O‘zbekiston | 21:38 / 19.04.2020
29969
15 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda ta'lim sifatini oshirishga nimalar to‘siq bo‘lmoqda? – tahliliy suhbat

Dunyoning yetakchi iqtisodchilaridan iborat ekspertlarni birlashtirgan Jahon iqtisodiy Forumi har yili dunyo iqtisodiyotidagi eng muhim tendensiyalarni tahlil qilib keladi. Bu tahlillar orqali yaqin va uzoq kelajakda jahon davlatlari iqtisodiyotida ro‘y berishi mumkin bo‘lgan prognozlar ishlab chiqiladi. Forum dunyodagi ta'lim masalalarini ham o‘rganadi. Xususan, undagi ekspertlarning o‘rganishlari bo‘yicha har yili dunyoning eng zo‘r universitetlari ro‘yxati e'lon qilinadi. Bunda dunyo davlatlarining oliy ta'limdagi muvaffaqiyati asosida tuzilgan xarita och yo to‘q sarg‘ish va qizg‘ish ranglar bilan belgilangan. Rang qanchalik to‘q bo‘lsa, o‘sha mamlakat universitetlari dunyoda oldi o‘rinlarda. Och qizg‘ish yo sarg‘ish ranglar esa oliy ta'lim darajasi o‘rtacha degani.

BBC ma'lumotiga ko‘ra, oxirgi yillar tahlili bo‘yicha ham ushbu xaritada ikkita mintaqa rangsiz, ulkan oppoq dog‘ kabi ko‘zga tashlanadi. Bittasi - Qora Afrika, ikkinchisi esa - Markaziy Osiyo.

Aytgancha, bu qatorda yana boshi urushlardan chiqmayotgan Iroq, Suriya va Afg‘oniston kabi davlatlar ham bor.

Foto: Therwur

Biz uchun qanchalik yoqimsiz bo‘lsa-da, bu oliy ta'lim muassasalari reytingi borasida xalqaro ekspertlar xulosasi. Xalqaro reytinglardagi natijalar bo‘yicha tahlillarni shu yerda to‘xtatamiz-da yana O‘zbekistonga qaytamiz.

2017 yil 20 aprelda prezident Shavkat Mirziyoyev qarori bilan O‘zbekistonda Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tuzilgan edi. O‘sha paytda yangi inspeksiyaga ta'lim sifatida tub burilish yasash, oliy ta'limni tamomlayotgan kadrlar sifatini oshirish kabi ko‘pgina vazifalar belgilandi.

Oradan, 3 yilga yaqin vaqt o‘tdi. Xo‘sh, inspeksiya O‘zbekistonda ta'lim sifatini oshirish borasida qanday ishlarni amalga oshirdi? Oliy ta'lim muassasalariga ta'lim sifati borasida xalqaro reytinglarda yuqorilashi uchun nimalar to‘siq bo‘lmoqda? O‘zbekistonda oliy ta'lim muassasalari qaysi jihatlarga ko‘ra reyting qilinadi?

Kun.uz muxbiri shu va boshqa savollarga javob olish maqsadida Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi raisi o‘rinbosari Asliddin Odilov bilan suhbatlashdi.

Asliddin Odilov

— Ko‘pgina rivojlangan davlatlarda Oliy ta'lim vazirligi yo‘q. Davlat va nodavlat universitetlarining barchasi mustaqil. Ta'lim sifati nazorati faqatgina ta'limni nazorat qiluvchi inspeksiyalar tomonidan olib boriladi.

O‘zbekistonda Ta'lim sifatini nazorat qilish inspeksiyasi faoliyat boshlaganiga 3 bo‘ldi. Bu muddat esa har qanday yangi organ faoliyatiga nisbatan xulosalar chiqarishga yetarli muddat. Keling, ochig‘ini aytaylik, bu tashkilot hali ham haqiqatda ta'lim sifatini nazorat qiluvchi organga aylana olgani yo‘q.

— Bizda qaysidir tizimni o‘zgartirishni istashsa, uni faqat shaklda qilishadi. Masalan, bir vazirlik tugatiladi, boshqasi tuziladi. Shaklni o‘zgartirish – qaror qabul qiluvchilar uchun eng oson yo‘l. Lekin biz mazmunni o‘zgartirishimiz kerak. Mana gap qayerda. Oliy ta'lim vazirliklari nega yo‘q? To‘g‘ri, AQShda Ta'lim bo‘yicha davlat departamenti deyiladi. Janubiy Koreya va Yaponiyada Ta'lim vazirliklari bor. Shu bilan birga ularda ta'lim sifatini nazorat qiluvchi tashkilotlar ham bor.

