O‘zbekiston | 16:06 / 09.04.2020
80068
3 daqiqa o‘qiladi

Hozirgi ob-havoda ekinlarni qanday asrab qolish mumkin? Vazirlik tavsiya berdi

9-12 aprel kunlari O‘zbekistonda havo harorati -1 darajagacha sovushi hamda ayrim hududlarda yomg‘ir qorga aylanishi ehtimoli prognoz qilingan. Shu munosabat bilan, Qishloq xo‘jaligi vazirligi dehqon va fermerlarga bir qator tavsiyalar bilan chiqdi.

Vazirlik tavsiyasiga ko‘ra, bu kabi ob-havo sharoitlarida bog‘-tokzorlarning qator oralaridan sug‘orish ariqlari olinib, iloji boricha kam miqdorda suv oqiziladi, qator oralariga go‘ng aralash xashak, poxol, shox-shabbalar uyumlarini to‘plab, ular tutatiladi. Buning uchun bog‘ va tokzorlarga bir tekisda eni 1,25-1,5 m., balandligi 0,5-0,75 m.dan to‘p-to‘p qilib uyib qo‘yiladi.

«Bunda daraxtlarning yoshi va qalin siyrakligiga qarab har bir gektarda 100-200ta uyum hosil qilish kerak. Tutun bog‘ ichiga yaxshi yoyilishi uchun uyumlar bog‘ning shamol esadigan tomoniga qo‘yiladi, havo harorati kuzatib boriladi.

Havo ochiq bo‘lib, harorat selsiy bo‘yicha +1 yo nolga tushishi bilan, uyumlar tutatiladi. Bunda uyumlarning alangalanmay, tutab yonishiga alohida ahamiyat berish lozim. Sovuq takrorlanishini hisobga olib, uyumlar oralatib tutatiladi. Sovuq bo‘lmasa, uyumlar o‘g‘it sifatida foydalaniladi.

fkdvCVQnWTYuzOAQdVU1v3rJpHt_sSLb.jpg (800×499)

Shuningdek, mavjud tutzor va tut daraxtlarini bargini asrab qolish maqsadida atrofiga mahalliy go‘ng yoki qurigan xas-xazonlarni to‘plab tutatish va qondirib sug‘orishni tashkil etiladi.

Ertaki muddatlarda ekilgan kartoshka nihollari yerdan unib chiqqan bo‘lsa, sharoitga qarab, egat ustini polietilen plyonka bilan yopish yoki yopishning iloji bo‘lmagan maydonlarda kechki suv qo‘yishni tashkil qilinadi va maydonning atrofini go‘ng aralash xashak, poxol, shox-shabbalar uyumlarini to‘plab, ular tutatiladi.

Isitilmaydigan ko‘chatxonalarda yetishtirilayotgan sabzavot va poliz ekinlari ko‘chatlarini sovuqdan asrashning muhim tadbiri dugalar o‘rnatib, ustini polietilen plyonkasi bilan yopiladi. Vaqtinchalik isitish moslamalaridan foydalanish xamda atrofini go‘ng aralash xashak, poxol, shox-shabbalar uyumlarini to‘plab, ular tutatiladi.

Issiqsevar sabzavot ekinlaridan pomidor, shirin qalampir, baqlajon ko‘chatlarini va bodring, poliz ekinlarini urug‘larini ekishni vaqtinchalik to‘xtatib turish zarur. Agar pomidor, shirin qalampir, baqlajon ko‘chatlari ekilgan bo‘lsa, kechki suv qo‘yish tashkil qilinadi va maydonning atrofini go‘ng aralash xashak, poxol, shox-shabbalar uyumlarini to‘plab, ular tutatiladi.

Har bir dalada havo harorati kuzatilib, harorat selsiy bo‘yicha +1 darajaga tushishi bilan uyumlar tutatiladi», – deyiladi tavsiyada.

Qo‘shimcha qilinishicha, sovuqqa chidamli sabzi, piyoz, sarimsoq, osh lavlagi, karam va ko‘kat kabi ekinlarga -2-3 daraja sovuq sezilarli ta'sir etmaydi.

Mavzuga oid