O‘zbekistonlik o‘quvchilar ilk marta ishtirok etgan PISA natijalari e’lon qilindi
2022 yilda O‘zbekiston maktablari 15 yoshli o‘quvchilar bilimini baholash bo‘yicha xalqaro dastur – PISA imtihonlarida ilk marta ishtirok etgan edi. Sinov natijalariga ko‘ra, o‘zbekistonlik bolalar 81 ta mamlakat orasida matematika bo‘yicha 72-o‘rinni, tabiiy fanlar va o‘qish savodxonligi yo‘nalishlarida 80-o‘rinni egalladi.
PISA testining 2022 yilgi natijalari e’lon qilindi. O‘tgan yilgi testda 81 mamlakatdan 15 yoshli 690 ming o‘quvchi qatnashgan. Ular o‘z mamlakatlaridagi 26 million o‘quvchining o‘rtacha bilimini aks ettiradi.
PISA testlari o‘zi nima?
Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (OCED) tashabbusi bilan har 3 yilda bir marta The Programme for International Student Assessment (PISA) xalqaro o‘quvchilarni baholash testlari o‘tkaziladi.
PISA testlari xalqaro tan olingan o‘lchovdan foydalanib, o‘qitish tizimlari, maktablar, o‘qituvchilar va o‘quvchilardan ma’lumotlarni to‘plab, o‘quvchilar bilimini baholaydi.
Bu test sinovlari 2000 yildan boshlangan. 2022 yildagisi hisob bo‘yicha sakkizinchisi bo‘ldi. Testlar o‘quvchilarning matematika, tabiiy fanlar va o‘qish bo‘yicha mahorat hamda bilimini sinovdan o‘tkazadi. O‘quvchilar 2 bosqichda saralab olinadi. 1-bosqichida qishloq va shahar hududlaridan aralash 150 maktab tanlab olinadi. Keyin har bir maktabdan 42 o‘quvchi ixtiyoriy tanlanadi. Test natijalari 3 guruhga ajratiladi: o‘rtachadan yuqori, o‘rtacha va past.
Eng yuqori natija Singapurda
Natijalarga ko‘ra, matematika yo‘nalishida o‘zbekistonlik o‘quvchilar 81 davlat orasidan 364 ball bilan 72-o‘rinni egallagan. Matematika savodxonligi bo‘yicha eng yuqori ball qayd etganlar:
- Singapur – 575 ball ( 2018 yildagidan 6 ball o‘sish)
- Makao (Xitoy) –552 ball (6 ball kamayish)
- Xitoy Taypei – 547 ball (16 ball o‘sish)
- Honkong – 540 ball (11 ball kamayish)
- Yaponiya – 536 ball (9 ball o‘sish)
- Xuddi shu yo‘nalishda eng past ball qayd etganlar:
- Gvatemala – 344 ball (10 ball o‘sish)
- Salvador – 343 ball (qatnashmagan)
- Dominikan respublikasi – 339 ball (14 ball o‘sish)
- Paragvay – 338 ball (11 ball o‘sish)
- Kambodja – 336 ball (12 ball o‘sish).
2-yo‘nalish o‘qish savodxonligi bo‘yicha o‘zbekistonlik o‘quvchilar 336 ball bilan 80-o‘rinni egallagan. O‘zbekistonga o‘xshash eng past natijalarni Kosova, Iordaniya, Marokash va Kambodja o‘quvchilari ko‘rsatgan.
O‘qish savodxonligi bo‘yicha ham eng yuqori natijani 543 ball bilan Singapur ko‘rsatgan. Undan keyin Iordaniya, Yaponiya, Koreya va Xitoy Taypei o‘rin olgan.
3-yo‘nalish tabiiy fanlar savodxonligi bo‘yicha O‘zbekiston 355 ball bilan 80-o‘rinni egallagan. Bu yo‘nalishda Singapur 561 ball bilan birinchi o‘rinda turgan bo‘lsa, undan keyin Yaponiya, Makao (Xitoy), Xitoy Taypei va Koreya TOP 5 talikka kirgan. Eng yomon natija ko‘rsatgan 5 ta mamlakat qatoriga esa 360 ball bilan Dominikan Respublikasi undan keyin Kosova, Filippin, O‘zbekiston va oxirgi o‘rinda Kambodja turibdi.
