Botir Arifjanov: «Iqtisodiyotimizni kelajakdagi chaqiriqlarga tayyorlash uchun internet infratuzilmasini rivojlantirish kerak»
LeBazar kompaniyasi asoschisi Botir Arifjanov MFactor loyihasi doirasidagi chiqishida «Endi barcha bizneslar onlayn» mavzusida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
— Biznesni onlaynga o‘tkazishdagi muammolar nimalardan iborat?
— Internet yoki onlaynning rivojlanishidagi asosiy ko‘rsatkichlardan biri - xalq orasida yoki jamiyatda internetning qanchalik kirib borganligidir. Bu masalada statistikaga qaraganimda O‘zbekistonda bugungi kunda 33 million aholidan 22 millioni internet bilan ta'minlangan. Ulardan 19 million kishi mobil internetdan foydalanadi.
Bu statistikaning metodikasi qanday ekanini bilmayman. Lekin shunga qaramay, shu paytgacha ko‘ramizki, Toshkentdan tashqariga chiqqanimizda internetning sifati juda tushib ketadi. Ko‘p narsani ishlatishga qiynalamiz. Ba'zi joylarda mutlaqo yo‘q. Bu katta muammo albatta. Bundan tashqari, internet bo‘lgani bilan undan foydalanish saviyasi hali deyarli boshqacha. Bilamizki, bizda internet bir tomonlama rivojlanyapti. Internet deganda ko‘plar telegram orqali har xil kanallarga ulanib, o‘sha yerdan ma'lumot olish va hokazoni tushunishadi.
U «Orient Capital Management» kompaniyasi direktori Anvar Irchayevning MFactor loyihasi doirasida O‘zbekistonda onlayn biznes rivojlanishi uchun hal qilinishi kerak bo‘lgan jiddiy masalalar mavjud ekani, ularni 3-5 yil ichida hal qilish mumkinligi haqida aytgan fikriga o‘z munosabatini bildirdi.
— Kecha Anvar aka gapirganlarida bir narsani aytdilarki, Rossiyada bir necha yil oldin ko‘rganman. Bizda 3-4 yil ketishi mumkin degan.
Texnologik rivojlanish jarayoni shundayki, boshqa davlatlarda kirib borish bosqichi keyingi bosqichlarga nisbatan sekinroq bo‘ladi. Keyingi har bir bosqichda bu narsa bilan to‘qnash kelayotgan davlat, joy, kompaniyada bu jarayonlar bir necha baravar tezlashib ketishi mumkin. Sababi o‘tilgan yo‘lda uchragan to‘g‘anoqlar ma'lum bo‘ladi, texnologiyaning tannarxi tushib borishi ham katta effekt. Uni qo‘yish, tarqatish, chekkalarga ham yetkazib borish nuqtayi nazaridan arzonlashib, osonlashib boradi. Shu sababli mening fikrim – boshqa davlatlarda 4-5 yil ketgan bo‘lsa, buni bir necha baravar tezroq amalga oshirilishi ehtimoli katta. Ayniqsa hozirgi kunda kuzatilayotgan pandemiya orqali onlaynda ko‘p narsani hal qilsak bo‘larkan, degan narsa nafaqat biznes tomonidan, balki davlat arboblari, hukumat tomonidan ko‘rilib, foydalanish boshlandi. O‘ylaymanki, keyingi bosqichda bu narsaga investitsiya ko‘payib, jarayon tezlashadi.
LeBazar kompaniyasi asoschisi O‘zbekistonda internet va onlaynning kechagi kuni, hozirgi kuni va kelajagi haqida o‘z fikrlarini bildirdi.
— So‘nggi ikki yilda internetga tezroq yetkazib borish haqida prezidentimiz tomonidan aytildi, hukumat tomonidan topshiriqlar berildi. Bu narsaga ko‘p e'tibor berildi. Lekin hali qilinadigan ish ko‘p. Bugungi kunga kelib, eng arzon internet bizda deb ayta olmayman. Juda ko‘p taqqoslama jadvallar chiqib turadi: bizning internet bilan qo‘shni Qozog‘iston, Rossiyadagi internetning narxi solishtirilganda, bizda hali ham bir necha baravar qimmatligini ko‘rishimiz mumkin. Bu bugungi kungacha bo‘lgan holat.
