Jamiyat | 09:20 / 22.03.2020
44795
5 daqiqa o‘qiladi

«Suratga tushib qaytib ketishdi»: Shahrixon va Baliqchidagi tanqidga qanday munosabatda bo‘lindi?

Kun.uz muxbirlari qaysidir hududdan tushgan murojaat ortidan borib o‘rganadi va murojaat assosli bo‘lsa saytda bu mavzu yoritiladi. Material jamoatchilikka taqdim etilgach, tanqid qilingan soha mutasaddilari turlicha reaksiya bildirishadi. Ayrimlar imkoni boricha o‘z nazaridan chetda qolgan kamchilikni bartaraf qilish uchun bor imkoniyatini ishga soladi, boshqalari esa o‘sha joydagi aholi bilan suhbat o‘tkazib yana o‘sha, ko‘pchilik eshitgan «Shu yil dasturga tushiramiz», «Palonchi chorakka rejalashtirdik»,  degan va'dalarni berib masalani yopadi.

Shu yilning 9 va 12 mart kunlari Kun.uz saytida - «Va'dalar bajarilmasligiga o‘rganib ketganmiz...» — Baliqchidagi mahalla o‘nlab yillardan beri qanday yashamoqda?» va «Shahrixonda bir ko‘cha bor: suv yo‘q, yo‘l – «shudgor», elektrda hatto dazmol ishlatib bo‘lmaydi» sarlavhalari bilan maqolalar berildi.

Har ikki maqolada Baliqchi va Shahrixonning chekka - Nasriddinobod va Matxoshim qishloqlaridagi muammolar keltirilgan edi.

Tanqiddan so‘ng

Maqola e'lon qilinganidan oradan ikki kun o‘tib, Nasriddinobod va Matxoshim qishloqlari vakillari sayt bilan telefon orqali bog‘lanib, tuman mas'ullari qishloqqa kelgani va kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha ish boshlangani haqida xabar berishdi. Har ikki qishloqda ish bir xil ssenariy bo‘yicha ketmoqda edi.

«Andijon hududiy elektr tarmoqlari korxonasi» esa bizga 13 mart kuni aloqaga chiqib, har ikki qishloqda ishlar jadal ketayotgani haqida fotosuratlar bilan ma'lumot berdi.

«Andijon HETK» o‘z telegram kanalida ham Nasriddinobod va Matxoshim ko‘chalarida kamchiliklar jadal ravishda bartaraf etilayotgani haqida xabar joylashtirdi.

Biroq oradan o‘n kun o‘tib murojaatchilar biz bilan yana aloqaga chiqib, bizni yana chaqirishdi.

Shahrixonning «Qoziqo‘rg‘on» MFY Matxoshim ko‘chasida

Tanqidiy chiqishdan so‘ng Matxoshim ko‘chasida qanday ishlar amalga oshirilgani bilan tanishdik. Afsuski, mutasaddilar muammolar bo‘yicha murojaatlarga jiddiy e'tibor qaratishmabdi.

«Kun.uz saytida tanqidiy maqola chiqqanidan so‘ng qishlog‘imizga muammolarni o‘rgangani elektr tarmoqlari korxonasi, «Suvoqova» tashkiloti va yo‘l korxonasidan rahbarlar kelishdi. Mutasaddilar mahalladagilarni to‘plab, yig‘ilish o‘tkazdi. Elektr, suv va yo‘l bo‘yicha kamchiliklar navbatma-navbat bartaraf etilishi, kuzgacha sabr qilib turishimiz kerakligi, muammolar albatta hal qilinishiga va'da berishdi.

Elektrchilar kelib, ko‘chamizga 3 dona simyog‘och o‘rnatdilar. Shu «stolba»lar oldida rasmga tushib, qaytib ketishdi», deydi Matxoshim ko‘chasida yashovchi Ilhomjon Abdumannonov.

Nahotki, «Hududiy elektr tarmoqlari» korxonasi ko‘chadagi odam qo‘li yetadigan joyda osilib yotgan elektr simlari inson hayoti uchun xavfli ekaniga e'tibor qaratmadi. Bir metr balandlikda qo‘lbola simyog‘ochlarga tortilgan simlar o‘shanday turibdi.

Shahrixon tuman yo‘lsozlari esa shag‘allashtirishni ichimlik suvi tizimi tortilganidan so‘ng amalga oshirishlarini aytishibdi.

Matxoshim ko‘chasi maqoladan olgan samarasi yana bir qop va'da bo‘libdi, xolos.

Nasriddinobodda suvlar tortilyapti. Biroq...

«Mahallamizda ichimlik suvi bo‘yicha ishlar boshlandi. Mahalla ahli bilan «Suvoqova» tashkilotiga yordam beryapmiz. Xudo xohlasa, tez kunlarda toza ichimlik suvi tizimi ishga tushadi.

Elektr tarmoqlari korxonasidan ham ishchi-xodimlar 10 dona simyog‘och olib kelishdi. 8tasini o‘rnatishdi. Qolgan 2tasi yerda yotibdi. Hali o‘rnatilgani yo‘q. O‘shandan beri hech kim kelmadi hali», deydi mahalla faoli Muhammadali Qodirov.

«Ayni paytda ko‘chadagi eski suv tarmog‘ini bir qator tekshirib, kamchiliklarni bartaraf qilmoqdamiz. Mahalla ahli yaqindan yordam beryapti. 10 kun ichida barcha ko‘chalarga ichimlik suvi yetib boradi», deydi Baliqchi tumani «Suvoqova» tashkiloti xodimi Rasuljon Akbarov.

«Suvoqova» xodimlari mas'uliyatni bo‘ynilariga olib, harakatga tushishgan bo‘lsa, elektrchilar ishni boshlab qo‘yib qaytib kelmabdilar. Ular suratga tushib, ish bitgani haqida chiroyli axborot yozishgani esa bor gap.

Xulosa o‘rnida shuni aytish lozimki, har ikki tumanning qishloq aholisi tanqidiy maqoladan so‘ng o‘z hududlaridagi kamchiliklarni bartaraf etilishini kutishmoqda. Balki, ikkinchi chiqish «Hududiy elektr tarmoqlari korxonasi»ga turtki bo‘lar...

Elmurod Ermatov,
Sarvarbek Nazarov

Mavzuga oid