O‘zbekiston | 10:09 / 23.03.2020
1892
3 daqiqa o‘qiladi

Chet el yuridik shaxslarini soliq organlarida hisobga qo‘yishda qanday hujjatlar kerak bo‘ladi?

DSQning Chet el yuridik shaxslarini soliq organlarida hisobga qo‘yishda (hisobdan chiqarishda) taqdim etiladigan hujjatlar ro‘yxati va shakllarini tasdiqlash haqidagi qarori loyihasi e'lon qilindi

Chet el yuridik shaxsini akkreditatsiya qilingan filial va (yoki) vakolatxona orqali faoliyat yuritayotgan joydagi soliq organlarida hisobga qo‘yish Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan taqdim etiladigan ma'lumotlar asosida amalga oshiriladi, deb yozmoqda Norma.
 
Boshqa alohida bo‘linmalar orqali faoliyat yuritganda uni hisobga qo‘yish (hisobdan chiqarish) O‘zbekiston hududida faoliyat yurita boshlagan kundan boshlab 30 kalendar kundan kechiktirmay soliq organiga taqdim etilgan ariza asosida amalga oshiriladi. Bunday shaxs hisobdan chiqarish to‘g‘risidagi arizani faoliyatni tugatgan kundan boshlab 15 kalendar kundan kechiktirmay taqdim etadi.
 
Chet el yuridik shaxsi arizani taqdim etish chog‘ida loyihada ro‘yxati keltirilgan hujjatlarni unga ilova qiladi. Xususan:

o‘zi ta'sis etilgan mamlakatda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligini tasdiqlovchi hujjatning davlat tiliga yoki rus tiliga tarjima qilingan asl nusxasi yoxud notarial tarzda tasdiqlangan nusxasi;

rahbarning (vakolatli shaxsning) fuqarolik pasporti nusxasi;

vakolatli shaxsning chet el yuridik shaxsi nomidan O‘zbekiston Respublikasida harakatlarni amalga oshirish huquqini tasdiqlovchi ishonchnomaning yoki boshqa hujjatning (ular mavjud bo‘lgan taqdirda) davlat tiliga yoki rus tiliga tarjima qilingan asl nusxasi yoxud notarial tarzda tasdiqlangan nusxasi;

chet el yuridik shaxsi vakolatli organining O‘zbekiston Respublikasida alohida bo‘linma tashkil etish to‘g‘risidagi qarori.
 
Arizani elektron shaklda taqdim etganda faqat ta'sis hujjatini (notarial tasdiqlangan nusxasi so‘ralmaydi) taqdim etish mumkin, qolgan hujjatlar talab etilmaydi.
 
Ilovalarda arizalarning shakllari hamda chet el yuridik shaxsi, shuningdek elektron shaklda xizmatlar ko‘rsatuvchi chet el yuridik shaxsi soliq organida hisobga qo‘yilganligi va unga identifikatsiya raqami berilganligi to‘g‘risidagi guvohnomalarning shakllari alohida keltirilgan.
 
Hisobdan chiqarish chog‘ida yuqorida sanab o‘tilgan hujjatlarga qo‘shimcha ravishda yuridik shaxsning faoliyati tugagan sanada tuzilgan moliyaviy va soliq hisobotlarini taqdim etish zarur.
 
2020 yil 3 aprelga qadar loyihani muhokama qilish, uning yuzasidan taklif va fikr-mulohazalar bildirish mumkin.
 
Loyiha o‘zgartirilishi, unga qo‘shimcha kiritilishi yoki rad etilishi mumkin.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid