Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbekistonda yangi investitsiya kompaniyasi tashkil etiladi - Prezident qarori loyihasi
Davlat aktivlarini boshqarish, xususiylashtirish va bo‘sh turgan obektlarni xo‘jalik faoliyatiga jalb etish etish yuzasidan qo‘shimcha chora-tadbirlar qabul qilinadi
Prezidentning “Davlat aktivlarini boshqarish, xususiylashtirish va bo‘sh turgan obektlarni xo‘jalik faoliyatiga jalb etish etish yuzasidan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori loyihasi muhokama uchun joylashtirildi.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Moliya vazirligi va Iqtisodiyot va sanoat vazirligining:
davlat ishtirokidagi korxonalarning investitsiyaviy jozibadorligini ta'minlash uchun sotishdan oldin tayyorgarlik ishlarini amalga oshirish va salohiyatli investorlarga sotish orqali xususiylashtirishning muvaffaqiyatli natijalarini ta'minlash bo‘yicha aksiyadorlik jamiyati shaklida “UzAssets” investitsiya kompaniyasini;
davlat egaligida saqlanadigan korxonalarda ilg‘or korporativ boshqaruv amaliyotini tatbiq etish orqali ularni samarali boshqarish bo‘yicha Korporativ boshqaruv Loyiha ofisini;
foydalanilmasdan turgan obektlardan oqilona va samarali foydalanish, ularni xo‘jalik faoliyatiga jalb etish orqali investitsiyaviy loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha davlat muassasasi shaklida Bo‘sh turgan obektlardan samarali foydalanishni tashkil etish markazi tashkil etish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berilishi mumkin.
Quyidagilar:
a) “UzAssets” investitsiya kompaniyasining asosiy vazifalari etib:
korxonalarni sotishdan oldin tayyorlash, shu jumladan investitsiyaviy jozibadorligini oshirish, bu borada samarali mexanizmlarni joriy etish bo‘yicha xorijiy, xalqaro institutlar va kompaniyalar bilan samarali ishlarni tashkil etish;
korxonalar faoliyatini kompleks tahlil qilish (due diligence), investitsiyaviy “diagnostika”sini o‘tkazish, “benchmarking” usulida taqqoslash orqali rivojlanish prognoz ko‘rsatkichlarini belgilash;
korxonalarning daromadlilik normasini xalqaro amaliyotdagi mezonlar asosida tahlil qilish (IRR, NPV, EBITDA va boshqalar);
ustav kapitaliga berilgan aksiya paketlarini (ulushlarini) samarali boshqarish, korxonalarni ichki va tashqi bozorlarda raqobatlasha oladigan (market oriented) korxonalarga aylantirish;
salohiyatli investorlarning ro‘yxatini shakllantirish (short-list);
investitsiya vositachilarini jalb etgan holda “Road Show” dasturlarini ishlab chiqish va maqsadli auditoriyalar uchun taqdimotlar o‘tkazib borilishini tashkil etish;
iqtisodiyot tarmoqlarini uzoq muddatli rivojlantirish maqsadlaridan kelib chiqib, ustav kapitaliga berilgan aktivlarni salohiyatli investorlarga sotish orqali barqaror va muvaffaqiyatli xususiylashtirishni ta'minlash.
b) Korporativ boshqaruv Loyiha ofisining asosiy vazifalari etib:
davlat ishtirokidagi korxonalarda ilg‘or korporativ boshqaruv amaliyotini tatbiq qilish, bunda malakali xorijiy mutaxassislarni jalb etish;
korxonalar Kuzatuv kengashlari va menejmenti tarkibiga kiritish uchun malakali ekspertlar ma'lumotlar bazasini shakllantirish;
xalqaro tajribaga ega yetakchi ekspertlarni korxonalar rahbarlari, xodimlari va konsultantlari sifatida yollashni tashkil etish;
davlat ishtirokidagi korxonalar samaradorligini oshirishga qaratilgan samaradorlikning muhim ko‘rsatkichlarini (KPI) va maqsadli ko‘rsatkichlarini ishlab chiqish;
korxonalarda moliyaviy hisobotni xalqaro standartlar asosida yuritilishini tashkil etish;
korporativ boshqaruv tizimi darajasidagi diagnostikani o‘tkazish, ushbu asosda baholash standartlarini ishlab chiqish va reytingini e'lon qilib borish;
korxonalarning boshqaruv organlari vakillari uchun menejmentning ilg‘or tajribasi, jumladan risklarni boshqarish, ichki nazorat va boshqa asosiy yo‘nalishlar bo‘yicha trening, master-klass, seminar va davra suhbatlarini tashkil etish.
