Jamiyat | 18:23 / 02.05.2020
11923
3 daqiqa o‘qiladi

Oilaviy nizolar «Ishonch telefoni» orqali hal qilinmoqda

O‘zbekiston Respublikasi gender tenglik masalalari komissiyasi tashabbusi bilan tashkil etilgan “Ishonch telefoni” respublika bo‘yicha oilaviy nizolar yuzasidan murojaatlarni qabul qilib, ularning yechimiga ko‘maklashmoqda.

Foto: Flickr

Xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish, ularga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlikning oldini olish maqsadida Gender tenglik komissiyasi tashabbusi bilan “Ishonch telefoni” tashkil etilgan bo‘lib, u yerda oilaviy nizolar bo‘yicha huquqshunos va ruhshunos maslahati taqdim etiladi. Manzilli murojaatlarga mas'ullar jalb qilingan holda, muammolar hal qilinadi.

Ma'lum qilinishicha, 24-30 aprel kunlari ishonch telefoniga 137ta murojaat bo‘lgan. Murojaatlar mazmunini oilada zo‘ravonlikka uchrash (43ta), moddiy yordam so‘rash (15ta), ajrimlar (27ta), aliment undirish (5ta), er-xotin o‘rtasida bola tarbiyasi bo‘yicha nizolar (12ta), sud qaroridan norozilik (5ta), mehnat nizolari (4ta), anonim qo‘ng‘iroqlar (3ta) tashkil etadi. Kelib tushgan 137ta murojaatning 131 tasi ijobiy hal etilishiga erishildi.

“Ishonch telefoni”ga murojaatlarning kelib tushish ko‘rsatkichlari tizim tashkil etilganining ikkinchi haftasi bilan solishtirganda kamayganini ko‘rish mumkin. Xususan, jismoniy va ruhiy zo‘ravonlik holatlari 22taga, ajrashish masalasidagi murojaatlar soni 20taga, aliment undirish muammosi 15taga kamaygan. Er va xotin o‘rtasida bola tarbiyasi bo‘yicha nizolar esa 7taga ko‘paydi. O‘z joniga qasd qilish bo‘yicha holatlar umuman qayd etilmagan.  

“Ishonch telefoni ish boshlaganining ikkinchi haftasida murojaatlar soni keskin oshdi. Bunga sabab, ommaviy axborot vositalarida, telegram kanallarida bo‘lgan katta targ‘ibot. Ancha yillardan buyon oilaviy zo‘ravonlikka chidab kelayotgan ayollar, ularni himoya qiladigan, dardlarini tushunadigan tashkilotlar borligini tushundilar. Har bir murojaatning ustidan operativ ravishda ish ko‘rishimiz, bunda joylardagi militsiya xodimlari, mahalla vakillari, NNTlar bilan hamkorlikda ish olib borishimiz juda samarali bo‘ldi. Hattoki olis qishloqlardan ham bizga qo‘ng‘iroqlar bo‘lib, u yerdagi ayollarning ham muammolarini hal etishga muvaffaq bo‘ldik. Bu katta yutuqdir. Aksariyat murojaatlar viloyatlardan bo‘ldi. U yerda yaxshi xabar tez tarqalishi sababli, murojaatlar joylarda, operativ ravishda hal etilishi boshlanganligini guvohi bo‘ldik. Bu hafta murojaatlar soni kamayish sababi shu bo‘lsa ajab emas”, deydi “Ishonch telefoni” mutaxassisi.

Oilaviy nizolar yuzaga kelganda yordam uchun ishonch telefonlari:

Operator
+99897 137-24-24
Ruhshunos
+99897 137-27-27
Huquqshunos
+99897137-26-26

Mavzuga oid