Jamiyat | 19:57 / 15.02.2020
12996
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda yo‘l-transport hodisasi sabab eng ko‘p o‘lim holati qayerda kuzatildi?

15 fevraldan 1 martga qadar Jomboy tumanida «Harakat xavfsizligi o‘n besh kunligi» e'lon qilindi. Nega bu tadbir aynan ushbu tumanda tashkil etildi? Chunki Samarqand viloyati bo‘yicha eng ko‘p yo‘l-transport hodisasi Jomboy hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.

Shu munosabat bilan viloyat IIB tomonidan Jomboyda seminar o‘tkazildi. Markaziy va ichki yo‘llarda yo‘l-transport hodisalarining og‘ir oqibatlari aks etgan, fuqarolarni ogohlik va hushyorlikka chaqiruvchi «Targ‘ibot avtokarvoni» tashkil etildi.

Misol uchun, 2019 yilning 12 oyi davomida viloyat hududida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisalari 4,6 foizga, buning oqibatida vafot etganlar soni 5,9 foizga kamaygan. Jomboy tumanida esa aksincha, bunday holatlar ortgan. Jami 69 ta (2018 yilda 59) yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lib, oqibatda 21 (2018 yilda 59) nafar fuqaro vafot etgan.

Tuman hududida og‘ir oqibatli va insonlar o‘limi bilan bog‘liq bo‘lgan yo‘l-transport hodisalari sodir etilishining oldini olish maqsadida bir qator rejalar belgilab olindi. Xususan, transport, piyodalar va bolalar harakati serqatnov bo‘lgan hududlarni belgilash, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish choralari ko‘riladi. Yo‘lovchi tashuvchi transport vositalarining harakatini nazorat qilish, texnik tayyorgarligini ta'minlash, aniqlangan kamchiliklar yuzasidan keskin choralar ko‘riladi. Tuman hududidan o‘tuvchi xalqaro va davlat ahamiyatiga ega bo‘lgan hamda mahalliy avtomobil yo‘llarida talabga javob bermaydigan holatlar, xususan, asfaltdagi nosozliklar, kavlangandan so‘ng ta'mirlanmagan hududlar, suvoqova quduqlar, eskirgan yo‘l belgilarini bartaraf etish rejalashtirildi.

Mavzuga oid