v) Markazning asosiy vazifalari va faoliyati yo‘nalishlari etib:
mulkchilik shaklidan qat'iy nazar barcha toifadagi bo‘sh turgan noturar bino va inshootlar, foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlarini aniqlash va hisobini yuritish;
bo‘sh turgan obektlarni monitoring qilish, ularning ishga tushirilganligi hisobini yuritish;
bo‘sh turgan davlat obektlaridan samarali foydalanishni tashkil etish;
davlat mulkini ijaraga berish;
davlat mulki bo‘lmagan obektlarni ularning mulkdorlarining ixtiyoriga ko‘ra ijaraga berishda qatnashish belgilanadi.
Belgilanishicha:
a) “UzAssets” investitsiya kompaniyasining:
ustav kapitali Agentlikning budjetdan tashqari jamg‘armalari hisobidan 20,0 mlrd. so‘m miqdoridagi pul mablag‘lari hisobiga shakllantiriladi;
ustav kapitaliga keyinchalik o‘tkaziladigan xususiylashtirilishi belgilangan davlat ulushlari nominal qiymatda Agentlikning buyrug‘i asosida amalga oshiriladi;
Kuzatuv kengashi tarkibining kamida 50 foizi yuqori malakali, xalqaro tajribaga ega bo‘lgan mutaxassislardan iborat bo‘ladi va Agentlik direktori ham kiritiladi;
ustav kapitaliga berilgan davlat ulushlari uning Kuzatuv kengashi qaroriga asosan bozor kon'yunkturasidan kelib chiqqan holda, xalqaro amaliyotda keng qo‘llanadigan tartiblarga muvofiq mustaqil ravishda sotiladi;
ustav kapitalini shakllantirish uchun beriladigan aktivlar qiymati uning soliq solish bazasida hisobga olinmaydi;
ijro organining rahbarini tayinlash to‘g‘risidagi qaror xorijiy menejyerlar ham ishtirok etishi mumkin bo‘lgan tanlov asosida qabul qilinadi;
sof foydasi uning Kuzatuv kengashi tomonidan tasdiqlangan saqlash xarajatlari, jumladan korxonalarni sotishdan oldingi tayyorlash bilan bog‘liq xarajatlarni chegirgan holda, to‘laligicha dividend sifatida Agentlikka o‘tkaziladi va davlat aktivlarini xususiylashtirishdan tushgan mablag‘lar sifatida o‘rnatilgan tartibda taqsimlanadi;
b) Korporativ boshqaruv Loyiha ofisining faoliyati Agentlikning budjetdan tashqari mablag‘lari va davlat aktivlarini xususiylashtirishdan tushgan mablag‘larni budjetga yo‘naltirilishi belgilangan prognoz ko‘rsatkichlaridan ortiqcha tushgan mablag‘lar hisobidan moliyalashtiriladi;
v) Markaz:
Agentlikning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hududiy boshqarmalari huzuridagi “Davlat mulkini ijaraga berish markazi” davlat unitar korxonalari negizida tashkil etiladi va ularning barcha huquqlari, majburiyatlari va shartnomalari bo‘yicha huquqiy vorisi hisoblanadi;
bo‘sh turgan davlat obektlari (investitsiya dasturi asosida kiritilgan obektlar bundan mustasno) saqlash va ulardan kelgusida samarali foydalanish uchun balansda saqlovchilar tomonidan Markaz va uning hududiy boshqarmalari tasarrufiga topshiriladi;
o‘ziga yuklatilgan vakolatlarga muvofiq sudlarga ko‘rib chiqishi uchun o‘zi va hududiy boshqarmalari tomonidan kiritiladigan da'volar bo‘yicha davlat boji to‘lashdan ozod qilinadi;
O‘zbekiston Respublikasi davlat budjeti, davlat mulki ijarasidan tushadigan mablag‘lar, Agentlikning budjetdan tashqari jamg‘armasi mablag‘lari va qonun hujjatlari bilan ta'qiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga moliyalashtiriladi;
Markaz direktori lavozimi bo‘yicha Agentlikning direktori o‘rinbosari lavozimiga tenglashtiriladi.
Mavzuga oid
22:51 / 24.05.2025
«Avtooyna» MChJ va «Yoshlik» sport majmuasi sotildi. Xaridorlar kim?
16:52 / 07.05.2025
Noshaffof xususiylashtirishlar. Bu yana davom etadimi?
17:21 / 30.04.2025
Toshkentning Shayxontohur tumani hokimligi binosi sotuvga qo‘yildi
20:36 / 28.04.2025