Bizdagi va ulardagi tizimning farqi nimada?

Ikki yil avval O‘zbekistonda ta'lim sifatini nazorat qiluvchi yangi institutsional tizim yaratildi. Avval u test markazi tarkibidagi boshqarma edi. Bu tizimni yaratishda uchta tamoyilga amal qilindi.

Birinchi tamoyil – mustaqillik. Inspeksiya Vazirlar Mahkamasi huzurida tuzildi. Ya'ni, u biror vazirlikka bo‘ysunmaydi. Bu mustaqil qarorlar qabul qilishda juda muhim omil. Qarorlar mustaqil qabul qilinsagina ta'lim sifatida ijobiy o‘zgarish bo‘lishi mumkin. O‘zbekistonda qilingan bu qadam tan olinmoqda. Masalan, Rossiya Federatsiyasida inspeksiya vazifasini bajaruvchi «Rosobrnadzor» tashkiloti bor edi. U avvalroq Ta'lim vazirligining shunchaki bir boshqarmasi edi. 2018 yilning may oyida esa «Rosobrnadzor» Ta'lim vazirligiga bo‘ysunmaydigan mustaqil tashkilotga aylandi. O‘zbekiston bu qadamni ikki yil avval bosgan edi.

Ikkinchi tamoyil — shaffoflik.

Inspeksiya ta'lim qayerda sifatli va qayerda sifatsiz ekanligi haqidagi xolis ma'lumotni jamiyatga yetkazishi kerak, hukumatga emas. Bizning maqsad ma'lumotlarni shunchaki hukumatga yetkazib turish emas. Maqsadimiz ta'lim oluvchilarning huquqlarini himoya qilish. Bundan tashqari, ta'lim oluvchilar uchun sifatli sharoit yaratishimiz kerak.

Uchinchi tamoyil — hisobdorlik.

Bizning har bir qarorimiz mustaqil, tajribali ekspertlar va jamoatchilik ishtirokida qabul qilinishi kerak. Buni bizdagi oliy ta'limdagi akkreditatsiya tizimida ham ko‘rishingiz mumkin. Inspeksiyamiz bu jarayonni shunchaki muvofiqlashtirib beradi. Qaror qabul qiluvchilar esa ekspertlar, talabalar, jamoatchilik. Ikki yil ichida biz tizimni oyoqqa qo‘ydik, lekin tizim har doim takomillashuvga muhtoj. Biz o‘zgarishlar yo‘lidamiz. Jahonda ta'lim sifatini nazorat qilishda ikkita model bor. Birinchisi, ta'lim sifatini to‘g‘ridan-to‘g‘ri nazorat qilish modeli. Bunga ta'lim tashkilotlarini litsenziyalash, ularni akkreditatsiyalash va reytingini aniqlash funksiyasi kiradi.

Ikkinchisi — sifatni takomillashtirish modeli.

Bu model orqali ta'lim tashkilotlarida sifatni yaxshilash uchun sharoitlar yaratib beriladi. Bilasizmi ta'lim tashkiloti sifat yaxshilanishidan manfaatdor bo‘lishi kerak. Bunga mas'ul tashkilot ularga yordam berishi kerak. Bu ikki model qayerda ishlaydi? U sifat madaniyat va qadriyat darajasiga yetgan davlatlardagina ishlaydi. Bu model ishlashi davlatning ijtimoiy, madaniy xususiyatlariga bog‘liq. Sifat harakatning o‘zgarmas, doimiy qismi bo‘lishi kerak. Afsuski, sifat faqat rivojlangan davlatlar, masalan, Skandinaviya davlatlarida qadrlanadi.Qiziqarli jihati, ular ikkinchi modelga o‘tishdan oldin birinchisidan foydalangan. Ya'ni, o‘zlariga ta'lim madaniyati muhitini yaratib olishgan.

Xo‘sh, O‘zbekistondagi inspeksiya qaysi yo‘ldan ketishi kerak? Bizdagi tizimni gibrid model deb atasak bo‘ladi. Chunki u yuqoridagi ikki modelning birlashmasi.

— Aprel oyidan oliy ta'lim muassasalarini reyting baholash jarayoni boshlandi. Bu inspeksiya tarixida uchinchisi. Suhbatga tayyorgarlik ko‘rishda reyting baholash bo‘yicha dunyo davlatlaridagi tizimni o‘rgandim, surishtirdim. Bunda bir jihat e'tiborimni tortdi, ya'ni bizdagi inspeksiya rivojlangan davlatlardagi baholash tizimini shunchaki qabul qilgan va uni O‘zbekistonda joriy qilgan. Masalan, hozir biror oliy ta'lim muassasasi dunyoning kuchli mingtalik reytingiga kirsa, unga yuqori ball beriladi. Boshqa OTM esa hatto 1001 o‘rinda tursa ham past baho oladi. Yoki o‘qituvchilarga taniqli jurnallarda ilmiy maqola chiqargani uchun yuqori ball berilishi. Milliy reyting tizimi deymiz, lekin uning milliyligini, muhit va sharoitlarga moslashtirilganini qayerda ko‘rishimiz mumkin? Talabni shunchaki chetdan ko‘chirib olish oson, lekin bizning OTM bunga qanchalik tayyor?

