O‘zbekiston | 22:41 / 24.04.2020
44272
7 daqiqa o‘qiladi

Pensiyalar nega plastik kartaga o‘tkazildi? Humo brendi rahbari Shuhrat Qurbonov bilan suhbat

Kun.uz pandemiya davrida infeksiya tarqatuvchi manbalardan biri sifatida ko‘rsatilgan pullar haqida Humo brendi ostida faoliyat yurituvchi Milliy banklararo protsessing markazi rahbari Shuhrat Qurbonov bilan suhbatlashdi. Unda bank plastik kartalarga o‘tkazilgan pensiyalar, Humo kartalariga xizmat ko‘rsatish sifati hamda bankomatlar orqali pullarni naqdlashtirish masalalari muhokama qilingan. 

–Kontaksiz aloqa qilish, ayniqsa pul ham virus tashuvchisi sifatida ogohlantirilganidan keyin, aholi, xususan nafaqaxo‘rlarga plastik kartalardan foydalanish tavsiya etildi. Odamlarda, tabiiyki, savollar tug‘iladi: bundan Humo brendi moliyaviy foyda topishni o‘yladimi yoki to‘lovlarni o‘tkazayotganda bizda qanaqa masalalar tug‘iladi?  O‘zi umuman kartadan foydalanish imkoniyati barcha yerda bir xilmi, degan savollar berilmoqda. 

–Hozir qiziq payt bo‘lyapti. Mana, ko‘ryapmiz. Kartada, terminallari  hamda bank xizmatlarida revolyutsion rivojlanish bo‘lib turgandi. Bir oy ichida bank plastik kartalari tizimida katta o‘zgarishlar kuzatilyapti. Holat shuni talab qiladi. Masalan, kartalarni masofadan turib onlayn ochish. Bu harakatlar bank plastik kartalariga nisbatan odamlarning ishonchini oshirish maqsadida amalga oshirilyapti. Lekin xalqimiz naqd pul bilan ko‘proq muomalada bo‘lishga intiladi. Naqd pul bizga qanaqadir yaqinroq. Hazil ham bor: sanab turishga osonroq. 

Pandemiya davrida o‘zim ham o‘ylanib qoldim. Bozorda 1000, 5000 so‘mlik qanday aylanib yurishini o‘zingiz guvohi bo‘lasiz. Masalan, sotuvchiga naqd pul berdingiz. U qaytim berdi. Shu tariqa pul aylanib yuribdi. Qisqa vaqt ichida 10-15 ta odam qo‘lidan o‘tishi mumkin. Bu degani qog‘oz pulda virus necha kundir yashaydi. Shunaqa xavf bo‘lib turgan paytda naqd puldan qochish kerak. Kontaksiz kartada savdo qilish zararlanish xavfini bir necha barobarga kamaytiradi. Unda odamlar bilan oldi-berdi umuman yo‘qoladi. Nima uchun Korzinka.uz va Makro supermarketlarida kontaksiz aloqa terminallarini nima uchun yo‘lga qo‘ydik? Odamlar o‘rtasida ijtimoiy masofa saqlashga yordam beradi, degan maqsadda qilindi. 

To‘g‘ri, Toshkentda terminallar bilan vaziyat yaxshiroq. Viloyatlarda sal qiyinroq bo‘lishi mumkin. Hozirgi kunda Humo terminallari bo‘yicha muammo yo‘q. 90 foiz holatda savdo nuqtalarida ishlab turibdi. Ko‘pchilik muammo qiladi: terminal yo‘q, ishlamayapti, sim-karta puli yo‘q, deydi. Har xil bahonalar o‘ylab topadi. Bu ham nimadan kelib chiqadi? Boshida aytganday naqd pulni tanlaganimizdan keyin bo‘lib turadigan holat. Ko‘pchilik joylarda QR-kod ham qo‘yilgan. Telefoningiz bo‘lsa QR-kod orqali ham to‘laysiz. Terminal qidirish ehtiyoji ham kamayganligini bildiradi. Terminal bor-yo‘qligi bo‘yicha 90 foizda muammo yo‘q. Ochig‘i, 10 foiz qolib turibdi. Olib kelish xizmatlari bor. Ularga yetmayapti, to‘g‘ri. Qisqa vaqtda bu kamchiliklar ham bartaraf qilinadi, chunki shu vaqtgacha bu narsada katta ehtiyoj bo‘lmagan.  Xuddi shunday taksidayam shunaqa. Ertaga taksiga o‘tirganda, naqd pul bermay, qaytim olmay, onlayn to‘lov qilay, deydi.

