O‘zbekiston | 21:47 / 06.03.2020
114722
3 daqiqa o‘qiladi

Otalikni aniqlash bo‘yicha DNK ekspertizasini o‘tkazish narxi ma'lum qilindi

5 mart kuni respublika sud ekspertiza markazi rahbariyati ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida DNK ekspertizasi qay tartibda tayinlanishi, ekspertiza jarayonida nimalar aniqlanishi, xizmat haqi kabi masalalar yuzasidan ma'lumot berildi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

Markazning laboratoriya mudiri Dilobar Ahmedovaning aytishicha, DNK ekspertizasi tergov organlarining qarori hamda sudning ajrimiga, shuningdek, fuqarolarning o‘z ixtiyoriga ko‘ra bergan arizasiga asosan tayinlanadi.

Tergov va jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarning hujjatlari bilan tayinlangan ekspertizalar bepul, fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar va jismoniy shaxslarning arizalariga ko‘ra tayinlangan ekpertizalar to‘lov asosida o‘tkaziladi.

Tadqiqotlarning narxi ularning murakkablik darajasi va taqdim qilinayotgan obektlarning soniga qarab belgilanadi.

«Hozirgi kundagi tarifga asosan, oddiy DNK ekspertizasining narxi 2 083 707 so‘mni tashkil etadi. O‘rtacha murakkablikdagi tadqiqotlarning narxi 4 021 189 so‘m, murakkab ekspertizalar uchun belgilangan to‘lov esa 6 mln.dan ziyod.

Otalikni aniqlash bo‘yicha DNK ekspertizasi oddiy turdagi tadqiqot hisoblanadi. Bunda bir nafardan besh nafargacha shaxs namunasi taqdim qilinishi kerak. Shunda, bunday ekspertiza uchun 2 083 707 so‘m olinadi.

Agar olti va undan ortiq shaxslarning namunalari o‘rganiladigan bo‘lsa, masalan, yetti farzand va ota-onaning DNK namunalari tadqiq qilinsa, buning uchun 6 milliondan ko‘proq to‘lov qilishga to‘g‘ri keladi.

Bundan tashqari, ekspertizalar tadqiqot obektlariga ko‘ra ham farqlanadi. Ya'ni kam xarajat talab qiladigan biologik obektlar bor. Bular qon va so‘lak namunalaridir. Ushbu tadqiqot obektlari asosida o‘tkaziladigan ekspertizalar uchun 2 083 707 so‘m undiriladi. Agar soch, qo‘l terisi bilan birga olingan tirnoqlar tadqiq qilinsa, buning narxi 4 021 189 so‘m bo‘ladi.

Murakkab turdagi ekspertizalar eksgumatsiya qilingan jasadning suyak namunalari asosida o‘tkaziladi. Bunday ekspertizalar markazimizda deyarli o‘tkazilmaydi. Faqatgina tergov jarayonida bunday ekspertizalarga ehtiyoj tug‘ilishi mumkin. Markazimizda o‘tkaziladigan ekspertizalarning aksariyati oddiy, ba'zi bir holatlarda o‘rtacha murakkablikdagi tadqiqotlardir», deydi u.

Dilobar Ahmedova

Ta'kidlanishicha, sud ekspertizasining hajmi va murakkabligiga, shuningdek, sud ekspertining ish hajmiga qarab kam obektli va murakkab bo‘lmagan tekshiruv o‘tkazishga doir materiallar bo‘yicha 10 kungacha, ko‘p obektli yoki murakkab tekshiruvlar o‘tkazishga doir materiallar bo‘yicha 20 kungacha, ko‘p obektli va murakkab tekshiruvlar o‘tkazishga doir materiallar bo‘yicha 30 kungacha bo‘lgan muddat talab etiladi.

Bu muddatlar Sud ekspertiza muassasalarida sud ekspertizasini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnoma bilan belgilangan.

Mavzuga oid