O‘zbekiston | 12:18 / 27.02.2020
11944
7 daqiqa o‘qiladi

Sanitariya qoidalariga rioya etish bo‘yicha tekshirishlarni o‘tkazish tartibi e'lon qilindi

Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga rioya qilinishi bo‘yicha tekshirishlarni o‘tkazish tartibi tasdiqlanadi

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga rioya qilinishi bo‘yicha tekshirishlarni o‘tkazish tartibi to‘g‘risida nizomni tasdiqlash haqida”gi hujjat loyihasi e'lon qilindi.

Nizomga ko‘ra, davlat inspeksiyasi, boshqarmalar va ularning filiallari tomonidan sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga rioya qilinishi bo‘yicha tekshirishlarni o‘tkazish quyidagi shakllarda amalga oshiriladi:

tadbirkorlik sub'yektlarda:

tekshiruvlarni elektron ro‘yxatga olish yagona tizimida ro‘yxatdan o‘tkazish orqali vakolatli organni xabardor etish tartibida o‘tkaziladigan tekshiruvlar;

vakolatli organ bilan kelishilgan holda tadbirkorlik sub'yektlari faoliyatida o‘tkaziladigan tekshiruvlar;

tadbirkorlik sub'yekti hisoblanmaydigan yuridik va jismoniy shaxslarda:

rejali tekshirish;

rejadan tashqari tekshirish;

nazorat tartibida tekshirish.

Tekshiruvlarni elektron ro‘yxatga olish yagona tizimida ro‘yxatdan o‘tkazish orqali vakolatli organni xabardor etish tartibida o‘tkaziladigan tekshiruvlar va rejali tekshiruvlar belgilangan tartibda tasdiqlangan tekshirishlarning yillik reja-jadvali (grafik)ga muvofiq amalga oshiriladi.

Filiallar tomonidan tekshirish rejalashtirilayotgan yildan oldingi yilning 15 noyabrigacha bo‘lgan muddatda tekshirishlar rejasi loyihasida yuridik va jismoniy shaxslarning to‘liq nomi, soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami, manzili, faoliyat turi, tekshirish davriyligini aniq ko‘rsatgan holda boshqarmalarga ko‘rib chiqish va tasdiqlash uchun taqdim etiladi.

Agar qonun hujjatlarida boshqa muddat belgilanmagan bo‘lsa, boshqarmalar tomonidan keyingi yil uchun tekshirishlar rejasi Davlat inspeksiyasi bilan kelishilgan xolda 15 dekabrga qadar tasdiqlanadi. Tasdiqlangan tekshirishlar rejasi 20 dekabrga qadar Internet jahon axborot tarmog‘idagi rasmiy veb-saytlariga joylashtiriladi.

Yuridik va jismoniy shaxslarning tekshirishlar rejasi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda boshqa organ yoki tashkilotlar bilan kelishiladi.

Tekshiruvlarni elektron ro‘yxatga olish yagona tizimida ro‘yxatdan o‘tkazish orqali vakolatli organni xabardor etish tartibida o‘tkaziladigan tekshiruvlar tekshiruv o‘tkazish yuzasidan tasdiqlangan tekshirishlar rejasi Yagona tizimga kiritilgandan so‘ng amalga oshiriladi.

Yuridik va jismoniy shaxslarni faoliyatini tekshirish davriyligi, belgilangan muddatlarda bir martadan ortiq tekshirish o‘tkazilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Tasdiqlangan tekshirishlar rejasiga boshqarmalar tomonidan Davlat inspeksiyasi bilan kelishilgan holda belgilangan tartibda o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilishi mumkin.

Quyidagi hollarda yuridik va jismoniy shaxslar tekshirishlar rejasiga kiritilmaydi:

tekshirish uchun belgilangan muddatlar inobatga olinmagan bo‘lsa;

tekshirishlar rejasini shakllantirish qoidalari buzilgan bo‘lsa;

tugatilgan yoki tugatish jarayonida bo‘lsa.

Vakolatli organ bilan kelishilgan holda tadbirkorlik sub'yektlari faoliyatida o‘tkaziladigan tekshiruvlar:

jismoniy va yuridik shaxslarning qonun hujjatlari buzilishi holatlari haqidagi murojaatlari asosida;

tadbirkorlik sub'yektlari faoliyatida o‘tkazilgan “xavfni tahlil etish” natijalari asosida;

ommaviy axborot vositalari yoki Internet jahon axborot tarmog‘idagi manbalarda sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga doir qoidabuzarliklar to‘g‘risidagi ma'lumotlar e'lon qilinganda;

inson hayoti va sog‘lig‘i uchun xavfli omillarning paydo bo‘lishi, sanitariya-epidemiologik vaziyat murakkablashishi, favqulodda vaziyatlar vujudga kelganda shuningdek, boshqa mamlakatlardan yuqumli o‘ta xavfli va karantin kasalliklar kirib kelishi va tarqalishi ehtimoli mavjud bo‘lganda o‘tkaziladi.

