Iqtisodiyot | 17:57 / 27.03.2020
33731
6 daqiqa o‘qiladi

Jamshid Qo‘chqorovga yana 4 o‘rinbosar tayinlandi

Iqtisodiyot va sanoat vazirligidan Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligiga aylantirilgan idorada rahbariyat tarkibi aniqlandi.

Kun.uz manbasiga ko‘ra, Akmalxon Jo‘raxonovich Ortiqov vazirning birinchi o‘rinbosari lavozimida ish boshlaydi. U bunga qadar Vazirlar Mahkamasida turli lavozimlarda ishlagan. 

Akmal Ortiqov

Akmal Ortiqov 1980 yilda tug‘ilgan, Toshkent davlat iqtisodiyot institutini tamomlagan. 2001 yildan 2013 yilgacha moliya vazirligi tarkibida turli lavozimlarda ishlagan. 2013-2015 yillarda Namangan viloyati moliya boshqarmasiga, 2015-2017 yillarda Farg‘ona viloyatlariga rahbarlik qilgan. 2017 yillarda Namangan viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari bo‘lib ishlagan.

2017-2018 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirining demografiya, ijtimoiy sohani rivojlantirish va aholini turmush darajasini oshirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari. 2018-2019 yilgacha Farg‘ona viloyati hokimining iqtisodiyot va tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlagan.

Bobur Qalandarovich Abdinazarov Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirining o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.

Bobur Abdinazarov

Bobur Abdinazarov 1983 yilda Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumanida tug‘ilgan, ma'lumoti oliy. 2003 yilda Toshkent Davlat iqtisodiyot universitetini tamomlagan. Shuningdek, Yaponiya Xalqaro universitetida tahsil olgan. 

U 2007 yildan O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tizimida turli lavozimlarni egallab kelgan. 2007-2010 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Buxgalteriya hisobi va audit uslubiyoti boshqarmasi Xo‘jalik hisobidagi korxonalarda buxgalteriya hisobi va hisoboti uslubiyoti bo‘limi bosh iqtisodchisi, 2010- 2014 yillarda Respublikasi Moliya vazirligi Buxgalteriya hisobi va audit uslubiyoti boshqarmasi Xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar buxgalteriya hisobi uslubiyoti bo‘limi bosh iqtisodchisi va bo‘lim boshlig‘i o‘rinbosari lavozimida ishlagan. 2017-2018 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Agrosanoat majmui moliyasi boshqarmasining Agrosanoat majmuasi tarmoqlarini iqtisodiy tahlil qilish hamda qishloq va suv xo‘jaligi moliyasi bo‘limiga rahbarlik qilgan. 

2018-2019 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Sanoatning bazaviy tarmoqlari, yoqilg‘i-energetika majmui va geologiyani rivojlantirish moliyasi va tarifni tartibga solish bosh boshqarma boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari va boshqarma boshlig‘i lavozimida faoliyat yuritgan. Tayinlovga qadar Moliya vazirligi Tarif siyosati va davlat korxonalarini isloh qilish departamenti direktori lavozimida ishlagan.

Adiz Muzafarovich Boboyev O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirining o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.  

Adiz Boboyev

Adiz Boboyev 1972 yilda Buxoro viloyati, Vobkent tumanida tug‘ilgan. Ma'lumoti oliy, 1993 yilda Toshkent Davlat iqtisodiyot universitetini tamomlagan. 

U 2002-2007 yillarda Buxoro viloyati hokimiyati moliya boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari – jamlanma budjet bo‘limi boshlig‘i va boshqarmasi boshlig‘i 1-o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan. 2008-2010 yillarda Moliya vazirligi huzuridagi Respublika yo‘l jamg‘armasi Ijro etuvchi direksiyasining Daromadlarni prognozlashtirish bo‘lim boshlig‘i, 2010-2012 yillarda Moliya vazirligi Davlat budjeti bosh boshqarmasining Daromadlarni rejalashtirish va jamlangan budjet tushumlarini tahlil qilish bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari, 2012-2017 yillarda Moliya vazirligi huzuridagi Umumta'lim maktablari, kasb-hunar kollejlari, akademik litseylar va tibbiyot muassasalarini rekonstruksiya qilish, mukammal ta'mirlash va jihozlash bo‘yicha budjetdan tashqari jamg‘armasining ijro etuvchi direktori o‘rinbosari, 2017 yilda Moliya vazirligi huzuridagi Budjetdan tashqari ta'lim va sog‘liqni saqlash muassasalari moddiy-texnika bazasini rivojlantirish jamg‘armasining ijro etuvchi direktori o‘rinbosari, 2017-2019 yillarda Moliya vazirligi Investitsiyalar boshqarmasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchisi, boshqarma boshlig‘i lavozimlarida ishlagan.

Tayinlovga qadar Moliya vazirligi Davlat rivojlantirish dasturlarini moliyaviy ta'minlash Departamenti direktori lavozimida ishlab kelayotgandi. 

Rustamov Olimxon Bakiyevich Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirining o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.  

Olimxon Rustamov

Olimxon Rustamov 1966 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tamomlagan.

2005-2014 yillarda hisob palatasi bosh inspektori, 2014-2016 yillarda Navoiy kon-metallurgiya kombinati bosh direktori o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan. 2016 yildan 2017 yilgacha «O‘zbekneftgaz»ning iqtisodiyot va moliya bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida faoliyat ko‘rsatib kelgan. 2017-2019 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi raisining birinchi o‘rinbosari – O‘zbekiston Respublikasi davlat budjetiga tushumlar to‘liqligini nazorat qilish inspeksiyasiga rahbarlik qilgan. 

Tayinlovga qadar, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimini egallagan. 

Bundan avvalroq qayta tashkil etilgan yangi vazirlikni Jamshid Qo‘chqorov boshqarishi, Markaziy bank raisining sobiq birinchi o‘rinbosari  Ilhom Norqulov ham uning birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlangani xabar qilingandi.

Mavzuga oid