Jamiyat | 15:55 / 18.03.2020
33671
6 daqiqa o‘qiladi

Urgutdagi maktabda darsga kech qolgan o‘quvchilar surati Telegram’da nega tarqatildi?

Kun.uz tahririyatiga Samarqand viloyati Urgut tumanidan murojat qilgan bir guruh ota-onalarning aytishicha, tumanidagi 70-maktabda darsga kechikib kelgan yoki dars qoldirgan o‘quvchilarning suratlari Telegram messenjerida tarqatilgan.

Foto: KUN.UZ

70-maktab o‘qituvchilari maktab direktori va o‘rinbosari buyrug‘i bilan o‘quvchilarning davomatini nazorat qilish maqsadida Telegram’da ota-onalar guruhini ochishadi. Bu guruhda maktab direktori va o‘qituvchilar sababsiz darsga kechikib kelgan yoki dars qoldirgan o‘quvchilarning suratlarini e'lon qilib borishi ota-onalarning e'tiroziga sabab bo‘ladi.

Murojaatchilarning aytishicha, guruhda darsga kechikkan yoki dars qoldirgan 1-sinfdan 11-sinfgacha bo‘lgan barcha o‘quvchilarning suratlari e'lon qilib borilgan.

Ota-onalarni tashvishlantirayotgan holat shuki, maktab ma'muriyati tomonidan Telegram’dagi guruhda rasmi qo‘yilganidan keyin bolalar ruhiyatida salbiy o‘zgarish bo‘lmoqda.

Kun.uz holat yuzasidan izoh olish uchun maktab direktori va boshqa mutasaddilar bilan bog‘landi.

Maktab direktori Sherzod Sharopov haqiqatan ham Telegram’da guruh ochib, unda darsga kechikkan va dars qoldirgan o‘quvchilarning fotosuratlari berib borilayotganini tasdiqladi.

Direktordan bu ish qonunchiligimizga va bola huquqlariga oid xalqaro normalarga qanchalik to‘g‘ri kelishini so‘raganimizda, u davomat masalasida muammolar borligini va muammoni hal qilish uchun shu usuldan foydalanayotganini aytdi.

Shundan so‘ng, Urgut tuman Xalq ta'limi bo‘limi mudiri o‘rinbosari Elyor Po‘latov bilan bog‘landik. Uning aytishicha 70-maktab rahbariyatining bu ishidan xabari bo‘lmagan va tuman XTB tomonidan maktab direktorlariga bunday ko‘rsatma berilmagan. Elyor Po‘latov 70-maktab rahbariyatiga bu ish uchun tegishli choralar ko‘rilishini bildirdi.

Xalq ta'lim vazirligi matbuot kotibi, axborot siyosati masalalari bo‘yicha vazir maslahatchisi Anvar Umarovdan yuqoridagi holat bo‘yicha izoh oldik.

Vazirlik vakilining aytishicha, hududiy boshqarma va bo‘limlar, maktab direktorlariga ijtimoiy tarmoq yoki mesenjyerlarda guruh ochib darsga sababsiz kechikkan yoki dars qoldirgan o‘quvchilarning fotosuratlarini berib borish topshirig‘i berilmagan. A.Umarov Urgut tumanidagi 70-maktabda bu ish yuzasidan tegishli tartibda tekshiruv o‘tkazilishini ma'lum qildi.

Xo‘sh, bu borada qonunchiligimiz nima deydi?

«Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida»gi qonunning 4-moddasiga ko‘ra, bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta'minlash, bolaning kamsitilishiga yo‘l qo‘ymaslik hamda bolaning sha'ni va qadr-qimmatini himoya qilish bola huquqlarini himoya qilish bo‘yicha davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari hisoblanadi.

Ushbu mavzu yuzasidan soha vakillarining fikrlari bilan qiziqib, taniqli pedagog, Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumanidagi 65-ixtisoslashtirilgan davlat maktabi o‘qituvchisi Isroil Tillaboyev bilan bog‘landik.

«Bizda ham ota-onalar bilan doimo aloqada bo‘lib turish uchun Telegram’da guruh ochilgan. Guruhlar maktab miqyosida emas, ularga faqat sinfda o‘qiydigan o‘quvchilarning ota-onalari qo‘shilgan. Bu guruhlarda o‘quvchilarning fotosurati mutlaqo e'lon qilinmaydi, faqat davomat, o‘quvchilarning o‘zlashtirishi va boshqa ishlar ota-onalar bilan maslahatlashiladi.

Men ijtimoiy tarmoqlarda ota-onalar va sinf rahbarini bog‘laydigan tor doiradagi bunday guruhlar ochilishini qo‘llab-quvvatlayman. Sababi bunday guruhlar orqali o‘qituvchi ota-onalar bilan doimiy muloqotda bo‘ladi va bu ta'lim sifati hamda davomatga ijobiy ta'sir ko‘rsatadi.

Ammo maktabdagi barcha o‘quvchilarining ota-onalarini bitta guruhga jamlash, u yerda sababsiz darsga kechikkan va dars qoldirgan o‘quvchilarning suratlarini e'lon qilish bu – mutlaqo noto‘g‘ri ish. Shuningdek, bu qonunchiligimizga ham to‘g‘ri kelmaydi. Bnday ish boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga bilinmasligi mumkin, ammo o‘smir yoshdagi o‘quvchilarning ruhiyatiga salbiy ta'sir qilib oqibati ayanchli tugashi ehtimoli bor.

Shu mavzuda bir misol keltiraman. Men o‘z o‘quvchilarimni mental arifmetika bo‘yicha turli musobaqalarga olib boraman. Yaqinda ana shunday musobaqalardan birida tashkilotchilar tomonidan men musobaqaga olib borayotgan har bir o‘quvchining ota-onasiga «Musobaqa davomida farzandingizni fotosuratga tushirishga va uni ijtimoiy tarmoqlarda e'lon qilishimizga rozimisiz? Agar rozi bo‘lmasangiz, farzandingiz fotosuratlarini ijtimoiy tarmoqlarda e'lon qilmaymiz», degan so‘rov keldi.

Qarang, tashkilotchilar omma ko‘z o‘ngida bo‘lib o‘tadigan musobaqada ishtirok etadigan o‘quvchilarning ota-onalaridan ularning fotosuratlarini ijtimoiy tarmoqlarda e'lon qilish uchun oldindan ruxsat so‘rayapti»,— deydi Isroil Tillaboyev biz bilan suhbatda.

P.S. O‘quvchilarga ma'lum, Kun.uz muxbirlari turli murojaatlar izidan maktablarga ham borishadi. Ana shunday holatlarda o‘quvchilarni doim orqa tomondan fotosurati olinadi yoki ochiq suratlar maktab rahbariyatining ruxsati bilan e'lon qilinadi. Ruxsat olinmagan o‘rinlarda o‘quvchilarning yuzi tanib bo‘lmaydigan holatda xiralashtiriladi. Bolalar bilan ishlaydigan tashkilotlarni bolaning daxlsizlik huquqlarini unutmaslikka chorlab qolamiz.

O‘tkir JALOLXONOV,
Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid