O‘zbekiston | 23:02 / 13.04.2020
27212
3 daqiqa o‘qiladi

Ramazonda iftor marosimlari qilmaslik, uning pulini muhtoj oilalarga berish tavsiya qilindi

O‘zbekiston musulmonlariga Ramazon oyida qo‘ni-qo‘shni va yaqin qarindoshlarni to‘plagan holda iftorlik uyushtirishi karantin talablariga, shuningdek, «Niso» surasining 59-oyatiga xilof ekani eslatib o‘tildi. Bu haqda O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashining Ramazon oyini o‘tkazish bo‘yicha qabul qilingan fatvosida ma'lum qilingan.

Foto: Shutterstock

Fatvoda iftorlik marosimlari uchun mo‘ljallagan mablag‘larni Homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish markazlari orqali muhtoj oilalarga yetkazish tavsiya etilgan.

«Ma'lumki, yaqin kunlarda musulmonlar intiqib kutadigan muqaddas Ramazoni sharif oyi kirib kelmoqda. Har yili yurtdoshlarimiz Ramazon oyini alohida tayyorgarlik va xursandchilik bilan kutib oladilar, ko‘tarinki ruhda, o‘zgacha shukuh bilan o‘tkazadilar. Chunki Ramazon oyida mo‘min-musulmonlarning rizqiga baraka, amallariga ulkan ajr-u savoblar ato etiladi. Zero, Alloh taolo Ramazon oyida mo‘minlarga kunduz kunlari ro‘za tutmoqni farz, tunlari tarovih namozini o‘qimoqlikni nafl qilib bergan.

Ramazon oyida Qur'oni karimni hech bo‘lmasa bir marta boshidan oxirigacha o‘qib xatm qilish Payg‘ambarimiz alayhissalomning sunnatlaridandir. Ro‘zadorlarga iftorlik qilib berish, muhtojlarga xayr-u sadaqalar ulashish ushbu oyga xos bo‘lgan amallardan sanaladi.

Lekin ming afsuski, bugungi kunda butun dunyo bo‘ylab, jumladan yurtimizda ham koronavirus pandemiyasi tarqaldi. Bu kasallik tarqalishining oldini olish maqsadida karantin e'lon qilindi. Ma'lumki, ushbu holat yuzaga kelgani munosabati bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasi ulamolar kengashining koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish bo‘yicha fatvosi e'lon qilindi. Fatvoda yurtimizda vaziyat barqarorlashmaguncha jamoat namozlari vaqtincha to‘xtatilib, musulmonlarimizga namozlarni uylarida ato etish lozimligi yetkazildi», deyiladi Usmonxon Alimov tomonidan «O‘zbekiston 24» telekanalida o‘qib eshittirilgan fatvoda.

Bundan tashqari, zakot mablag‘larini hamda fitr va fidya sadaqalarini «Vaqf» xayriya jamoat fondi va uning hududiy bo‘limlari hisob-raqamlariga yoki Homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish markazlariga topshirish tavsiya etildi.

Muftiy Usmonxon Alimov bunday qarorga kelishdan oldin Misr Arab respublikasi, Saudiya Arabistoni, Turkiya, Rossiya Federatsiyasining Tatariston respublikasi musulmonlari diniy idoralari tomonidan Ramazon oyida masjidlarda taroveh namozlari ado etilmasligi va ommaviy iftorliklar uyushtirmasligi haqida bayonotlar inobatga olingani, shuningdek, qo‘shni Qozog‘iston va Qirg‘iziston musulmonlari diniy idoralari bilan mazkur masala muhokama qilinib yagona to‘xtamga kelinganini alohida ta'kidladi hamda O‘zbekistondagi barcha musulmonlarni ushbu ko‘rsatmalarga qat'iy rioya etishga chaqirdi.

Mavzuga oid