Koronavirus ko‘lankasi Samarqandda un va kartoshkani eng xaridorgir mahsulotga aylantirdi
Koronavirus O‘zbekistonga kirib kelganining birinchi kunida do‘konlarda odamlar birlamchi ehtiyoj mahsulotlarini sotib olishga zo‘r berishdi. Jumladan, samarqandliklar ham. Ammo keyingi kun bu borada hammasi o‘z iziga tushgandek ko‘rindi. Hal holda Samarqand shahridagi do‘konlarda odam gavjum emasdi.
Ammo viloyatning turli hududlarida, jumladan shaharning ayrim joylarida ham un va kartoshkaga bo‘lgan ehtiyoj juda yuqori. Qizig‘i, shahar markazidagi bozor va do‘konlarda kartoshka serob va 4-5 ming so‘mdan sotilayotgan bo‘lsa-da, odamlar ko‘p boradigan «Yangi bozor»da kartoshka topish qiyin bo‘ldi. Bu maskanda alohida ulgurji meva-sabzavot bozori bor va ko‘proq sabzavot olmoqchi bo‘lganlar uchun narxlar shahardagidan doimo arzon yurgan. Tushdan keyin bozorda faqat bir yerda kichikroq kartoshka 2500 so‘mdan sotilayotgan edi. Lekin kartoshka so‘rab kelgan odam ham ko‘rinmadi.
+
Sotuvchining aytishicha, kunning birinchi yarmida Rossiyadan olib kelingan qora kartoshka 7 ming so‘mdan sotilgan. Narx odatdagidan qimmat bo‘lsa-da, kartoshka sotilib ketgan. Sotuvchiga ko‘ra, ular kartoshkaning ustiga odatdagidek qo‘yib sotishmoqda, shunchaki «optom»chilar, ya'ni kartoshkaning katta miqdordagi qismini ushlab turganlar narxni ko‘tarib yuborgan.
Bozordan ozroq o‘tgach, mahallaning ichida yuk mashinasida 4000 so‘mdan kartoshka sotilayotganini ko‘rdik. Ammo odamlar qop-qop kartoshka sotib olayotgani ko‘ngilni xira qiladi. Aslida, mana shunday keragidan ortiq xaridlar bozorlarda tanqislikni keltirib chiqaradi. Bozorda piyoz savdosi ham avjida, uning bir kilosi 2000-2200 so‘mdan sotilmoqda.
Samarqand shahar sanitariya epidemologiya osoyishtalik markazi rahbarining aytishicha, shahardagi barcha jamoat joylari progrin suyuqligi bilan dezinfeksiya qilinmoqda.
SEOM vakillari ishchilar yetishmayotganini aytishdi. Ular ertalabdan kechgacha ishlab, ko‘chalardagi jamoat transportlarini ham imkon qadar dezinfeksiya qilishmoqda. Mutaxassislar aytishicha, progrinni mustaqil tarzda tayyorlab ham dezinfeksiya uchun ishlatish mumkin. Shuningdek, xlor yordamida tozalash ham foydali ekanini aytishdi.
Xullas, Samarqandda shunaqa gaplar. Umid qilamiz, virus yaqin kunlarda to‘liq bartaraf etiladi, uni yuqtirganlar shifo topadi va hamma odatiy hayot tarziga qaytadi.
Buning uchun hammani eng avvalo xotirjam bo‘lishga chorlab qolamiz...
O‘tkir JALOLXONOV tayyorladi
Tasvirchi va montajchi: Faxriddin HOTAMOV
Mavzuga oid
08:10 / 21.11.2024
Shavkat Mirziyoyev Samarqand viloyatini rivojlantirish yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi
08:51 / 20.11.2024
To‘rt tumanda 614 mln so‘mlik elektr va gazdan noqonuniy foydalanilgani aniqlandi
13:49 / 14.11.2024
Samarqandda o‘quvchi avtobus urib yuborishi oqibatida halok bo‘ldi
09:28 / 08.11.2024