Qo‘shni davlatlardan o‘qishni ko‘chirishga oid eng ko‘p so‘ralayotgan savollarga javoblar – vazirlik vakili bilan suhbat
Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi O‘zbekiston fuqarolarining o‘qishlarini qo‘shni davlatlardan O‘zbekistonga ko‘chirish masalalarida qo‘shni respublikalar OTMlari tomonidan turli bahonalar bilan to‘siqlar qo‘yilishi noto‘g‘riligini aytdi.
Shu yilning 7 fevralidan qo‘shni respublikalarda o‘qiyotgan o‘zbekistonlik talabalar o‘qishini mahalliy OTMlarga ko‘chirish bo‘yicha arizalar qabuli boshlangan edi.
Talabgorlar va ularning ota-onalaridan kelib tushgan ko‘plab murojaatlarni inobatga olgan holda, bu muddat 15 martgacha uzaytirildi.
Hukumat taqdim etgan bu imkoniyat qo‘shni davlatlarda o‘qiyotgan ko‘plab o‘zbek talabalari tomonidan xursandchilik bilan qabul qilindi. Chunki fuqarolar o‘qishini o‘zi yashab turgan hududiga ko‘chirish orqali chet elda o‘qish qiyinchiliklari, yo‘l xarajatlari va boshqa shunga o‘xshash turli ovoragarchiliklardan xalos bo‘lishadi. Ammo bugungi kunga kelib, o‘qishini O‘zbekistonga ko‘chirish istagidagi talabalar ayrim muammolarga duch kelmoqdaki, vaziyat Oliy va o‘rta maxsus ta'lim hamda Tashqi ishlar vazirliklaridan jiddiy o‘rganishlarni talab qilmoqda.
Gap shundaki, Qozog‘iston va Qirg‘iziston Respublikalaridagi ayrim OTMlar o‘zbekistonlik talabalarga o‘qishlarini ko‘chirish uchun zarur hujjatlarni bermayapti yoki buning uchun turli bahonalarni keltirgan holda yarim yillik kontrakt puli talab qilishmoqda.
Biz masala yuzasidan Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi bosh mutaxassisi Abdusamat Mamanazarov bilan intervyu tashkil qildik.
– Eshitishimizcha, Qozog‘iston va Qirg‘izistondagi ayrim OAV O‘zbekiston tomoni o‘z talabalari o‘qishini majburiy tarzda ko‘chirayotgani haqida yozmoqda. Shuningdek, O‘zbekiston fuqarolarining ayrimlarida bu kabi fikrlar bor.
– To‘g‘ri aytdingiz, qo‘shni davlat ommaviy axborot vositalarida shunday fikrlar ham bildirilmoqda. Albatta, bu fikr noto‘g‘ri.
Bundan birinchi navbatda qo‘shni davlatdagi OTM berayotgan ta'limdan qoniqmagan talabalarga o‘qishini O‘zbekistonga ko‘chirishi uchun imkoniyat berish maqsadi ko‘zlangan.
Qo‘shni davlatlarning nufuzli universitetlarida o‘qiyotgan va o‘sha muassasa berayotgan bilimdan qoniqqan talabalar o‘qishlarini bemalol davom ettirishlari mumkin.
Qaytaraman, bu majburiyat emas, imkoniyat.
– Qozog‘iston va Qirg‘iziston Respublikalaridagi ayrim OTMlar o‘zbekistonlik talabalarga o‘qishlarini ko‘chirish uchun zarur hujjatlarni bermayotgani yoki buning uchun turli bahonalarni keltirgan holda yarim yillik kontrakt puli talab qilishayotgani aytilyapti.
Xo‘sh, huquqiy jihatdan bu kabi talablar qanchalik asosga ega va agar talab asosli bo‘lmasa, fuqarolarimiz huquqlarini qanday himoya qilishi kerak?
– Siz aytayotgan holatlarni inobatga olganmiz. Fuqarolarimiz o‘qishini ko‘chirish bo‘yicha hujjatlarni olish uchun qo‘shni davlatlardagi elchixonalarga murojaat qilishlari lozim. Hozir bu masala yechimi bo‘yicha harakatlar boshlangan. Masala tezda yechimini topadi.
– Eshitishimizga qaraganda, talabalar ikki vazirlikka ham hujjat olishda yordam so‘rab qo‘ng‘iroq qilgan, ammo javob ololmagan holatlar ham uchramoqda. Nega sizlar tomoningizdan bu kabi elementar masalalarda ham kamchiliklar kuzatilmoqda?
– Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligida aynan o‘qishni O‘zbekistonga ko‘chirish masalalarida bo‘ladigan murojaatlar uchun maxsus ishonch telefoni tashkil qilingan. Unga ko‘ra, fuqarolar (+998 71) 246-38-57 telefon raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, bizning shu soha bo‘yicha maxsus mutaxassislarimizdan tegishli javoblarni olishlari mumkin. Bu aloqa raqami belgilangan vaqtda to‘xtovsiz ishlab turibdi.
Agar bog‘lanishda ayrim muammolar kuzatilayotgan bo‘lsa, bu murojaatlarning o‘sha vaqtda ko‘payib ketgani bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.
Men imkoniyatdan foydalanib yana bir ma'lumotni fuqarolarimizga yetkazmoqchiman.
Talaba har doim tahsil olgan muddatigagina kontrakt to‘lovini to‘laydi. Bu tartib boshqa davlatlardagi oliy ta'lim muassasalari uchun ham amal qiladi. Hozirda talabalardan o‘qishimizni ko‘chirib kelsak, qancha muddatga kontrakt to‘laymiz, mazmunidagi savollar ko‘p bo‘lmoqda.
