Karantin may oyida ham davom etishi ehtimoli ancha katta – Jamshid Qo‘chqorov
Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov O‘zbekistonda karantin choralari may oyida ham davom etish ehtimoli yuqori ekanini ma'lum qildi. Ma'lum qilinishicha, O‘zbekistonning YaIMi birinchi chorakda 4,1−4,4 foiz atrofida o‘sgan, eksport 11 foizga, import esa 10 foizga qisqargan.
«Jahon iqtisodiyotida yuzaga kelgan vaziyat anchagina murakkab, og‘ir desak ham bo‘ladi. Masalan, kuni kecha Xalqaro valuta jamg‘armasi o‘z prognozlarini e'lon qildi. Prognozga binoan jahon iqtisodiyoti yil yakunlari bilan 3 foizga qisqaradi, ya'ni minus 3 foiz. Agar pandemiya bilan bog‘liq karantin va shu kabi cheklovlar 2-yarim yillikda davom etadigan bo‘lsa, jahon iqtisodiyoti qo‘shimcha ravishda yana qisqarishi mumkinligi prognoz qilinmoqda.
Jahon banki ham o‘z prognozlarini e'lon qildi. Xalqaro valuta jamg‘armasi O‘zbekiston iqtisodiyoti rejadagi 5,5 foiz o‘rniga 1,6-1,8 foiz atrofida o‘sishi kutilmoqda.
Bu faqatgina talab inqirozi emas, taklif inqirozi ham desak bo‘ladi. Inqiroz banklar yoki yirik mamlakatlar hukumatlarining aybi bilan vujudga kelmadi, xuddi tabiiy ofatga o‘xshagan jarayon bo‘lyapti.
Bu inqiroz O‘zbekiston iqtisodiyotiga ham bevosita, ham bilvosita o‘zining ta'sirini o‘tkazdi va o‘tkazmoqda. Chunki O‘zbekiston milliy iqtisodiyoti ham so‘nggi 3 yilda jahon iqtisodiyotiga o‘z integratsiyasini juda kuchaytirdi. Bu bozor iqtisodiyoti uchun tabiiy holatdir. Chunki eksportimiz, importimiz ko‘paydi. Shuning uchun birinchi chorakning mart oyida boshlab milliy iqtisodiyotga dunyoda vujudga kelgan salbiy jarayonlarning ta'sirini seza boshladik. Aniq hisob-kitoblarimiz chiqqani yo‘q. Birinchi chorak bo‘yicha YaIM 4,1-4,4 foiz atrofida o‘sishi kutilmoqda. O‘tgan yili birinchi YaIM 5,3 foizga o‘sgan edi. Xuddi shu kabi sanoatda o‘sish sur'atlari 4 foizni tashkil qildi. Eksportimiz qariyb 11 foizga qisqardi. Importimiz 10 foizga kamaydi», dedi Qo‘chqorov Bank-moliya sektori brifingida.
Bosh vazir o‘rinbosari O‘zbekistonda karantin choralari may oyida ham saqlanib qolishi kutilayotganini aytib o‘tdi.
«Oldimizda turgan muammolardan biri shuki – 2-chorak biz uchun o‘ta murakkab bo‘lishi kutilyapti. Chunki ko‘plab mamlakatlar kabi O‘zbekistonda ham karantin bilan bog‘liq cheklovlar asosan aprel oyiga to‘g‘ri kelyapti va may oyida ham davom etish ehtimoli anchagina katta», deya Jamshid Qo‘chqorovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.
U bugungi kunda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida ma'lumot berdi.
«Bugungi kunga kelib, inqirozga qarshi amalga oshirilayotgan choralarni 3ta qismda aytish mumkin. Birinchisi, bu bevosita pandemiya bilan bog‘liq chora-tadbirlarni amalga oshirish. Ya'ni, bu yangi karantin markazlari, yangi kasalxona qurish, dori-darmon, testlar sotib olish. Bu bo‘yicha birorta cheklov yo‘q, ularning hammasi to‘xtovsiz amalga oshirilyapti.
Ikkinchi qism chora-tadbirlar haqida gapirganda, bu aholini ijtimoiy himoya qilish. Prezidentimizning farmon, qarorlariga binoan bolali oilalarga berilayotgan nafaqalar muddati cho‘zildi. Bunga tegishli mablag‘lar ajratildi. Ishsiz, band bo‘lmagan aholi uchun jamot ishlarini tashkil qilish uchun qo‘shimcha mablag‘lar ajratildi.
Umuman, bandlik, ishlab chiqarishni rag‘batlantirish uchun inqirozga qarshi kurash jamg‘armasidan 3,6 trillion so‘m mablag‘ ajratildi. Barcha chora-tadbirlarning amalga oshirilishidan maqsad bitta – aholi daromadlari keskin pasayib ketishini yumshatish, ikkinchidan iqtisodiyot tarmoqlarini qo‘llab-quvvatlash. Shuning uchun so‘nggi 1-2 kundan boshlab Vazirlar Mahkamasi, tegishli vazirlik va idoralar tomonidan bir qator sanoat korxonalari uzluksiz faoliyat ko‘rsatishini ta'minlash bo‘yicha choralar ko‘rilyapti», dedi Qo‘chqorov.
Mavzuga oid
17:43 / 21.11.2024
Bosh vazir o‘rinbosarlari va vazirlarning barchasi o‘z lavozimini saqlab qoldi (foto)
08:10 / 02.11.2024
Oktyabr oyida inflatsiya 1 foizdan past bo‘ldi
19:37 / 31.10.2024
«Valuta kursining 1 foizga qadrsizlanishi inflatsiyaga 0,3-0,4 foiz ta’sir ko‘rsatishi mumkin» - MB raisi
22:15 / 29.10.2024