Bunda jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlarining anonim emasligi hamda tekshiruv o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan tadbirkorlik sub'yektining amalda faoliyat ko‘rsatayotganligi dastlab o‘rganib chiqilishi lozim.

Rejadan tashqari tekshirishlar:

jismoniy va yuridik shaxslarning qonun hujjatlari buzilishi holatlari haqidagi murojaatlari asosida;

o‘tkazilgan “xavfni tahlil etish” natijalari asosida;

ommaviy axborot vositalari yoki Internet jahon axborot tarmog‘idagi manbalarda sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga doir qoidabuzarliklar to‘g‘risidagi ma'lumotlar e'lon qilinganda;

inson hayoti va sog‘lig‘i uchun xavfli omillarning paydo bo‘lishi, sanitariya-epidemiologik vaziyat murakkablashishi, favqulodda vaziyatlar vujudga kelganda shuningdek, boshqa mamlakatlardan yuqumli o‘ta xavfli va karantin kasalliklar kirib kelishi va tarqalishi ehtimoli mavjud bo‘lganda;

qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa hollarda o‘tkaziladi.

Yuridik va jismoniy shaxslar o‘z faoliyatini tekshirishni so‘rab murojaat etgan taqdirda, qo‘zg‘atilgan jinoyat ishlari doirasida o‘tkaziladigan tekshirishlar davlat inspeksiyasi va uning hududiy bo‘linmalari tomonidan amalga oshiriladi.

Vakolatli organ bilan kelishilgan holda tadbirkorlik sub'yektlari faoliyatida o‘tkaziladigan tekshiruvlar tadbirkorlik sub'yektlarida belgilangan tartibda vakolatli organ bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi.

Tadbirkorlik sub'yekti hisoblanmaydigan yuridik va jismoniy shaxslarda rejadan tashqari tekshirishlar Davlat inspeksiyasi bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi.

Vakolatli organ bilan kelishilgan holda tadbirkorlik sub'yektlari faoliyatida o‘tkaziladigan tekshiruvlarni kelishish Davlat inspeksiyasi yoki boshqarmalar tomonidan belgilangan tartibda yuboriladigan buyurtma asosida amalga oshiriladi.

Buyurtmaga jismoniy yoki yuridik shaxsning sanitariya-epidemiologik osoyishtalik sohasida qonun buzilish holatlari haqidagi murojaati nusxasi, “xavfni tahlil etish” tizimi orqali aniqlangan qonunbuzilish holati bo‘yicha batafsil ma'lumot hamda tekshiruv dasturi ilova qilinadi.

Tekshiruv dasturi ushbu murojaatda ko‘rsatilgan holatlar yoki “xavfni tahlil etish” tizimi orqali aniqlangan qonunbuzilishlar doirasida tuziladi hamda tegishligicha Davlat inspeksiyasi boshlig‘i yoki boshqarmalar boshliqlari tomonidan tasdiqlanadi.

Nazorat tartibidagi tekshirishlarni o‘tkazish tadbirkorlik sub'yekti hisoblanmaydigan yuridik va jismoniy shaxslarda ilgari o‘tkazgan tekshirish natijalari to‘g‘risidagi dalolatnomada belgilangan holatlar bo‘yicha berilgan taqdimnoma (taklif)da ko‘rsatilgan muddatlarda boshqarmaning buyrug‘i asosida 1 kalendar kundan oshmagan muddatda amalga oshiriladi.

Nazorat tartibida tekshirishlar o‘tkazishga to‘sqinlik qilinishi mumkin emas.

Tekshiruvlarni elektron ro‘yxatga olish yagona tizimida ro‘yxatdan o‘tkazish orqali vakolatli organni xabardor etish tartibida o‘tkaziladigan tekshiruvlar 1 kun muddatda, vakolatli organ bilan kelishilgan holda tadbirkorlik sub'yektlari faoliyatida o‘tkaziladigan tekshiruvlar 1 kundan 10 kungacha, tadbirkorlik sub'yekti hisoblanmaydigan yuridik va jismoniy shaxslarda tekshirishlar muddati 10 kundan oshmasligi kerak.

Tekshiruv muddatini ko‘chirish va uzaytirish tekshiruv o‘tkazishni kelishish uchun belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

Mavzuga oid