Bugungi kundagi holat shundan iboratki, ko‘p muammolarni u orqali yechsak bo‘larkan, u hayotning taqozo qilib qo‘ygan narsasi ekan. U elektr energiyasi, gaz kabi har bir xonadon, oila, insonda bo‘lishi shart bo‘lgan narsalardan biri bo‘lib qoldi. Bundan ko‘rinishga kelganidan keyin o‘ylaymanki, kelajakda unga e'tibor mutlaqo boshqacha bo‘ladi. Mutlaqo boshqacha bo‘lishi shart. Bizda «O‘zbektelekom» monopoliya bo‘lgani sababli, u tomonidan va mutasaddi tashkilotlar tomonidan e'tibor keskin o‘zgarib, rivojlantirishga harakat qilinishi kerak. Agar biz kelajakda bo‘ladigan boshqa chaqiriqlarga o‘zimizni, iqtisodiyotimizni oldindan tayyorlash harakatida bo‘lamiz desak, asosiy qilinadigan narsalardan bittasi – internet infratuzilmasini rivojlantirish.
Botir Arifjanov internetning arzonlashtirilishi eksportni oshirish va yangi avlodni umuman boshqacha tarbiyalash imkonini berishi haqida gapirib o‘tdi.
— Internetning arzonlashtirilishi rivojlanishga ta'sir qiladimi?
— Albatta. Misol uchun qarang: sanoat inqilobi tarixiga qaraydigan bo‘lsak, u nima sababdan kelib chiqdi? Bug‘ mashinasi - sanoat inqilobining boshlanishida samaradorlikni oshirib berishdagi asosiy manbalardan biri. Keyinchalik elektr energiyasi kelib chiqdi va hokazo.
Internet qaysidir bir ko‘rinishda elektr energiyasiga o‘xshagan narsa. Agar biz uning tannarxini qanchalik arzon qilib beradigan bo‘lsak, u asosida yetishtirib chiqarish mumkin bo‘lgan xalqqa yoki iqtisodga kiritish mumkin bo‘lgan narsalarning salmog‘i bir necha baravar oshadi. Buguni kunga kelib, O‘zbekiston YaIMning uchdan bir qismi servisdan tashkil topadi. Tasavvur qilyapsizmi, agar unga internetdan foydalanish imkoniyatini qo‘shib beradigan bo‘lsak, servisni nafaqat O‘zbekiston miqyosida, [balki] O‘zbekiston chegarasidan tashqariga eksport qilish orqali iqtisodga millionlab pul kirib kelish imkoniyati bor. Sababi – hozirgi kunda asosiy konsentratsiya shaharlarda: Toshkent shahri, qaysidir ko‘rinishda vodiyda segment bor, Buxoro, Samarqand. Boshqa shaharlarni kamsitish emas, asosiy mana shu to‘rtta nuqta.
Internet har bir xonadon, qishloqqa yetib borsa, birinchidan, bola u orqali ta'lim oladi, o‘z saviyasini oshiradi. Saviyasini oshirganda ham yetuk ta'lim olish imkoniyati bo‘ladi. O‘z qishlog‘i yoki shaharcha darajasida, unga mos sifatdagi ta'lim emas, dunyo standartiga javob beradigan ta'lim olish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Demak, u ta'lim oldi, kerakli ko‘nikmalarni yig‘di, kasbning egasi bo‘ldimi, internet orqali u keyinchalik dunyoga chiqishni boshlaydi. Bu nima degani? Bu degani eksport, aholining saviyasi oshib borishi va biz yangi avlodni umuman boshqacha tarbiyalaymiz degani.
To‘liq suhbatni MFactor’ning You Tube’dagi kanalida tomosha qilish mumkin.
Mavzuga oid
11:28 / 20.11.2024
Hukumat investitsiya kompleksi iqtisodiyot uchun muhim bo‘lgan 300 dan ziyod yirik loyihani ishga tushiradi
21:21 / 14.11.2024
AQSh dollarining mustahkamlanishi global muammoga aylanadi - The Economist
20:57 / 08.11.2024
Xitoy iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish uchun trillion dollar ajratdi
19:18 / 05.11.2024