milliy bog‘larga aylantirish bo‘yicha takliflar kiritadi.

Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, Ekologik partiya va jamoatchilikning hayvonlarga ov qilish uchun ruxsatnomalar berishga moratoriy joriy qilish bo‘yicha taklifi ma'qullanishi mumkin.

Belgilanishicha:

a) moratoriy 2020 yil 1 martidan 2023 yil 31 dekabriga qadar amal qiladi;

b) moratoriy davrida, mas'uliyatli tashkilotlar tomonidan hayvonlarga ov qilish uchun ruxsatnomalar berish taqiqlanadi, ushbu bandda nazarda hollardan mustasno;

v) moratoriy fan va tibbiyot maqsadlarida hayvonlarga ov qilish uchun ruxsatnomalar berishga amal qilmaydi.

O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi va Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi ov turizmni rivojlantirish maqsadida:

a) Adliya vazirligi bilan birgalikda quyidagilarni nazarda tutuvchi taklif kiritadi:

hayvonlarga ov qilish uchun davlat boji hamda to‘lovi qiymatini oshirish;

brakonerlik uchun, ayniqsa Qizil kitobga kiritilgan hayvonlarga nisbatan mas'uliyatni kuchaytirish;

ov uchun ruxsatnoma berish jarayonini elektron shaklga o‘tkazish;

ov xo‘jaligining tegishli infratuzilmasini (fazenda, hayvonlar pitomnigi) rivojlantirishda davlat-xususiy sherikchilik mexanizmlarini birinchi navbatda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Navoiy, Jizzax, Sirdaryo viloyatlarida joriy qilish;

b) Moliya vazirligi va Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan birgalikda respublika o‘simlik va hayvonot dunyosini (flora va fauna) asrash va rivojlantirish bo‘yicha faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, shu jumladan, grant mablag‘larini jalb qilgan holda moliyalashtirish bo‘yicha taklif ishlab chiqadi.

Mavzuga oid