O‘zbekiston | 10:35 / 27.02.2020
82502
2 daqiqa o‘qiladi

O‘ktam Barnoyev bosh vazir o‘rinbosari bo‘lishi kutilmoqda

Parlament quyi palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalari tomonidan O‘ktam Barnoyevning nomzodi ko‘rib chiqilmoqda.

Buxoro viloyati hokimi O‘ktam Barnoyev Bosh vazirning agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlanishi kutilmoqda.

Deputat Rasul Kusherbayevning xabar qilishicha, bugun O‘zLiDeP fraksiyasida Bosh vazir tavsiyasiga asosan Buxoro viloyati hokimi vazifasida ishlab kelgan O‘ktam Isayevich Barnoyevni Bosh vazirning agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tasdiqlash masalasi ko‘rib chiqildi. 

Fraksiya a'zolari O‘zLiDeP a'zosi bo‘lgan O‘ktam Barnoyev nomzodini ushbu lavozimga ma'qullash haqidagi qarorni tasdiqlashgan. 

Endilikda nomzod Qonunchilik palatasining yalpi majlisida tasdiqlash masalasi ko‘rib chiqiladi. Deputatlar tasdig‘idan keyin Barnoyev prezident farmoni bilan hukumat a'zoligiga tayinlanishi mumkin.

O‘ktam Barnoyev 2016 yilning dekabridan buyon Buxoro viloyatiga hokimlik qilib kelmoqda. U 2008 yilning aprelidan 2010 yilning dekabrigacha Samarqand viloyati hokimi lavozimida faoliyat yuritgan. Undan oldin Qishloq va suv xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari bo‘lgan.

Bundan oldinroq prezidentning «O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi faoliyatini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaroriga binoan hukumat ijro etuvchi tuzilmasida o‘zgarishlar ro‘y bergan, hujjat bilan bosh vazirning agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimi joriy etilgandi.

Mavzuga oid