Koronavirus ta'siri: Toshkent shahri bozorlari va dorixonalarda vaziyat qanday?
Koronavirus tufayli Toshkent bozorlarida vahima ko‘zga tashlangani yo‘q. Narx-navolar keskin ko‘tarilmagan. Ammo dorixonalarning aksariyatida tibbiy niqoblar, antiseptik va antibakterial vositalar, 70 foizlik spirt yo‘q.
O‘zbekiston hukumati koronavirus tufayli 16 martdan mamlakat bo‘ylab karantin joriy qilgani bois, oziq-ovqat mahsulotlari hamda shaxsiy gigiyena vositalari, ayniqsa, tibbiy niqoblar va antiseptik vositalar narxi ko‘tarilishiga yo‘l qo‘yilmasligini ma'lum qilgandi.
Kun.uz muxbiri bozorlarda narx-navo yuzasidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish, dorixonalarda tibbiy vositalar mavjudligini o‘rganish maqsadida shahar aylandi.
Ta'kidlash o‘rinliki, bozorlardagi xaridorlar birmuncha ko‘paygan. Shu bilan birga, ular ma'lum turdagi mahsulotlarni keragidan ortiqcha sotib olayotgani ko‘zga tashlanmadi. Ularning aksari odatdagi kabi ro‘zg‘or uchun bozorlik qilmoqda.
«Farhod», «Chorsu», «Tansiqboyev» va «Yunusobod» dehqon bozorlaridagi kuzatishlar natijasida o‘rtacha narx-navo borasida quyidagilarni ayta olamiz:
Mol go‘shti – 1 kg – 50-55000 so‘m
Qo‘y go‘shti – 1 kg – 60-65 000 so‘m
Tuxum – 30 dona – 16500-27000 so‘m
Yog‘ – 5 litr – 46-62 000 so‘m
Kartoshka – 1 kg – 1800-4500 so‘m
Piyoz – 1 kg – 3000-3500 so‘m
Sabzi – 1 kg – 1500-3000 so‘m
Sarimsoq piyoz – 1 kg – 50 000-55 000 so‘m (1 boshi 3 000 so‘m)
Ko‘ksarimsoq piyoz – bir bog‘i 5-8 000 so‘m
Ko‘kpiyoz – 1 bog‘i 1000-1500 so‘m
Limon – 1 kg – 13-22 000 so‘m
Olma – 1 kg – 10 000-22 000 so‘m
Banan – 1 kg – 15000-22000 so‘m
Guruch – 1 kg – 5000-12000 so‘m
Un – 1 kg – 3500-6000 so‘m
Isiriq – (1 bog‘i yoki maydalangani katta kichikligiga ko‘ra) 4-10 ming so‘m.
Shahar dorixonalarida esa karantin munosabati bilan talab yuqori bo‘lgan mahsulotlar – tibbiy niqoblar, antiseptik va antibakterial vositalar (gellar va 70 foizlik spirt) tanqis bo‘lib qolgan.
Aksariyat dorixonalarda bunday zaruriy vositalar yo‘q. Shaharning turli nuqtalaridagi 15dan ortiq dorixonalarga kirilgan bo‘lsa, shundan faqat ikkitasida niqob (birida marlidan tikilgani va bir martalik niqoblar bor edi, ikkinchisida qora matodan tikilgan niqob) xarid qilish imkoni bo‘ldi. 2ta dorixonada 70 foizlik spirt bor edi, qolganida na niqob va spirt, na antiseptik vositalari topildi.
Aksariyat dorixonalarda yana bir antiseptik vosita – dekosanning 200 grammi 30 ming, 400 grammi 52 ming so‘mdan sotilayotgan edi.
Shu bilan birga, aksar dorixonalardagi sotuvchilar, odamlar niqoblar va antiseptik vositalar, spirtni ertalabdan navbatda turib xarid qilib ketishgani, shuning uchun kunning ikkinchi yarmiga kelganida bu vositalar qolmaganini qayd etishdi.
O‘rganishlar davomida fuqarolarning bozorlardagi narx-navo xususidagi fikrlarini ham so‘radik. Ularning aksariyati, narxlarda o‘zgarish bo‘lganini unchalik sezishmagani, faqat ayrim mahsulotlar narxida biroz oshish kuzatilganini ta'kidlashdi.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, bozorlarda narx-navolarda keskin ko‘tarilish ro‘y bergani yo‘q.
Mavzuga oid
18:52 / 23.11.2024
Prezident Toshkentda «Xushnud» mahallasi aholisi bilan uchrashdi
16:37 / 23.11.2024
Shavkat Mirziyoyev: Tadbirkor - iqtisodiyot poydevori, davlat tayanchi
10:51 / 23.11.2024
Toshkent aeroportida eshitish qobiliyati cheklangan shaxslar ish boshladi
17:02 / 22.11.2024