O‘zbekiston | 20:00 / 09.03.2020
21386
4 daqiqa o‘qiladi

Jizzaxdagi ko‘pqavatli uy qurilishida armaturasiz plitalar ishlatilgani haqidagi xabarga izoh berildi

2019 yil oxirida Jizzax viloyati Do‘stlik tumanidagi 5 qavatli uylar qurilishida tarkibida armatura bo‘lmagan plitalardan foydalanilgani aytilgan video tarqalgan edi. Qurilish vazirligining Qurilishda standartlashtirish respublika markazi rahbari Saidaslam Xo‘jayev 9 mart kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida holat yuzasidan izoh berdi.

Uning aytishicha, plitalarda turlicha armaturalar ishlatiladi. Muhokamalarga sabab bo‘lgan Jizzaxdagi holatda esa simli armaturadan foydalanilgan. Plitalarning sinib yotishiga esa ular noto‘g‘ri taxlangani sabab bo‘lgan.

«Ko‘p gap-so‘zlar temir-beton buyumlarini to‘g‘ri tushunmaganlikdan bo‘lyapti.

Beton – mo‘rt narsa. Uni binoning konstruksiyasida ishlatish uchun uning tarkibida temir bo‘lishi shart. Seysmik faol hududda joylashganimiz uchun qurilishda ishlatiladigan plitalarga qo‘yiladigan tegishli talablar bor. Ya'ni ikkitadan to‘rtda «armaturali panjara» chiqishi kerak, yon tomonlarida bo‘ylamasi bo‘yicha shponlari bo‘lishi kerak. Shundagina plitalar binoning seysmik mustahkamligini ta'minlab beradi.

Plitalarda har xil armatura ishlatiladi. Odamlar o‘rganib qolgan sterjenli armaturadan tashqari yuqori mustahkamlikka ega simli, arqonli armaturalar ishlatiladi. Bilmagan odam boshqacha armatura ishlatilgan plitalarni ko‘rganda unga armatura ishlatilmagan deb o‘ylaydi. Bunga ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videodagi holat ham misol bo‘ladi.

Vaholanki, videoda ko‘rsatilgan sinib yotgan beton plitasida simli armatura ishlatilgani yaqqol ko‘rinib turibdi. Agar armatura ishlatilmagan bo‘lsa, uni zavoddan qurilish obektigacha olib kelib bo‘lmaydi», – deya tushuntirdi Xo‘jayev.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda ko‘rsatilgan joy – Jizzax viloyati Do‘stlik tumanidagi qurilish obektiga Qurilish vazirligi mutaxassislari borib, barcha plitalarning sifatini o‘rganib chiqqan.

O‘rganish davomida plitalarda armaturalar ishlatilgani, lekin bir xil miqdorda emasligi va boshqa bir qator kamchiliklar aniqlangan.

«Qurilish obektiga ikki xil markali armatura keltirilishi kerak, videoda ko‘rsatilgan qurilish obektiga esa har xil markali armaturalar olib kelingan. Bunga mahsulotlarni qabul qilib olgan qurilish tashkiloti ham e'tibor bermagan.

Plitalarning sinib yotganiga kelsak, bu – ishchilar qurilish mahsulotlarini noto‘g‘ri taxlashgani oqibatida yuzaga kelgan.

Obektdagi hamma plitalar o‘rganib chiqildi. Aniqlandiki, binoning seysmik mustahkamligini ta'minlaydigan ishlar bajarilmagan. Ya'ni «armaturali panjara» qilinmagan, yon tomonlarida shponlari chiqarilmagan.

Bundan tashqari, plitaning tepa qismida «montaj armaturasi» bo‘lishi kerak, Jizzaxdagi plistalarda ana shu narsa qo‘yilmagan. Bundan kelib chiqadiki, ishlab chiqaruvchi barcha talablarni bajarmagan», – dedi Qurilishda standartlashtirish respublika markazi rahbari.

Ta'kidlanishicha, qurilish materiallarini sinovdan o‘tkazish uchun barcha talablarga javob beradigan mahsulotlar olib kelinadi, lekin obektlarda ishlatiladigan mahsulotlarning barchasi ham belgilangan talablarga birday javob bermayapti.

Saidaslam Xo‘jayevning aytishicha, qurilish materiallarini ishlab chiqaruvchi har bir korxonada laboratoriya bo‘lishi kerak.

«Lekin bugungi kunda aksariyat ishlab chiqaruvchilar bunday imkoniyatga ega emas, shartnoma asosida boshqa tashkilotlarning laboratoriyalaridan foydalanib kelishmoqda. Bu esa mahsulotlarning qurilish standartlari talablariga javob berishini nazorat qilishda muammolarni keltirib chiqarmoqda», – dedi mutasaddi.

Mavzuga oid