O‘zbekiston | 14:49 / 30.04.2020
2218
3 daqiqa o‘qiladi

Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki Toshkent filiali binosi quriladi

Axborot texnologiyalari sohasini va dasturiy mahsulotlar ishlab chiqarishni yanada rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, ushbu sohadagi startap-loyihalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ichki va tashqi bozorlarda dasturiy va yuqori texnologiyali mahsulotlar va xizmatlarni targ‘ib qilishga ko‘maklashish maqsadida hukumat hujjati qabul qilinadi.

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida e'lon qilingan hujjat loyihasiga ko‘ra, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Toshkent shahar hokimligining:

Toshkent shahri Yashnobod tumani, Maxtumquli ko‘chasi, 9-uy manzilida joylashgan Muhammad al-Xorazmiy nomidagi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yo‘nalishiga oid fanlarni chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktab hududining 3800 kv.m. yer maydonini “Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki Direksiyasi” MChJ tasarrufiga o‘tkazish hamda ushbu yer maydonida Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki Toshkent filialining binosini qurish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik beriladi.

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bosh loyihalovchi va bosh pudratchi tashkiloti bilan birgalikda:

Texnopark Toshkent filiali qurilishi loyiha-smeta hujjatlarining belgilangan tartibda va muddatlarda ishlab chiqilishini, ko‘rib chiqilishini va vakolatli organlarda ekspertizadan o‘tkazilishini;

2020 yilning 31 dekabriga qadar Texnopark Toshkent filialini qurish va hududni obodonlashtirish bo‘yicha zarur choralar ko‘rilishini ta'minlaydi.

Texnopark Toshkent filialining qurilishini moliyalashtirish Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobiga amalga oshiriladi.

“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ, “Hududgazta'minot” AJ, O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Direksiya so‘roviga ko‘ra Texnopark Toshkent filialining muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanishi bo‘yicha texnik shartlarning taqdim etilishini ta'minlaydilar.

Direksiya, Texnopark Toshkent filialining ichimlik suv va kanalizatsiya tarmoqlariga ulanishga texnik shartlarini ishlab chiqish uchun zarur ichimlik suv va oqova suv hajmini Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligiga taqdim etilishini ta'minlaydi.

Qurilish vazirligi Texnopark Toshkent filialini qurish bo‘yicha qurilish-montaj ishlari bajarilishi sifati ustidan belgilangan tartibda arxitektura-qurilish nazoratini o‘rnatadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid