Rossiya va Tramp: 2-fasl. Rossiya AQSh saylovlariga yana aralashmoqdami?
So‘nggi kunlarda Amerikada qiziq xabar tarqaldi: emishki, bir necha nufuzli nashrlar AQSh milliy xavfsizlik boshqarmasi vakillari bilan yopiq eshiklar ortida yashirincha brifing o‘tkazgan va unda AQSh razvedkasi Rossiya tomoni joriy yil kuzda bo‘lib o‘tadigan saylovlarda Trampga qayta saylanishda yordam berayotgani iddao qilingan ma'lumotlar taqdim etgan. Bu qanchalik haqiqatga yaqin?
New York Times gazetasi, uning ortidan CCN telekanali, Washington Post va Reuters agentligi «o‘z manbalariga tayanib» xabar berishicha, 13 fevralda AQSh milliy razvedka boshqarmasi xodimlari Vakillar palatasining razvedka masalalari bo‘yicha qo‘mita a'zolari bilan birga Rossiyaning AQShda noyabr oyida o‘tkaziladigan prezidentlik saylovlariga ehtimoliy aralashishini muhokama qilgan. Brifingda qatnashgan AQSh milliy razvedka boshqarmasi xodimlari Vakillar palatasining xavfsizlik qo‘mitasi a'zolariga Rossiya tomoni Trampni o‘z o‘rnida qoldirish uchun saylovlarga aralashayotganiga dalillar keltirgan.
New York Times manbasiga ko‘ra, Tramp bu brifing haqida unda qatnashgan respublikachilardan xabar topib norozi bo‘lgan va AQSh milliy razvedka boshqarmasi direktori vazifasini vaqtincha bajaruvchi Jozef Maguayrni lavozimga tasdiqlamagan.
20 fevral kuni esa Tramp Maguayrni boshqarma direktorligidan bo‘shatib, uning o‘rniga Richard Grenellni AQSh milliy razvedka boshqarmasiga vaqtinchalik direktor etib tayinladi (Grenell 2018 yildan buyon AQShning Germaniyadagi elchisi bo‘lib ishlayotgandi). Ma'lumot o‘rnida: AQSh milliy razvedka boshqarmasi jami 17ta turli razvedka boshqarmalarini o‘zida jamlagan.
AQSh milliy razvedka boshqarmasining yangi rahbari razvedka sohasida mutlaqo tajribasi yo‘qligi va u hozirgi vazifasida vaqtinchalik ishlayotganini aytib o‘tdi. Senat tasdiqlashi uchun Tramp bu vazifaga boshqa odamni tayinlaydi. O‘z navbatida Grenell Trampning ashaddiy tarafdori ekanini yashirmaydi.
2016 yilda o‘tkazilgan saylovda ruslarning qo‘li bormidi?
2017 yil boshida, Obama administratsiyasi Oq uyda so‘nggi kunlarini o‘tkazayotgan paytda, AQSh razvedkasi 2016 yilgi saylovlarda Rossiya aralashuvi haqidagi hisobotni taqdim etgandi. Unga ko‘ra, Rossiya tomoni turli yo‘llar bilan saylovga ta'sir etishga uringan. Jumladan, demokratlar partiyasi vakillarining sahifalarini buzib kirib, yozishmalarni kuzatish, ovozlarni sanash jarayoniga ta'sir ko‘rsatish, saylovchilarga yolg‘on ma'lumotlar tarqatib ularni chalg‘itish, ijtimoiy tarmoqlarda respublikachilar partiyasi va Tramp foydasiga targ‘ibotlar uyushtirish kabi ishlarni amalga oshirishgan. Hisobotda yozilishicha, yuqoridagi ishlarni amalga oshirish uchun shaxsan Putinning o‘zi buyruq bergan.
