Baliqchida mas’ullar budjet mablag‘larini soxta hujjatlar bilan o‘zlashtirgani aniqlandi
Yoshlar ishlari agentligining Baliqchi tuman bo‘limi sobiq rahbari hamda hokimlik hisobchilari til biriktirgan holda budjet mablag‘larini talon-toroj qilgan. Ular soxta hujjatlar bilan “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolar nomiga davolanish va moddiy yordam uchun pul yozib olgan. Bundan o‘sha fuqarolarning xabari bo‘lmagan.

Foto: Kun.uz
Andijon viloyatining Baliqchi tumanida budjet mablag‘larini talon-toroj qilgan shaxslar jinoiy jazoga tortildi. Kun.uz sud hujjati bilan tanishdi.
Sud hukmida keltirilishicha, Yoshlar ishlari agentligi Baliqchi tuman bo‘limi sobiq boshlig‘i, hozirda tumandagi Zulfiqor mahallasida hokim yordamchisi bo‘lgan Sh.M. tuman hokimligi hisobchisi U.X. va sobiq bosh hisobchisi N.A. (hozirda Yakkatol mahallasida hokim yordamchisi) bilan til biriktirgan. Ular 2023 yil iyul oyidan 2024 yil sentabr oyiga qadar bo‘lgan davrda “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 56 nafar fuqaroga davolanish va 5 nafar fuqaro nomiga soxta hujjatlar asosida 228 mln 480 ming so‘m pul yozib olishgan.
Shuningdek, sudlanuvchilar 6 nafar fuqaroga haydovchilik kursi, 3 nafar fuqaroga o‘quv kursi, 3 nafar fuqaroga kontrakt va 5 nafar fuqaroga moddiy yordam uchun 2 marotabadan hamda 1 kishiga davolanishga deb 27 mln 436 ming so‘m pul chiqarib, budjet mablag‘larini o‘zlashtirgan. Biroq bundan fuqarolarning xabari bo‘lmagan.
Bundan tashqari, ushbu shaxslar 2023-2024 yilda tumanda 5 tashabbus tadbirlariga sovg‘a olish uchun ajratilgan 616 mln so‘mning 549 mln so‘miga sovg‘a olib, qolgan 68 mln so‘mini talon-toroj qilgan.
Sh.M. sudda aybiga iqrorlik bildirgan hamda “Yoshlar daftari” jamg‘armasi hisobidan chiqarilgan pullarni boshqa bank plastik kartalariga tushirib, naqdlashtirib olganini bildirgan. U.X. va N.A. ham ayblariga iqror bo‘lib, suddan yengillik so‘ragan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Baliqchi tuman sudi hukmi bilan Sh.M. Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 3-qismi “a” bandi, 205-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) 2-qismi “a” bandi va 209-moddasi (mansab soxtakorligi) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilgan. Unga 1,5 yil mansabdorlik va moddiy javobgarlik bilan bog‘liq lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum etish, ish haqining 20 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 2 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan.
U.X. va N.A. esa Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” bandi va 209-moddasi 1-qismi bilan 1,5 yil mansabdorlik va moddiy javobgarlik bilan bog‘liq lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum etish, ish haqining 20 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 1,5 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosiga tortilgan.
Jinoyat oqibatida yetkazilgan moddiy zarar qoplangan.
Mavzuga oid

09:14 / 05.04.2025
Elektr tarmoqlari korxonasi xodimi 1 mlrd so‘mlik elektrni talon-toroj qildi

16:08 / 28.03.2025
«Toshshahartransxizmat»ning sobiq rahbari va 20 kishiga sud hukmi o‘qildi

11:53 / 10.03.2025
Ozodlikdan mahrum qilingan 20 ming kishi, 4 barobarga oshgan talon-torojlar – jinoyatchilik statistikasi

12:30 / 06.03.2025