Sport | 15:53 / 04.03.2020
23186
7 daqiqa o‘qiladi

«Real»ning yangi nishoni: Holand haqida 10ta fakt

Erling Holand yangi davrning yulduzi, haqiqiy robot, mukammal sportchi. Uning avvaliga «Zalsburg», keyin «Borussiya»dagi natijalari butun futbol olamining e'tirofiga sazovor bo‘lmoqda. Tabiat tomonidan in'om etilgan jismoniy ko‘rsatkichlar to‘g‘ri munosabat va mehnat natijasida mukammal ko‘rinishga kelmoqda va raqiblar uchun eng xavfli qurolga aylanyapti.

Foto: Federico Guerra Moran/NurPhoto via Getty Images

Rossiyalik taniqli sharhlovchi Vasiliy Utkin uning Dortmunddagi natijalari haqida o‘ziga xos fikrlarni aytgandi: «Holandning «Borussiya»dagi o‘yinlari kurort sevgisiga o‘xshaydi. Har ikki taraf ham ma'lum vaqtdan keyin ayrilishlarini bilishadi, baribir Holand erta-indin yanada kuchliroq klubga o‘tadi, baribir Dortmund bunga xalaqit qila olmaydi. Va shu vaqtinchalik munosabatlarda ikki taraf ham hech qanday bosimsiz, qachondir ro‘y berishi mumkin bo‘lgan ayriliq qo‘rquvisiz zavq olishmoqda. Holand gollar uryapti, «Borussiya» esa, uning yordamida g‘alabalar qozonyapti».

Erling Holandning «Borussiya»dagi davri kutilganidan ham ancha tez tugaydiganga o‘xshaydi. U hech qanday moslashuv jarayonisiz nemislar klubi raqiblari darvozalariga gollarni qalashtirmoqda. 7 o‘yinda 11 gol urishga ulgurgan hujumchi har qanday ma'noda top futbol namoyish etmoqda. Benzemaning o‘rniga futbolchi qidirayotgan va Yovichdan hafsalasi pir bo‘lgan «Real» esa uni iloji boricha tezroq o‘z safiga qo‘shib olish payiga tushdi. Katta ehtimol bilan, kelayotgan yozdayoq «Qirollik klubi» ushbu futbolchi transferini amalga oshirishga urinib ko‘radi.  

OAVda 19 yoshiga kelib professional futbolda urgan gollari sonini 60dan oshirgan, Chempionlar ligasidagi ilk mavsumidayoq 10ta gol bilan to‘purarlik uchun kurashayotgan ushbu futbolchi nomi «Real» bilan bog‘lanmoqda. Madridliklar endi yozda Kilian Mbappeni emas, aynan Holandni sotib olishga qaror qilgani haqida aytilmoqda.

Qizig‘i, «Real» ixtiyorida yana bir norvegiyalik futbolchi bor va siz uni ham yaxshi bilasiz. Bir necha yillar oldin katta shov-shuv bilan olib kelingan Martin Edegorga 16 yoshligida grand klubning asosiy tarkibiga kirishga hali erta edi va u so‘nggi yillarda ijarada chiniqdi. U shu mavsumda Ispaniyaga qaytib, «Sosedad» klubi safida to‘p surayotgan Edegor, ayni paytda, La Liganing eng yaxshi yarimhimoyachisi bo‘lib turibdi. Yaqin kelajakda «Real»ning asosiy kuchi Norvegiyadan kelgan tandemdan iborat bo‘ladi, deb bemalol taxmin bildirish mumkin.

Quyida e'tiboringizga Erling Holand haqidagi o‘nta faktni havola qilinadi.

Foto: Instagram/erling.haaland

1. Holand irsiy tomondan ham havas qilsa arzigulik. Uning otasi – «Nottingem Forest», «Lids» va «Manchester Siti» kabi jamoalarda to‘p surgan sobiq futbolchi. Onasi – yengil atletikachi, Norvegiya chempioni.

2. Holand besh yoshidan futbol o‘ynashni boshlagan. O‘shandayoq u uzoqqa sakrash bo‘yicha o‘z yoshidagilar ichida jahon rekordini o‘rnatishga muvaffaq bo‘lgan. 1,63 santimetrlik masofa hamon yangilanmay kelmoqda.

