Sport | 19:16 / 03.11.2023
22603
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston tennischisi kelishilgan o‘yinlarda qatnashgani uchun diskvalifikatsiya qilindi 

Sanjar Fayziyev 3,5 yilga chetlatildi va jarimaga tortildi. 

Sanjar Fayziyev

Xalqaro tennisda halollik uchun kurashuvchi agentlik (ITIA) Qozog‘iston, O‘zbekiston va Isroil tennischilarini kelishilgan o‘yinlarda ishtirok etgani uchun diskvalifikatsiya qildi. 

Jumladan, O‘zbekiston vakili Sanjar Fayziyev beshta kelishilgan o‘yinda ishtirok etganlikda aybdor deb topildi. U 3,5 yilga diskvalifikatsiya qilindi va 15 ming dollar jarimaga tortildi. 

Qozog‘istonlik Timur Xabibulin 21 ta kelishilgan o‘yinda ishtirok etgani uchun tennisdan umrbod chetlatildi va 60 ming dollar jarimaga tortildi. 

Isroillik Igor Smilanskiy 4 ming dollar jarima bilan 2 yilga diskvalifikatsiya qilindi. U 3 ta kelishilgan o‘yinda ishtirok etgan. 

Diskvalifikatsiya muddati 2023 yil 25 iyuldan - sportchilar vaqtincha chetlatilgan kundan boshlab hisoblanadi. Jazo davrida ularga tennis o‘ynash, murabbiylik qilish yoki tennis musobaqalarida qatnashish taqiqlanadi. 

Sanjar Fayziyev O‘zbekiston milliy jamoasi a’zosi hisoblanadi. U 2017 yilda ATP yakkalik reytingida o‘zi uchun eng yuqori - 253-o‘ringa ko‘tarilgan. Qozog‘iston va Isroil vakilidan farqli ravishda O‘zbekiston vakili bu yil professional musobaqalarda qatnashgan, jumladan, Devis Kubogida AQSh tennischilariga qarshi o‘ynagan edi. 

Mavzuga oid