O‘zbekiston | 15:52 / 22.03.2020
116838
3 daqiqa o‘qiladi

Karantin ta'tili paytida kontrakt va stipendiya to‘lash tartibi ma'lum qilindi

Kontrakt to‘lash muddati haqida karantin ta'tili tugaganidan keyin xabar beriladi. Stipendiya esa avvalgi tartibda, faqat talabalarning roziligi bilan ularning plastik kartochkasiga o‘tkazib beriladi.

Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vaziri o‘rinbosari Uzoqboy Begimqulov OTMlarda karantin tufayli yuzaga kelgan ta'til vaqtida shartnoma to‘lovini va talabalarga stipendiya to‘lash tartibi haqida ma'lumot berdi.

Unga ko‘ra, kontrakt pulini to‘lash tartibidagi o‘zgarishlar ta'til tugagandan keyin oydinlashadi.

«2019/2020 o‘quv yilida talabalikka tavsiya etilgan abituriyentlarga joriy o‘quv yilining birinchi yarmi uchun kontrakt pulini 2020 yil 20 martga qadar to‘lashga ruxsat berilgan edi. Ya'ni ushbu muddatga qadar kontrakt to‘lagan abituriyent talabalikka qabul qilinadi, aks holda talaba bo‘la olmaydi.

O‘zi shundoq ham bu muddat istisno tariqasida 2019 yil sentabr oyidan beri muntazam ravishda darslarga qatnab turgan, ayrim sabablarga ko‘ra kontrakt pulini 2019 yil 31 dekabrgacha to‘lay olmagan abituriyentlar uchun imkoniyat sifatida berilgan edi. Hozirgacha 20 martga qadar to‘lay olmaganlik va muddatni uzaytirish haqida hech qanday murojaat kelib tushmadi. Agar 1 kurs talabalaridan shunday murojaat bo‘lgan taqdirda, ushbu masala Davlat qabul komissiyasi tomonidan o‘rnatilgan tartibda ko‘rib chiqiladi.

Talabalikka qabul qilinib, birinchi semestrni yakunlagan 1-bosqich hamda boshqa barcha bosqichlardagi talabalarning kontrakt pulini to‘lash muddatlari OTM rektori ruxsati asosida amalga oshiriladi. Chunki 2019 yil 11 iyuldagi 4391-sonli Prezident qaroriga muvofiq, rektorlarga to‘lov-kontrakt asosida ta'lim olayotgan talabalar uchun kontrakt to‘lovlarini amalga oshirish muddatlarini uzaytirish vakolati berilgan.

Karantin tugaganidan keyin OTM rahbarlariga tavsiya qilamiz ― ular kontrakt to‘lash muddatini uzaytirish bo‘yicha o‘zlarining qarorlarini qabul qiladilar.

Kontrakt masalasida muammo bo‘lmaydi. Har yili ham turli sabablarga o‘z vaqtida to‘lay olmaganlarga sharoit yaratib berilgan. Bu yilgi holatda qachon va qanday tartibda to‘lov davom ettirilishi mumkinligi yuzasidan navbatdan tashqari ta'til tugaganidan so‘ng albatta xabar beramiz», dedi vazir o‘rinbosari.

Talabalarga ta'til davrida ham stipendiya to‘lash davom ettiriladi.

«Talabalar uchun to‘lab beriladigan stipendiyalar avvalgi holatida davom etaveradi. Faqat to‘lov turida o‘zgarish bo‘lishi mumkin. Ya'ni kimdir hozirgacha stipendiyasini naqd pul ko‘rinishida olib kelgan bo‘lsa, ta'tilda ekanini inobatga olib, ularning roziligi asosida plastik kartasiga to‘laqonli tushirib beriladi.

Stipendiya to‘lashda hammaga bir xil qaraladi: bakalavrlar, magistratura, tayanch doktorantura va doktorantura bosqichlarida o‘qiyotganlarning barchasi belgilangan tartibda stipendiyalarini olishda davom etadilar.

Ya'ni stipendiyali va stipendiyasiz kontrakt asosida o‘qiyotganiga qaraladi», dedi Uzoqboy Begimqulov.

Mavzuga oid