2017 yil may oyida Rossiya tomoni Trampning saylanishiga qanchalik ta'sir ko‘rsatgani haqida surishtiruvlar olib borish uchun maxsus prokuror Robert Myuller tayinlandi. Surishtiruv ikki yil davom etdi. Myuller ruslar saylovlarga aralashganini aniq isbotlay olmagan bo‘lsa-da, Rossiya tomoni saylovga ta'sir o‘tkazgani haqida xulosa berdi. U surishtiruv natijasida boshqa kasb ortiga yashiringan, ammo aslida Rossiya davlat razvedka boshqarmasi (GRU) xodimlari bo‘lib chiqqan bir necha rossiyalik saylov jarayonlariga aralashganini aytib, ularning ism-sharifini ham oshkor qildi. Ammo bu faktlar Tramp Myullerni omadsiz deb atab, uning ustidan kulishiga qarshilik qila olmadi. Trampning iddao qilishicha, Myuller davlat budjetidagi pullarni havoga sovurgan xolos.
CCN o‘z manbasiga tayanib xabar berishicha, 13 fevralda yopiq eshiklar ortida o‘tkazilgan maxfiy brifingda Rossiya tomoni nafaqat kelayotgan saylovda Trampni qo‘llab-quvvatlashi, balki AQSh aholisi orasida saylovlarga nisbatan ishonchsizlik uyg‘otishni ham qilgani aytilgan.
«Rossiya Trampni qanday tarzda qo‘llab-quvvatlamoqchi, bundan nima maqsadni ko‘zlayotgani noaniq qolmoqda»,— deb yozadi bu haqda yana bir yirik nashr Washington Post. O‘z navbatida Rossiya tomoni rasmiy ravishda bir necha marta 2016 yilda o‘tkazilgan saylovga aralashmaganini bildirib, boshqalar tomonidan bildirilayotgan turli fikrlarni rad etib keladi.
2016 yilda hali saylovoldi targ‘ibot ketayotgan paytda Tramp biror marta Rossiya va Putin haqida, Rossiyaning Qrimni bosib olgani haqida keskin fikr bildirmadi. AQSh prezidentligiga o‘z nomzodini qo‘yadiganlar esa saylovchilarning «mehrini qozonish uchun» ruslarni qoralashi odatga aylangandi. Bu odat shunchalik odamlarning qoniga singib ketgandiki, Rossiyani yomonlamagan nomzod «KGB agenti»ga aylanib qolaverardi.
Oldingi saylovda Rossiya bilan aloqalar haqida demokratlar nomzodi Hillari Klinton yetarlicha gapirdi. Ammo Tramp va uning saylovoldi kampaniyasi «amerikaliklar uchun o‘ta shubhali tarzda» Rossiya, uning Ukraina sharqidagi ayirmachilar bilan aloqasi, Qrimni qo‘shib olishi haqida birorta keskin fikr bildirmadi.
Saylov o‘tib, unda g‘alaba qozonganidan keyin Tramp «oxirgi paytlarda nafaqat Rossiya, balki boshqa mamlakatlar ham kiberhujum qila olishi mumkin» deb aytdi. Trampning bu gapi AQSh prezidenti bo‘lib saylanishi shundoq ham shubhaga olinayotgan vaqtda «olovga moy sepdi».
Tramp Oq uyga ko‘chib o‘tganidan so‘ng uning saylanishida Rossiya tomonining aralashuvi masalasi bo‘yicha Myuller o‘tkazayotgan surishtiruvni o‘zigagina xos qo‘rslik bilan «jodugar kampirlarni ovlash» deb ataydi. Myullerning Kongressda qilgan chiqishidan so‘ng, Tramp 2019 yil 25 iyulda Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan telefon orqali gaplashib, undan Ukrainada faoliyat yuritgan sobiq vitse-prezident Jo Baydenning o‘g‘li Hanter Baydenning faoliyati yuzasidan surishtiruv o‘tkazishni so‘raydi.
