Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Uyidan chiqa olmaydigan pensionerlarning naqd pulga ehtiyoji muammosi hal qilinadi – Mamarizo Nurmuratov
Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov pensiyalarning plastik kartochkaga o‘tkazilishi haqida ma'lumot berdi.
Davletov.uz kanali muallifi Qobil Xidirov Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov bilan suhbat uyushtirdi.
— Shu kecha kunduzda qilinayotgan ishlar haqida savol bermoqchi edim. Yaqinda respublika maxsus komissiyasi qarori bilan may oyidan boshlab pensiyalarni bosqichma-bosqich plastik kartochkaga o‘tkazish belgilandi. Juda qisqa muddat olinyapti. Savolim shundayki: uzoq qishloqlarda terminal masalasida katta muammolar bor, odam naqd pulga ehtiyoj sezadi. Shu borada ikki oyog‘imiz bir etikka tiqilib qolmaydimi?
— Savolingiz juda o‘rinli. Shu savolni uyg‘otadigan holat – pensiyani faqat bitta bank orqali tarqatishimiz. Agar hamma banklar orqali pensiya tarqatganimizda bu muammoga o‘rin qolmasdi. Xalq bankidan qariyb 4,5 milliondan ortiq kishi har oyda 2 trln 650 mlrd atrofida pensiya oladi.
Shuning uchun ham bu bo‘yicha ishni tashkil qilishni 2 bosqichga bo‘ldik. Bugungi kunda to‘liq Toshkent shahri, Nukus shahri va viloyat markazlarida [pensiyani kartochkaga o‘tkazishga] to‘liq o‘tkazamiz. May oyida esa tumanlarni o‘tkazamiz.
Buguni kunda ochig‘ini aytishim kerak, 3 smenada ishlab, Pensiya jamg‘armasi bilan birga plastik kartochkasi yo‘q bo‘lgan pensionerlarimizga plastik kartochkalarini tayyorlayapmiz. Bugungi kunda o‘z arizalari bilan pensionerlarimizning 19 foizi pensiyalarini kartasiga oladi. Biz qolgan 80 foiz to‘g‘risida gapiryapmiz. Ularni hozir aytganimdek ikki bosqichda to‘liq amalga oshirishga ulguramiz. Hech qanday muammo bo‘lmaydi.
Bizda bir tizim bor. Uyda yotib qolgan, harakatlana olmaydigan nafaqaxo‘rlarimiz bor. Keyin birinchi, ikkinchi guruh nogironlari. Oldingi normal sharoitda ham ularga doimo uyga yetkazib berish tizimi tashkil qilingandi. Biz hozirgi tez ishlayotgan sharoitda kim yotoqda, kim harakatlana oladi, ularni ajrata olmaymiz. Shuning uchun shunday tizim ishlab chiqdik: hozir ularga ham kartochka beramiz, lekin pensiya to‘lash muddatida bank xodimlari karantin tugagunicha maxsus kiyimlarda borib, o‘sha kartochkasidagi pulini naqdlashtirib beradi. Shu bilan biz u muammoni ham hal qilamiz.
Eslatib o‘tamiz, 14 aprel kuni Respublika maxsus komissiyasi qaroriga ko‘ra, O‘zbekistonda karantin davrida pensioner va nafaqaxo‘rlarning salomatligini saqlash maqsadida, shuningdek, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyalariga ko‘ra respublikadagi epidemiologik holat barqarorlashgunga qadar may oyidan pensiya va nafaqalarni to‘liqligicha plastik kartalarga o‘tkazish belgilandi.
Pensiya jamg‘armasi kartasi bo‘lmagan pensioner va nafaqaxo‘rlarga bank plastik kartalari bepul ochib berilishini ma'lum qilgan.
19 aprel kuni Respublika maxsus komissiyasi qaroriga ko‘ra pensionerlarning plastik kartalaridagi operatsiyalar uchun komission to‘lovlar undirilmasligi ma'lum qilindi.
Mavzuga oid
19:30 / 25.05.2025
Rossiyalik oligarx mamlakatda pensiyani bekor qilish taklifi bilan chiqdi
22:18 / 14.05.2025
“170 dona 200 so‘mlik” - Navoiyda pensiyaning bir qismi tangada to‘lanayotgani aytilyapti
11:37 / 30.04.2025
Fuqarolarga yoshga doir pensiyani tayinlash tartibi yengillashtirilyapti
11:03 / 08.06.2024