Shuni alohida ta'kidlamoqchi edimki, talabalar o‘qishni ko‘chirish uchun hech qanday ortiqcha to‘lovni amalga oshirmaydi. U o‘qishga kelgan paytdagi yangi semestr uchungina to‘lov qiladi.
Qo‘shni davlatdagi fuqaromizdan hujjati uchun pul so‘rash ayrim shaxslar tomonidan uyushtirilayotgan bo‘lishi mumkin.
Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi va Tashqi ishlar vazirligi o‘rtasida telefon orqali hamda xat almashinuvlari orqali muloqotlar bo‘lib turibdi.
Vazirlik vakillari qo‘shni davlatlardagi elchixonalar bilan bog‘lanishdi. Hozirda yuzaga kelgan vaziyat bo‘yicha kelishuvlarni amalga oshirish bo‘yicha ishlanmoqda.
– Kerakli hujjatlarni qo‘shni davlatdagi OTMdan olgan talabalar O‘zbekistondagi ta'lim muassasalariga topshirmoqda. Ammo eshitishimizcha, ayrim paytlarda talabaning yashash hududidagi universitet qabul to‘lgani sababi bilan talabaning hujjatini qabul qilmayotgan ekan.
– Bu yerda fuqaro avvalo qo‘shni davlatda o‘qigan mutaxassisligiga mos yo‘nalishga qabul qilinadi. Shuningdek, ularning o‘qishlarini asosan kechki va sirtqi ta'limga ko‘chirish belgilangan.
Agar fuqaroning o‘z hududidagi ta'lim muassasasida o‘sha mutaxassislik bo‘yicha yo‘nalishlar bo‘lmasa, unda talaba boshqa turdosh yo‘nalishlarga tavsiya etiladi.
Agar o‘sha hududda turdosh yo‘nalishlar ham topilmasa, unda talabaga qo‘shni hududlarga hujjatlarini topshirish tavsiya etiladi. Bunda fuqaroga yaqin bo‘lgan boshqa hududlar tanlanadi.
– O‘qishini ko‘chirayotgan talabalar nega Toshkent shahri va Toshkent viloyatidagi universitetlarga qabul qilinmayapti? Axir respublikadagi eng ko‘p OTMlar Toshkent shahrida joylashgan-ku.
– To‘g‘ri aytdingiz, Toshkentda OTMlar juda ko‘p. Bu tizimning hududlar kesimida olingani esa fuqarolardan arizalar qabul qilish jarayonidagi navbatlarni keskin oshib ketishini oldini olish bilan bog‘liq. Bunda taqsimotni to‘g‘ri qilib, navbat yukini boshqa hududlarga ham bo‘lish reja qilingan.
Biz hujjat qabuli bo‘yicha kunlik ma'lumotlarni tahlil qilib boryapmiz. Bu jarayonda kutganimizdek, eng ko‘p navbat Toshkent shahri va Toshkent viloyatida kuzatilmoqda.
Agar biz hujjat qabul qilishni hududlarga ham teng bo‘lish tizimini qilmaganimizda edi, bu navbatlar bir necha o‘n barobar oshib, qilgan ishimiz o‘zining salbiy natijasini berishi mumkin edi.
– Qo‘shni davlatlardan o‘qishini ko‘chirayotgan fuqarolarning ko‘pchiligi qo‘shni davlat ta'lim muassasasida birinchi kurs talabalari ekan. Ular o‘qishini ko‘chirish masalasi qanday hal qilinadi, chunki ularning ko‘pchiligi hali birinchi semestrni yopishga ham ulgurmagan.
Xo‘sh, ular birinchi semestrni yopmasdan ham o‘qishlarini ko‘chirishi mumkinmi?
– Talabalarning o‘qishini ko‘chirish masalalari Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 20 iyundagi 393-sonli Qaroriga asosan amalga oshiriladi. Shu qaror asosida “Oliy ta'lim muassasalari talabalarining o‘qishlarini ko‘chirish va qayta tiklash tartibini belgilash to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlangan.
Mazkur nizomda birinchi kursning birinchi semestri to‘liq yakunlanmagan holatda talabalarning o‘qishini ko‘chirishga yo‘l qo‘yilmasligi belgilangan.
Shu nuqtayi nazardan talabalardan talab qilinadigan jihat – birinchi kursning birinchi semestrini muvaffaqiyatli tamomlash hisoblanadi.
Bizga shuningdek, qaysi hujjatlarni topshirish borasida ham ko‘plab murojaatlar bo‘lmoqda.
Biz bu savolga o‘z javobimizni berdik va yana qaytaramanki, qo‘shni davlat OTMdan 3ta asosiy hujjatlarni olish kerak.
Bular – belgilangan shakldagi ma'lumotnoma, reyting daftarchasidan nusxa va transkript. Biz endilikda qulaylik uchun e'lon qilingan uchta hujjatdan bittasi bo‘lsa ham talabalarni qabul qilyapmiz.
Ilyos Safarov suhbatlashdi
Mavzuga oid
14:33 / 21.11.2024
Nega o‘zbek ota-onalari bolasini rus sinflariga beradi?
11:43 / 20.11.2024
2025 yilda 252 ta yangi bog‘cha barpo etiladi
15:13 / 18.11.2024
O‘zbekiston va Qozog‘iston ta’limda qo‘shma dasturlarni amalga oshirishni muhokama qilyapti
20:17 / 05.11.2024