Umumiy ballarda pastlash kuzatilgan
Umuman olganda PISA testlarining 2022 yilgi natijalari 3 yo‘nalishda ham o‘quvchilarning o‘rtacha bilimi orqaga ketganini ko‘rsatadi. Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (IHTT)ga a’zo mamlakatlarning 25 foiz o‘quvchisi matematika, o‘qish va tabiiy fanlar savodxonligi bo‘yicha past natija ko‘rsatgan. Bu ko‘rsatkich IHTTga a’zo bo‘lmagan davlatlarda bundan ham yomonroq. Shunday 18 mamlakat o‘quvchilarining 60 foizi 3 ta fan bo‘yicha ham o‘ta past ball olishgan.
Umumiy natijalarga ko‘ra, 2022 yil uchun o‘rtacha ballar – matematika bo‘yicha 472, o‘qishda 476 va tabiiy fanlarda 485 ballga teng bo‘lgan.
O‘zbekistonlik o‘quvchilar natijalari
Matematika, tabiiy fanlar va o‘qish savodxonligi bo‘yicha bilimlar 6 ta darajaga bo‘lib o‘lchangan. Uchala yo‘nalishda ham birorta o‘zbekistonlik o‘quvchi 5- yoki 6-darajadagi natijani qayd eta olmagan:
Matematik savodxonlik bo‘yicha:
- 14,4 foiz o‘quvchi – 2-daraja
- 4,2 foiz o‘quvchi – 3-daraja
- 0,7 foiz o‘quvchi – 4-daraja
O‘qish savodxonligi bo‘yicha:
- 12,2 foiz o‘quvchi – 2-daraja
- 1,8 foiz o‘quvchi – 3-daraja
- 0,1 foiz o‘quvchi – 4-daraja
Tabiiy-ilmiy savodxonlik bo‘yicha:
- 16,5 foiz o‘quvchi – 2-daraja
- 2,2 foiz o‘quvchi – 3-daraja
- 0,1 foiz o‘quvchi – 4-daraja
Maktablarning katta qismi markazlashgan
Natijalar e’lon qilingach, O‘zbekiston natijalari haqida jamoat faollari o‘z munosabatlarini bildirdi.
Iqtisodchi Behzod Hoshimov PISA xulosalariga tayanib, o‘quvchilarning fanlar bo‘yicha yuqori savodxonlikka ega bo‘lishi mamlakatning qanchalik boyligiga ham bog‘liqligini aytgan.
“Mamlakat qancha boyroq bo‘lsa — 15 yoshli o‘quvchilarning matematik qobiliyati, o‘qish qobiliyati va ilm-fanni bilish qobiliyati balandroq bo‘ladi”, – deb yozgan u.
Shuningdek, Hoshimov o‘quvchilar natijalariga e’tibor qaratar ekan, minimal (2-darajali) o‘qib matnni tushunadigan o‘quvchilar foizi xavotirli ekanini yozgan.
“Ha, to‘g‘ri o‘qidingiz, atigi 14 foiz 15-yoshli o‘quvchilar, “o‘rtacha uzunlikdagi matndagi asosiy g‘oyani aniqlay oladi, ravshan aniqlangan, lekin ba’zan murakkab kriteriylar asosida ma’lumot topa oladilar va agar ravshan qilib ko‘rsatilsa, matnning maqsadi va shakli haqida fikr yurita oladilar”. Bu degani, 86% o‘quvchilarimiz buni uddalay olmaydi”, – deb yozgan u.
Iqtisodchi o‘quvchilarning bunday yomon natija ko‘rsatishiga O‘zbekistondagi 90 foiz maktablarda ta’lim markazlashganini ham sabab qilib ko‘rsatgan.
Jamoat faoli Isroil Tillaboyev esa ilk bor qatnashgan barcha davlatlarda bunday natija kuzatilishini aytib, bundan fojia yasamaslikni yozgan.
“Aniq reja asosida darslarni tashkil etib, keyingi imtihonda yuqoriga chiqishga harakat qilish kerak”, – degan u.
Mavzuga oid
20:17 / 05.11.2024
Ma’rifiy faoliyat bilan ruxsatsiz shug‘ullanganlik uchun javobgarlik belgilandi
17:18 / 05.11.2024
Raqobat kuchli: Xitoydagi ta’lim tizimi yoshlar orasida ruhiy tushkunlikka sabab bo‘lmoqda
16:29 / 21.10.2024
Kadrlar tayyorlaydigan yagona texnikumlar tarmog‘i tashkil etiladi
16:40 / 08.10.2024