Jamiyat | 14:56 / 21.02.2020
18631
7 daqiqa o‘qiladi

Oliy sud o‘z munosabatida nega xato faktni yozmoqda? Murojaatchi Qarshidagi avtobozor masalasida aniq va tiniq javob kutmoqda

Kun.uz saytida Qarshi shahrida istiqomat qiluvchi tadbirkor Safarovlar duch kelib turgan muammolardan hikoya qiluvchi «Qarshidagi sobiq «Ehtiyot qismlar bozori» haqiqiy egasiga qaytarilmayapti: 14 yillik sarsongarchilik qachon barham topadi?» sarlavhasi ostida jurnalistik surishtiruv e'lon qilingan edi.

Ko‘p o‘tmay O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi munosabat bildirdi.

Ushbu rasmiy munosabatda bir necha noaniqliklar va ochiq qoldirib ketilgan savollar bor.

Xususan, Oliy sud o‘z munosabatida shunday deb yozadi:

«Fuqarolik ishlari bo‘yicha Qarshi tumanlararo sudining 2007 yil 10 iyuldagi hal qiluv qarori bilan qayd etilgan oldi-sotdi shartnomasi haqiqiy emas deb topilib, E.Safarov «Ixtisoslashtirilgan avtomobillar bozori» savdo kompleksi» MChJning ta'sischilar safidan chiqarilgan, qurilish materiallari bozori nomi o‘zgartirilib, «Ixtisoslashtirilgan avtomobillar bozori» savdo kompleksi» MChJ deb qaytadan nomlash majburiyati yuklatilgan».

Holbuki, Fuqarolik ishlari bo‘yicha Qarshi tumanlararo sudining 2007 yil 10 iyuldagi hal qiluv qarorida quyidagicha belgilangan:

1. Da'vogar — Qarshi shahar hokimligining javobgar Erkin Beg‘amovich Safarovni «Ixtisoslashtirilgan avtomobillar bozori» MChJ ta'sischilari safidan chiqarish haqidagi da'vosi qanoatlantirilgan. (Izoh: E.Safarov MChJning 49 foiz ulushiga egalik qilgan).

2. Erkin Safarov va To‘lqin Safarov o‘rtasida Jayxun ko‘chasida joylashgan «Ehtiyot qismlar (qurilish materiallari) bozori» yuzasidan 2004 yil 15 aprelda tuzilgan oldi-sotdi shartnomasi haqiqiy emas, deb topilgan va taraflar dastlabki holatga keltirilgan (Izoh: ya'ni T.Safarovdan bozor egaligi E.Safarovga qaytarilgan).

3. Javobgar — Qarshi shahar Yer va ko‘chmas mulk davlat kadastri boshqarmasi hamda qo‘shimcha javobgar — Qashqadaryo viloyat Yer va ko‘chmas mulk davlat kadastri boshqarmasi zimmasiga «Ehtiyot qismlar (Qurilish materillari) bozori» nomini Vazirlar Mahkamasining 2003 yil 28 iyuldagi 330-son qarori hamda «O‘zbekiston Respublikasida bozorlarda savdo faoliyatini tashkil etish qoidalari»ning 5-bandiga muvofiqlashtirib, «Ixtisoslashtirilgan avtomobillar bozori» deb nomlab davlat ro‘yxatidan o‘tkazish majburiyati yuklangan.

Ya'ni, yuqorida ham ta'kidlab o‘tganimizdek, sud qarorida MChJ deb nomlash haqida band bo‘lmasa ham, Oliy sud 2007 yilgi hal qiluv qarorida shu so‘z bor, deya ko‘rsatib noto‘g‘ri axborot bermoqda.

Ikkinchidan, o‘sha barcha narsaga asos bo‘layotgan va hanuz qonuniy kuchda bo‘lgan 2007 yilgi sudning hal qiluv qarorida bir marta egalikka aniqlik kiritilgan. T.Safarov va E.Safarov o‘rtasidagi oldi-sotdi shartnomasi bekor qilinib, tomonlar dastlabki holatga keltirilgan. Ya'ni, bozor egaligi E.Safarovga qaytgan.

E.Safarovga esa chala qurilgan bozorni ukasi Ch.Safarov hadya shartnomasi orqali hadya qilgan. U hadyasini qaytarib olish huquqiga ham ega. Hozirgacha!

Endi savol tug‘iladi: nega bir jismoniy shaxsning nomida bo‘lgan ko‘chmas mulk hech qanday to‘lovlar yoki kompensatsiyasiz yuridik manzili umuman boshqa joyda (O‘zbekiston ovozi ko‘chasi, 2-uy) bo‘lgan, ulushining 51 foizi Qarshi shahar hokimligiga qarashli bo‘lgan «Ixtisoslashtirilgan avtomobillar bozori» MChJga o‘tkazib berilmoqda?

To‘g‘ri, Oliy sud munosabatida «Qarshi shahar hokimining 2014 yil 30 dekabrdagi X-1493/12-sonli qarori bilan «Ixtisoslashtirilgan avtomobillar bozori» savdo kompleksi» MChJ nomiga qurilish materiallari bozori davlat ro‘yxatidan o‘tgan va bu haqda guvohnomalar berilgan»ligi qayd etilmoqda. Bozor bugungi kunda ham o‘sha qaror asosida faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Lekin o‘sha qaror to‘g‘ri chiqarilganmi?

Axir da'vogar Safarovlar shahar hokimining ana shu qarori noto‘g‘ri chiqarilgani, 2007 yilgi sud qarori noto‘g‘ri talqin qilingani ustidan murojaat qilib yurishibdi-ku? Chunki Qarshi shahar hokimligi ham 2014 yilda qaror chiqarishda FIB Qarshi tumanlararo sudining 2007 yil 10 iyuldagi qarorini asos qilib olgan.

Nega sud Qarshi shahri, O‘zbekiston ovozi ko‘chasi 2-uy manzilida ro‘yxatga olingan «Ixtisoslashtirilgan avtomobillar bozori» MChJ Jayxun ko‘chasida joylashgan, fuqaro Safarovga tegishli bo‘lgan «Ehtiyot qismlar (qurilish materiallari) bozori» hududida ijarada turganini inobatga olmagan.

Shunchaki, fuqaro E.Safarovni ham MChJ tarkibidan chiqarib yuborib, ham unga tegishli bozor u safidan chiqarib yuborilgan MChJga hech qanday to‘lov va kompensatsiyalarsiz olib berilmoqda. Xususiy mulk daxlsizligi qayerda qoldi?

2017 yil 12 sentyabrda Oliy sudning sud hal qiluv qarori noto‘g‘ri talqin qilingani haqidagi ajrimi nima bo‘ldi? Nega Oliy sud masalaning mohiyati nimaligiga dastlab e'tibor berib, keyin yana «to‘nini teskari kiyib oldi»? Bunga qanday hodisa sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin?

FIB Qashqadaryo tumanlararo sudining 2007 yil 10 iyuldagi qarorini qanday tushunish kerak o‘zi? Tomonlar dastlabki holatga kelganda mulk E.Safarovga xatlab berilishi kerakmi? Shu sanagacha ijarachi bo‘lgan «Ixtisoslashtirilgan avtomobillar bozori» MChJ qanday qilib mulkning egasi bo‘lib qolmoqda?

Ko‘p gap kerak emas. Tahririyatga murojaat qilgan kishilar mana shu savollarga Oliy suddan, shuningdek, Bosh prokuratura hamda Oliy Majlis Senatidan aniq va tiniq javob kutishmoqda.

Shuhrat ShOKIRJONOV,

Kun.uz maxsus muxbiri

Mavzuga oid