— Reyting nimadan tashkil topadi? – Indikatorlar, ya'ni, ko‘rsatkichlardan. Bular sifat indikatorlari deyiladi. Bu indikatorlar avvalo o‘lchanadigan, ikkinchidan, xolis o‘lchanadigan bo‘lishi kerak. Unga uchinchi tomon ta'sir o‘tkazolmaydi.

Biz ham milliy reyting tizimini ishlab chiqishda qaysi sifat indikatorlarini olish borasida fikrlashdik. Xorijda bu indikatorlar ko‘p emas, oltitadan ko‘pi bilan o‘n ikkitagacha. Bizda esa o‘n sakkizta. Xo‘sh, xorijnikini olganimizda u o‘n ikkita bo‘lishi kerak emasmidi?

Talab haqida gapirdim. Bunda indikator xolis ma'lumot berishi kerak. Uning haqqoniyligini hamma tan olishi kerak. Bizda bu tizim bor, lekin u to‘liq ishlab chiqilmagan. Demak, biz baribir xorijiy tajribaga murojaat qilishimiz kerak. Masalan, ilmiy maqolalarga iqtiboslar soni. Bu talab ilmiy maqolaning hamjamiyat tomonidan qanchalik tan olinganini ko‘rsatib beradi.

Bizda iqtibos tizimi yo‘q. Demak, biz bevosita Skopsga murojaat qilyapmiz, shulardan iqtibosli tizimlarni olishga harakat qilyapmiz. Bu nafaqat biz, balki har bir davlat ham o‘z milliy reytingini ishlab chiqqanda unga murojaat qiladi. Bu tizim ham obektiv ma'lumot beradi va ham bizning olimlar yozayotgan ilmiy ishlarning jahonda qanchalik tan olinayotganini ko‘rsatib beradi. Biz shunga baho berishimiz kerak. Agar biz ilmiy ishlarga faqat ilmiy ishlar soni yoki ilmiy maqolada mazmun bo‘lmasa, o‘qituvchi ikki varaq narsa yozib to‘g‘ri kelgan joyda chiqaravergan bo‘lsa, bunday ilmning bizga nima keragi bor. Bizga natijador ilm kerak. Xorijiy oliy ta'lim muassasalarida ilmiy muassasalar pulni qayerdan topadi deb o‘ylaysiz-ilmdan, ilmiy tadqiqotlardan topadi. U mablag‘ni talabalarning to‘lov shartnomasidan topmaydi, talabalarning to‘lov shartnomasi xorijiy ta'lim muassasalari budjetining arzimagan 20 foizini berishi mumkin. Qolgan hamma pul ilmdan keladi.

Ikkinchi jihat, ta'lim sifati qachon bo‘ladi? Qachonki, o‘qitish sifati va ilm birgalikda olib borilsa. Biz ularni bir-biridan ajratsak, sifatga erisholmaymiz. Chunki bu oliy ta'lim tizimi va u shakllangan shaxsni jamiyatga tayyorlab berish degani. Bu maktab o‘quvchisini kitobdagi narsa bo‘yicha o‘qitish emas. U jamiyatdagi o‘zgarishlarni o‘rganishi kerak. Undagi kadr besh yildan keyin mehnat bozorida o‘z o‘rnini topishi kerak. Demak bu tizim jamiyatda besh yildan keyin qanday o‘zgarishlar bo‘lishini prognoz qila olsagina unda yetishgan kadr jamiyatda o‘z o‘rnini topa oladi.

Indikatorlar haqida gapirdik. Bizning indikatorlarga qaraylik.

Masalan, kadrga kim baho beradi? Ish beruvchi, mehnat bozori. Agar u tan olsa, oliy ta'lim sifatli ta'lim beryapti. Biz shu masalani indikatorimizga kiritdik.

Ish beruvchilar so‘rovnomasi. Xorijiy davlatlarda bu juda kam qo‘llaniladigan tizim. Ular asosan kimga ishonadi, xalqaro reyting agentliklariga. Biz o‘zimizning milliy so‘rovnoma tizimimizni ishlab chiqdik. Hozir har yili 30-40 mingdan ortiq ish beruvchi mana shu platformada o‘z fikrlarini bildiradi.