–Bu holatning paydo bo‘lishida haqiqatan ham tadbirkorlarda xizmatlarda foydalanishga terminallar yo‘qligi sabab bo‘lyaptimi yoki aholining bankka bo‘lgan ishonchsizligimi? Bunga nima sabab bo‘ladi, deb o‘ylaysiz?

–Aslida ikkita sababni ko‘raman. Birinchidan, biz uzoq davr mobaynida bankomatlarsiz yashaganmiz. Oldinlari bankomat bo‘lsayam, puli bo‘lmasdi. Naqd pul kerak bo‘lsa, bankka borishga to‘g‘ri kelardi. Tanish-bilish qidirib naqd pul qildirishga urinishlar bo‘lardi. Xullas, naqd pul yechish katta kvest edi. Hozir undaymas. Haligacha odamlarda qo‘rquv bor: bugun bankomatda pul bor, ertaga bo‘lmasligi mumkin. E'tibor bersangiz, chet elda odamlar bankomatlarda katta miqdorda summani yechib olmaydi. 5-10 dollar yechib olishi mumkin. 500 dollar yechmaydi. Bunday madaniyat shakllanishi uchun vaqt kerak.

Ikkinchidan, savdo shoxobchasiga plastik karta bilan borsangiz, sotuvchi xaridordan bankomatda naqd pul qildirib kelishini so‘raydi. Balki, bu xufiyona iqtisodiyot manfaati uchundir, balki ko‘pchilikka naqd pulda muomala qilish qulayroqdir. Aniq sababini aytolmayman. Ba'zida savdo qilsak, shuni naqd pulda beraqoling, deyishadi.

Terminal yo‘q bo‘lsa, qani olib chiq, desangiz, birpasda paydo bo‘lib qoladi. Zaryadi tugab qolibdi, deydi. Ko‘pchilik Humo kartalari bilan ham shunaqa holat bo‘ladi, deydi. Yashirmayman, bunaqa holatlar bor. O‘zim ham borgan joylarda terminal ishlamaydi, deydi. Qani olib chiq, deganda ishlab ketadi. Keyin aytishadi: aka, Humo kontaksiz bo‘lganidan keyin pul tushmas ekan. Har xil hikoyalarni aytib berishadi. Hammasi stereotiplar. Odamlar haliyam kontaksiz to‘lov shakliga ishonqiramay qarashyapti, hatto tadbirkorlar ham har xil fikrlarga borishyapti. Bu qo‘rquv, albatta, vaqtinchalik. Bir paytlar onlayn kartalarga o‘tilgandayam shunaqa bo‘lgan. 

Bir marta kontaksiz to‘lab ko‘rsangiz, boshqa to‘lov shaklida to‘lagingiz kelmaydi, chunki osonligini ko‘rasiz. Kartani hech kimga berishingiz shartmas. Karta sotuvchida qolib ketmaydi.Respublika maxsus komissiyasining qarorida plastik kartalarni naqd pul qildirganda, komission to‘lovlar olib tashlash belgilangan.
 
Intervyuning to‘lig‘ini Youtube orqali tomosha qilishingiz mumkin. 

Alisher Ro‘zioxunov suhbatlashdi

Mavzuga oid