Sport | 11:00 / 26.04.2020
4381
2 daqiqa o‘qiladi

«Olimpiakos» kelishilgan uchrashuvda qatnashganlikda gumonlanmoqda

«Olimpiakos» egasi Yevangelos Marinakis, «Atromitos» egasi Giorgos Spanos va olti nafar sobiq futbol hakamlariga nisbatan ham ayblovlar e'lon qilingan.

Foto: Global Look Press

«Olimpiakos» va «Atromitos» jamoalari kelishilgan uchrashuv o‘tkazishda gumonlanmoqda, ular Gretsiya Superligasidan chetlatilishi mumkin. Bu haqda Sport24, SDNA nashrlar va Sport FM radiostansiyasi xabar bermoqda.

Xabar qilinishicha, Gretsiya futbol federatsiyasining etika qo‘mitasi intizomiy surishtiruv o‘tkazmoqda. Qo‘mita 2015 yil 4 fevralda «Olimpiakos» va «Atromitos» o‘rtasidagi uchrashuvdan shubhalanmoqda. O‘shanda «Olimpiakos» uyida 2:1 hisobida g‘alaba qozongandi.

Sport FM radiostansiyasining bildirishicha, qo‘mita avvalroq bu uchrashuv bo‘yicha surishtiruv o‘tkazgan, ammo o‘shanda hech qanday qaror qabul qilinmagandi.  

«Olimpiakos» va «Atromitos» uchrashuvidagi aynan qanday holatlar shubha uyg‘otgani xabar qilinmagan. Klublarga 3 mln yevrodan jarima ham solinishi mumkin.

Shuningdek, «Olimpiakos» egasi Yevangelos Marinakis, «Atromitos» egasi Giorgos Spanos va olti nafar sobiq futbol hakamlariga nisbatan ham ayblovlar e'lon qilingan.

«Olimpiakos» — Gretsiyaning eng sovrindor jamoasi hisoblanadi. U 44 marta Gretsiya chempioni bo‘lgan, 27 marta mamlakat Kubogi va to‘rt marta Superkubogini qo‘lga kiritgan. Jamoa 1999 yilgi Chempionlar ligasida chorak finalgacha yetib borgan.

Mavzuga oid