O‘zbekiston | 13:21 / 18.02.2020
88417
3 daqiqa o‘qiladi

Sirdaryoda ayol kishi tuman hokimi etib tasdiqlandi

Sirdaryo viloyati hokimi o‘rinbosari, senator Dilfuza Uralova viloyatning Boyovut tumani hokimi etib tasdiqlandi.

Xalq deputatlari Boyovut tumani Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi. 

Sirdaryo viloyati hokimligi axborot xizmatiga ko‘ra, tuman Kengashining sessiyasida tashkiliy masala ko‘rildi. O‘lmasjon Yormuhammadovich Mamadaminov boshqa ishga o‘tayotganligi munosabati bilan Boyovut tumani hokimi lavozimidan ozod etildi.

O‘lmasjon Mamadaminov
Foto: Sirdaryo viloyati hokimligi

Uning o‘rniga viloyat hokimi o‘rinbosari Dilfuza Jumanovna Uralova Boyovut tumani hokimi etib tayinlash to‘g‘risidagi viloyat hokimining qarori bir ovozdan ma'qullandi.

Dilfuza Uralova
Foto: Sirdaryo viloyati hokimligi

Dilfuza Uralova 2012 yilda - «Shuhrat» medali bilan taqdirlangan. Xalq deputatlari Sirdaryo viloyati Kengashi deputati, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a'zosi hisoblanadi.

D.Uralova 1985-1990 yillar mobaynida - Guliston davlat universiteti talabasi, 1990-2001 yillar - Sirdaryo viloyati Mirzaobod tumani 10-umumiy o‘rta ta'lim maktabi o‘qituvchisi, 2001-2010 yillar - Sirdaryo viloyati Mirzaobod tumani 10-umumiy o‘rta ta'lim maktabi direktorining ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari, direktori bo‘lgan.

2010-2015 yillar mobaynida - Sirdaryo viloyati Mirzaobod tumani hokimining o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi lavozimida ishlagan, 2015-2017 yillar mobaynida - O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati bo‘lgan.

2017 yildan shu kunga qadar Sirdaryo viloyati hokimining o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi lavozimida ishlab kelgan.

Dilfuza Uralova ayni vaqtda O‘zbekistondagi yagona ayol hokimdir.

  • Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2019 yil 27 dekabr kuni al-Xorazmiy maktabida yoshlar bilan bo‘lgan uchrashuvda Toshkent shahri tumanlaridan biriga ayol hokim tayinlashni taklif qilgandi. Prezident «qayerda ayol bo‘lsa, o‘sha yerda korrupsiya kamroq, o‘sha yerda xalq bilan muloqot ko‘proq» bo‘lishini ta'kidlagandi.
  • Keyinroq, 2020 yilning yanvar oyida Oliy Majlis Senatining birinchi majlisida prezident tuman hokimligi lavozimiga ham ayollarni izlayotgani haqida gapirgandi.
     

Mavzuga oid