O‘zbekiston | 15:18 / 12.04.2020
25820
4 daqiqa o‘qiladi

Vaqtincha chora: pensiyalar plastik kartalar orqali berilishi lozim

Bugungi kunda o‘ziga xos dilemma paydo bo‘lgan. Bir tarafdan, 65 yoshdan oshganlardan «o‘zini yakkalash» hayot tarziga qat'iy amal qilish so‘ralmoqda. Ikkinchi tomondan, pensionerlardan iborat bu guruhga pensiyalar bevosita kontakt orqali berilmoqda.

Foto: KUN.UZ

18 martdan boshlab, «Xalq banki» xodimlari pensiya va boshqa nafaqa pullarini aholi yashash manzillariga yetkazib beryapti. Albatta, bundan maqsad – profilaktika choralari, oldingidek ko‘pchilik to‘planishining, navbatlarning oldini olish, keksalarni ovora qilmaslik.

Biroq bu chora bugungi kun sharoitida yetarlimi? Koronavirus kasalligining kun sayin paydo bo‘layotgan yangi tahdidlariga javob bera oladimi?

Bu savollarga katta ehtimol bilan yo‘q, deya javob berish mumkin. Chunki sabablar aniq:

­1. Avvalo, xavf guruhida eng ehtiyot qilinishi kerak bo‘lgan – pensionerlar haqida gap ketmoqda;

2. Naqd pullarda viruslar 3-5 kungacha saqlanib, patogen (kasallik yuqtirish) qobiliyatini saqlab qolishi ma'lum. Demak, aynan naqd pullar orqali keksalar guruhiga qarshi yangi xavf paydo bo‘ladi;

3. Hozirgi uslubda, ya'ni uyma-uy yoki ko‘p qavatli uylar oldida tarqatilishida ham ehtiyot chorasi ko‘rilgan. Lekin baribir bir guruh (ya'ni pensiya tarqatuvchilar) navbat asosida ko‘pchilik bilan muloqot qiladi, bevosita pul topshiradi, hujjatlarni rasmiylashtiradi. Bu esa kasallik tarqalishiga yaxshigina imkon demakdir.

Albatta, Markaziy bank, «Xalq banki» tomonidan kerakli ehtiyot choralari ko‘rilmoqda. Jumladan, naqd pullar dezinfeksiya qilinmoqda, har bir pensionerga pullar alohida paketda berilmoqda. Lekin bu choralar ham kamlik qilib qolishi hech gap emas.

Xo‘sh, yechim qanday?

Juda oddiy. Shu paytgacha ham qo‘llanib kelingan plastik kartalarga qaytish bugungi kunda eng yaxshi chora bo‘la oladi. O‘z vaqtida naqd pul muammosi tufayli plastik kartalarni ko‘pchilik xushlamasdi. Birinchi navbatda aynan pensiyalar to‘liq naqd shaklda to‘lanishi ham bejiz emasdi.

Ammo bugun vaziyat boshqacha. Plastik kartalar orqali aksariyat joylarda xaridlarni amalga oshirish, to‘lovlarni qilish mumkin. Telefonlardagi mobil ilovalar ham plastik kartadagi mablag‘larni masofadan turib istagancha tasarruf qilish imkonini beradi. Juda zarur holda bankomat orqali kerakli miqdorda naqd pul olish ham muammo emas.

Demak, pensionerlar uchun plastik kartalardan foydalanishni vaqtincha (!) qayta tiklash kerak. Bordi-yu kimdir hech ham bunga ko‘ngisi kelmasa, o‘z yaqiniga ishonchnoma rasmiylashtirish yo‘li bilan o‘zini yakkalashi shart.

Eng muhimi, bu naqd pullar taqchilligi tufayli o‘ylab topilgan chora, deb hisoblanmasligi kerak. Aksincha, ayni paytda mablag‘ aylanishi susayishi tufayli banklarda hatto ortiqcha naqd pullar to‘planib qolgan.

Bundan yagona maqsad – yoshi ulug‘ fuqarolarimizni kasallik yuqishidan himoyalashdir.

Ma'lumot uchun: Koronavirus Info telegram kanalida o‘tkazilgan so‘rovnomada 90 minut davomida 70 ming kishi ishtirok etgan va «Pensiya va nafaqalar qanday shaklda berilishi kerak?» degan savolga 71 foiz qatnashchilar «Plastik kartada berilishi kerak» deb, 29 foiz ishtirokchilar esa «Virus xavfi bo‘lsa ham naqd pulda berilishi kerak» deya javob berishgan.

Abror Zohidov.

Mavzuga oid