3. Holandning jismoniy tomondan baquvvat va universal bo‘lishining yana bir sababi, u 14 yoshgacha boshqa, masalan, handbol, chang‘i, mini-golf va yengil atletika kabi sport turlari bilan ham jiddiy shug‘ullangan.

4. Holandning sobiq jamoadoshlarining aytishicha, ular dam olish soatlarida bekorchilik bilan yoki qarta o‘ynash bilan shug‘ullanganlarida, Holand diyeta va uyquni yaxshilash borasida turli maqolalarni o‘qib o‘tirar ekan.

5. 15 yoshgacha Holand jamoada eng kichkina futbolchi bo‘lgan. Keyin esa, birdaniga o‘sib ketadi. 2015 yilda 11-12 sm, 2016 yilda esa 5 santimetrga. O‘n yetti yoshida esa unda katta erkakning gavdasi bor edi. Ammo yuzi hamon o‘smirlardek bo‘lgani uchun Holandga Manchild, ya'ni, «erkak-bola» laqabini berishgandi.

Foto: skyspors.com

6. Uning birinchi murabbiyi Inge Bernsten aytadi: «Uning bolaligida kichkina, bo‘yi past bo‘lgani keyinchalik, foydasiga ishladi. 11-13 yoshlarida u maydonda aqlli o‘ynash orqali jismoniy kamchiliklarini yopishga urinardi. U o‘sib, katta bo‘lib ketganidan keyin ham, futbol intellekti saqlanib qoldi. Shuning uchun u hozir ham aqlli harakat qiladi va o‘yinni tushunadi».

7. 2017 yilda Holandning bo‘yi baland bo‘lgani bilan, ancha nozik edi. O‘sha paytlari u Sulsher boshchiligidagi «Molde» safiga qo‘shiladi. Sulsher u yaxshi ovqatlanib, zalda shug‘ullanishga majbur qildi. Holand 6 oyda 15 kilo vazn oldi, lekin bu asosan mushak vazni edi.

8. Do‘stining aytishicha, Holand oqshomlari telefon yoki televizordagi ko‘k rangni filrlaydigan maxsus ochki taqib oladi. Bu melatonin, ya'ni uyqu garmonlarini yaxshilab, yaxshi uxlashga va organizmni tiklashga yordam berar ekan.

9. Otasi Holandning diyetasi sirlarini ochdi. Ma'lum bo‘lishicha, u Krishtianu Ronalduning diyetasi va rejimini ko‘chirib olgan ekan - bir kunda olti turdagi taom yeyish, ularning ichida albatta, makaron va tovuq bo‘lishi kerak. Va taomlarning birortasida ham tuz qo‘shilmaydi.

10. «PSJ»ga qarshi o‘yinda Holand 60 metrni 6,64 sekundda bosib o‘tdi va jahon rekordini yangilashiga sal qoldi. Professional yengil atletikachilarning bu masofadagi rekordi 6,34 sekundni tashkil qiladi. O‘z tezligini Holand irsiyat bilan bog‘laydi. «Onam yengil atletika bilan shug‘ullangan. Ha, menimcha, tezligim onam va otamdan o‘tgan».

Yuqoridagi Vasiliy Utkinning fikrlariga hamohang ravishda, aynan ushbu sharhlovchining Holand haqidagi boshqacharoq, biroz mistik qarashlari bilan yakunlaymiz: «Messi va Ronaldu davri o‘z yakuniga yetmoqda. Dunyo ularning o‘rniga yangi davr yulduzlarini kutish bilan ovora. Holand o‘sha yulduzmi? Menimcha, yo‘q. U – yaqqol hujumchi, demak baribir qanday o‘yin ko‘rsatishi jamoadoshlariga bog‘liq bo‘lib qolaveradi. Cho‘qqida esa, har qanday sharoitda yaraqlab turadigan yulduz bo‘lishi kerak. Xo‘p, Holandning vazifasi nimada? Bu qandaydir ertaklarga o‘xshaydi, o‘sha Ronaldu va Messining darajasiga olib chiqadigan eshikni buzib yuborish uchun ham xuddi Holand kabi, kuchli, baquvvat, robottaqlid bir futbolchi kerak edi. Holand mana shu muhim vazifani bajarish uchun keldi».

Q.Aslanov tayyorladi

Mavzuga oid