Iqtisodiyot | 19:10 / 28.03.2024
9753
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston iqtisodiyotidagi gender tenglik 700 ming odamni kambag‘allikdan olib chiqishi mumkin - Jahon banki

Jahon banki O‘zbekistonda gender tengligi bilan bog‘liq vaziyat haqida hisobotni taqdim etdi. 

Agar ayollar O‘zbekiston iqtisodiy hayotida erkaklar bilan teng ishtirok eta olsa, mamlakat yalpi milliy daromadi taxminan 29 foizga oshishi mumkin. Bu haqda Jahon banki ekspertlari tomonidan tayyorlangan «O‘zbekiston: mamlakatdagi gender holatni baholash» hisobotida aytilgan.

Qayd qilinishicha, ushbu foydalanilmagan iqtisodiy salohiyat 700 mingdan ortiq odamni kambag‘allikdan olib chiqishi mumkin. 

«O‘zbekiston: mamlakatdagi gender holatini baholash» hisobotida gender tengligining asosiy yo‘nalishlari, jumladan, ayollarning iqtisodiy faoliyat va imkoniyatlar, ta’lim tizimi va sog‘liqni saqlash xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlariga e’tibor qaratilgan. Shuningdek, unda xotin-qizlarni zo‘ravonlikdan himoya qilish, nikoh va ajrashish, ayollarning ijtimoiy-siyosiy hayotdagi ishtiroki bilan bog‘liq vaziyat o‘rganiladi. Bundan tashqari, hisobotda O‘zbekistonda ayollarning huquqlari va ularning jamiyatdagi o‘rni haqidagi tasavvurga ta’sir ko‘rsatadigan xatti-harakatlariga oid ijtimoiy me’yorlar va kutilmalar tahlil qilinadi. 

Jahon banki ekspertlari O‘zbekistonda gender tenglikka erishish uchun muhim islohotlar amalga oshirilayotganini qayd etishdi. Biroq, tegishli chora-tadbirlarning samarali ijrosi hozircha yetarlicha ta’minlanmagani ta’kidlandi. 

Tadqiqot shuni ko‘rsatadiki, O‘zbekistonda gender tengsizligi turli sohalarda, jumladan, mehnat bozoriga kirish, ayollarning jamiyatdagi o‘rni haqidagi tasavvurlar va ularga nisbatan zo‘ravonlik holatlarida namoyon bo‘lmoqda. 

Ushbu muammolarga yechim topish davlat va jamiyat ishtirokida kompleks va muvofiqlashtirilgan yondashuvni, jumladan, qonunchilikni yanada takomillashtirish, tegishli davlat va jamoat institutlarini mustahkamlash, fuqarolarning xabardorligini oshirish va boshqa chora-tadbirlarni amalga oshirishni taqozo etadi.

Mavzuga oid