Keyinchalik 25 sentabr kuni BMT sammiti doirasida AQShga tashrif buyurgan Zelenskiyning Tramp bilan uchrashuvidan keyin ma'lum bo‘ldiki, Tramp o‘shanda Zelenskiydan iltimos qilmagan, balki o‘z so‘rovini buyruq ohangida bergan. Qolaversa, Zelenskiy bilan Nyu-Yorkda uchrashgan Tramp o‘sha buyruq ohangidagi «iltimos»ini OAV qarshisida yana qaytaradi. Demokratlar tomonidan Trampning bu ishi «mustaqil davlat rahbariga o‘z manfaati yo‘lida bosim o‘tkazish» deb baholanib, Trampga nisbatan impichment e'lon qilindi.
Garchi Trampning o‘sha xatti-harakati unga nisbatan impichment e'lon qilinishiga olib kelgan bo‘lsa-da, Hanterning Ukrainadagi ishlari haqidagi gaplar otasining reytingiga salbiy ta'sir qildi. Masalan, Jo Bayden birinchi praymerizda demokratlar orasida 5-o‘rinni oldi.
AQShdagi nashrlar anchadan beri Trampning o‘zining prezident etib saylanishida Rossiyaning qo‘li borligi haqidagi savollarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri javob bermasligiga e'tibor qaratadi. Tramp aksariyat hollarda shu mavzuda savol bergan jurnalistlarga «bu savol bilan uning qonuniy saylanganini shubha ostiga qo‘yayotgani» haqidagi gap bilan javob qaytaradi.
Washington Post manbasiga ko‘ra, 13 fevralda o‘tkazilgan brifing haqida Trampga Vakillar palatasidagi xavfsizlik qo‘mitasi tarkibida bo‘lgan respublikachi Devin Nunes xabar bergan. Nunes Trampga sodiqligi bilan tanilgan va prezidentni hukumat tepasiga olib kelgan «yashirin davlat» (odamlarga ko‘rinmaydigan oriylar kengashi borligi haqidagi nazariya. AQShda shunday «ko‘rinmas davlat» Trampni hukumat tepasiga olib kelgani haqida iddaolar mavjud) haqidagi nazariya shunchaki fitna ekanini aytadi. Nunes 2015 yildan buyon Vakillar palatasi qoshidagi razvedka qo‘mitasi raisi hisoblanadi.
Vakillar palatasidagi xavfsizlik qo‘mitasiga esa demokrat Adam Shiff raislik qiladi. U Trampga qarshi ilgari surilgan impichment jarayonida asosiy rollardan birini o‘ynagan shaxs. Ma'lum bo‘lishicha, 13 fevraldagi brifing tashabbuskori ham aynan Adam Shiff bo‘lgan.
Tramp uchun bu galgi saylovlar oson o‘tishi taxmin qilinayotgandi, chunki unga aytarli qarshilik qiladigan nomzodning o‘zi ko‘rinmayapti. Lekin yana Rossiya aralashuvi haqidagi gaplar «Trampning hayotini qiyinlashtirishi» aniq. Darvoqe, shu kunlarda Tramp bilan bog‘liq yana bir mish-mish tarqaldi. Emishki, Tramp 2016 yilgi saylovlar oldidan Hillari Klintonning pochtasini buzib kirib, uning yozishmalarini OAVga sizdirgan WikiLeaks rahbari, ayni damda qamoqda bo‘lgan Julian Assanjga bu ishni Rossiya aralashuvisiz qilganini aytsa, yordam taklif qilgan. Xo‘sh, Tramp yangi sinovlarga tayyormikin?
Mavzuga oid
00:35
«Yevropadagi istalgan nishonni yo‘q qila oladi» – Putin «Oreshnik» yaratuvchilari bilan uchrashdi
23:13 / 23.11.2024
Kreml yangi safarbarlik bo‘lmasligini ma’lum qildi
22:08 / 23.11.2024
Putin Kursk oblastini qaytarish muddatini belgiladi - Zelenskiy
18:44 / 23.11.2024