O‘zbekiston | 18:35 / 09.03.2020
30923
3 daqiqa o‘qiladi

«Cho‘rindi» mahallasi, «Chivintepa» qishlog‘i, «Sirli tabassum» ko‘chasi. Bosh vazir bo‘lar-bo‘lmas nomlar qo‘yilishini tanqid qildi

O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov ishtirokidagi yig‘ilishda respublika bo‘yicha 300dan ziyod qishloq va mahallalarning, 400ga yaqin ko‘chaning eski, sovetlar davriga xos yoki biror mantiqsiz, tushunarsiz nomlari haligacha saqlanib qolayotgani tanqid qilindi.

Bugun, 9 mart kuni Vazirlar Mahkamasida Bosh vazir Abdulla Aripov raisligida ko‘cha va aholi punktlarini nomlash, peshlavhalar, reklama va e'lonlarning davlat tilida berilishi singari masalalar muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

«Hurmatli hokimlar, endi shu joylarda yashaydigan odamlar, masalan, yoshlar o‘rniga o‘zingizni qo‘yib ko‘ring. Sizdan qishlog‘ingiz yoki ko‘changiz haqida so‘rab qolsa, qanday javob bergan bo‘lardingiz?

«Cho‘rindi» mahallasining «Sirli tabassum» ko‘chasidanman, «Chivintepa» qishlog‘ining «Alam» ko‘chasidanman deysizmi?

Tilimizda bir-biridan chiroyli, ma'nolari keng so‘zlar ko‘pku?! Qolaversa, har bir mahallaning tarixi, iqlimini aks ettiradigan nom qo‘yish mumkin edi-ku?! Og‘izga kelgan gapni vaysagandek, bo‘lar-bo‘lmas nomlar qo‘ygandan ko‘ra.

Nahotki, ushbu mahallalarning shulardan boshqa maqtanadigan, ko‘z-ko‘z qilishga arziydigan jihati bo‘lmasa. Borligi shubhasiz! Buni o‘sha joy aholisidan so‘rasangiz qatorlashtirib aytib beradi», deya bosh vazirning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Shuningdek, hukumat rahbari joylarni nomlash nozik masala ekani, bunga jiddiy e'tibor qaratish lozimligini qayd etgan, hokimlarni bu sohada qonun hujjatlariga qat'iy rioya qilishga chaqirgan.

«Gap mahalliy hokimliklar, hududiy komissiyalarning «yetadi, endi bu nomni o‘zgartiramiz» deb, amaliy harakatni boshlashida qolgan.

Joylarni nomlash nozik masala. Bunga jiddiy e'tibor qaratishimiz lozim. Bu sohada qonun hujjatlariga qat'iy rioya qilinishi shart. Mahalliychilik, oshna-og‘aynigarchilik, xizmat martabasini suiiste'mol qilishga yo‘l qo‘ymaslik shart va zarur.

Odamlarning ismlari bilan, shuningdek tarixiy voqealar sharafiga nomlash va qayta nomlash sohasida belgilangan cheklovlarga rioya qilinishini ta'minlashimiz lozim bo‘ladi», deya ta'kidlagan bosh vazir.

Eslatib o‘tamiz, prezident Shavkat Mirziyoyevning «O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeyini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» 2019 yilning 21 oktyabrdagi qaroriga muvofiq joylarda davlat tilida ish yuritish uchun alohida maslahatchi lavozimi joriy etilgan edi.

Mavzuga oid