— Indikatorlar masalasiga to‘xtaldingiz. Shu o‘rinda savol tug‘iladi. Sizlar ishlatayotgan reyting tizimiga ko‘ra, poytaxtdagi va viloyatlardagi oliy ta'lim muassasalarini baholashda bir xil talablardan foydalaniladi. Bunda sizlar qo‘yayotgan talablar balki O‘zbekiston Milliy universiteti yoki Toshkent moliya instituti uchun osondir, lekin viloyatlardagi, masalan, Farg‘ona yoki Surxondaryodagi ta'lim muassasalari uchun murakkab. Talab nega hududlarning imkoniyati darajasida e'tiborga olinmagan?

— To‘g‘ri masalani ko‘tardingiz. Biz milliy reyting tizimini ishlab chiqqanda uni respublika bo‘yicha ishlab chiqdik. Biz hozir reytinglarni respublika bo‘yicha va sohalar bo‘yicha yurityapmiz. Nega u hududlar bo‘yicha qilinmayapti? Siz Respublikadagi oliy ta'lim muassasalari soniga qarang, nechta muassasa bor?

— 100dan ortiq.

— To‘g‘ri, lekin bu filiallar bilan hisoblaganda. Asosiy bosh universitetlarni sanasangiz ularni soni 70tadan oshmaydi. Xo‘sh, bu yerda biz qanday raqobat haqida gapirishimiz mumkin?

Viloyatlarga borsangiz nechta OTM bor, hammasi Toshkentda yig‘ilib qolgan-ku. Nega viloyatda ochilmaydi? Viloyatlar bo‘yicha reyting qilamiz desak, ma'no qayerda qoladi? Qashqadaryoga boring, Qarshi davlat universiteti va Qarshi muhandislik iqtisodiyot instituti bor. Ularni bir-biri bilan qanday solishtiramiz, biri davlat universiteti, biri muhandislik yo‘nalishida-ku. Shuning uchun ham inspeksiya tinimsiz bong urib kelyapmiz, oliy ta'lim tizimida raqobat muhitini yarataylik, deb.

Nega viloyatlarda universitetlar ochilmasligi kerak, nega faqat Toshkentda ochilishi kerak? Nega xususiy sektor kirib kelishiga bunchalik tish-tirnog‘imiz bilan qarshi turamiz? Yo‘l beraylik axir ularga ham. Xorijiy OTMlar kelyapti, ularni ham viloyatlarga yo‘naltiraylik. Shunda raqobat tizimi shakllanadi.

Biz siz aytganday talabni hududlar bo‘yicha qo‘ysak, ikki- uchta OTMni nimasini baholaymiz? Siz aytgan tizim ham bizda bor edi, lekin bizdagi muhit, sharoitlar uni joriy qilishga yo‘l bermayapti.

Sohalar bo‘yicha reyting tizimini olib ko‘raylik. Bizda ta'limdagi ayrim tizimlar monopoliya. Ayrim yo‘nalishlarda o‘qitish faqat bitta OTMga vakolat bor. Nima boshqalari o‘qitolmaydimi? Masalan, yuridik sohani oling. Men bu tizimda qanday reyting chiqaraman? Nega tizimlarda monopoliya bor? Raqobatni xohlasak boshqalarga ham imkoniyat berishimiz kerak emasmi? Yuridik soha bo‘yicha boshqalar ham kadr chiqarsin va biz ularni reyting qilib baholaylik. Biz qancha sharoit qilsak ham monopoliya oyog‘imizdan tortyapti.

Monopoliya — eng yomon narsa. Bizda iqtisodiyotda monopoliya shakllanayapti. Unda monopoliyaga qarshi kurashilyapti. Oliy ta'lim tizimi esa mana shu o‘zgarishlardan orqada qolyapti. Hali ham markazlashgan boshqaruv. Raqobat muhitini yaratish desa hamma o‘zini olib qochadi. Biz oliy ta'lim tizimining mehnat bozori talablariga javob berishini xohlasak jamiyatdagi o‘zgarishlar bilan moslashishimiz kerak. Bu tizim esa jamiyatdan orqada.

Suhbatning davomini yuqoridagi video orqali tomosha qiling. Unda oliy ta'lim tizimida o‘qishga qabul bo‘yicha kvotalar soni oshib borishining ilmiy salohiyatga salbiy ta'siri, ko‘plab e'tirozlarga sabab bo‘lgan taklif: nodavlat ta'lim muassasalarida forma nazorati mavzusi va boshqa masalalar muhokama qilinadi.

Mavzuga oid