«Hech bo‘lmasa Ramazonda suv berib turishsin» – Xo‘jaobod tumanidagi mahalla nuroniylari arzi
Andijon viloyati Xo‘jaobod tumani «Ipakchi» MFYning Kanalbo‘yi ko‘chasida yashovchi fuqarolar har kuni bir necha marta 0,5 km uzoqlikdagi katta ko‘chaning narigi tomonidan ichimlik suvi tashib kelishar ekan.
Navbatdagi murojaat ortidan ushbu tumanga yo‘l oldik.
«Ipakchi» mahallasi Andijon-O‘sh magistral yo‘li bo‘yiga joylashgan. Borganimizda katta ko‘chaning narigi yoqasidan suv tashiyotgan yosh bolalarni uchratdik. Ular har kuni mana shu serqatnov ko‘chadan o‘tib suv tashir ekan. Kanalbo‘yi ko‘chasida 50dan ortiq xonadon istiqomat qiladi.
Mahalla ahli birma-bir ichimlik suvi muammosini bayon qila boshladi.
«Ichimlik suvi bizda 3-4 yildan beri muammo. Ilgari boshqa tarmoqqa ulangan edik. O‘sha paytda suv bunchalik muammo bo‘lmagan. Hozirgi paytda tarmoq boshidagi suv quvurlari teshilib qolgani uchun suv bizgacha yetib kelmay qo‘ydi.
Katta ko‘cha bo‘yidagi «vodoprovod krani»dan turli idishlarda suv tashib ichamiz. Tuman hokimligiga bir necha marta murojaat qildik. Shu kungacha natijasi bo‘lmadi. «Suvoqova» tashkilotiga ham ko‘p uchradik. Hal qilamiz, deyishdan nariga o‘tishmadi. Ko‘chamizdan tuman mutasaddilari hech xabar olishmaydi», deydi Shahzodaxon Hojiyeva.
«Uyimizda suv tashib beradigan erkak kishi yo‘q. 90 yoshga kirgan onam va voyaga yetmagan 12 yashar o‘g‘lim bor. Ichimlik suvini kanaldan yoki katta ko‘chadagi suv tarmog‘idan tashib iste'mol qilamiz. O‘g‘limni suvga jo‘natishga jo‘natib, uyda hadikda o‘tiraman. Bu suv ham vaqtga qarab 2 soat mobaynida beriladi.
O‘g‘lim navbatda turib, suv yetmay qolgach, quruq idishlar bilan qaytgan kunlari ham bo‘lgan. Uni kanal bo‘yiga jo‘natish xavfli. Ayniqsa, yog‘ingarchilik kunlari suv tashish muammo bo‘ladi. Lekin boshqa ilojimiz yo‘q, suv kerak. Onamni yolg‘iz tashlab, o‘zim tashiyman. Mahalla raisiga va saylangan deputatga ham murojaat qildik. Ko‘rib turibsiz, hozirgacha hal bo‘lmayapti», deydi Muxtasar Ismoilova.
Kanalbo‘yi ko‘chasidagilar bilan muammo yuzasidan suhbatlashayotgan paytimizda, mahallaga o‘zlari ko‘cha boshiga tortgan 4ta suv tarmog‘idagi jo‘mraklarga suv keldi. Mahalladoshlar bir-biriga suv kelgani haqida xabar berishdi. Bo‘sh suv idishlarini to‘ldirib olishga harakat qilishdi.
«To‘rt yildan beri oqmayotgan suv siz kelib suratga olishni boshlashingiz bilan keldi. Demak, bizning tarmoqda ham suv ta'minotini yaxshilasa bo‘lar ekan», deydi mahalla oqsoqollaridan biri.
Lekin Kanalbo‘yi ko‘chasidagi yashovchilarning xursandchiligi uzoqqa cho‘zilmadi. 20-25 daqiqadan keyin suv to‘xtadi. Navbat yetib kelmay, suv idishlarini to‘ldira olmagan mahalla vakillari yana o‘sha katta ko‘cha yonidagi suv tarmog‘i tomon yo‘l ola boshladi.
Ichimlik suvi muammosi bo‘yicha mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Abdurahmon Tojiboyevdan telefon orqali izoh oldik.
«Ichimlik suvi muammosi bor. Barcha rahbarlar va deputatimiz ham bu muammo bo‘yicha harakat qilishyapti. Ichimlik suvi muammosini bartaraf qilishning bir yo‘li - «Sanoatchi» mahallasidagi suv minorasidan tarmoq tortganmiz. Suv tortadigan motor yetarli darajada suvni ta'minlab bera olmayapti. O‘tgan yili kuz faslida ham «Sanoatchi» mahallasi bilan suv muammosi bo‘yicha tortishuv bo‘lgan edi. O‘sha minoraga qo‘yilgan suv motorini kuchaytirish orqali muammoni yechishimiz mumkin», dedi u.
Xo‘jaoboddan qaytganimizdan so‘ng, «Ipakchi» mahallasidan saylangan deputat Yigitali Bekboyev bizga qo‘ng‘iroq qildi. U haqiqatan ham mahalla ahli ichimlik suvi bo‘yicha murojaat qilganini tasdiqladi. U ayni paytda toza ichimlik suvi muammosi bo‘yicha sektor rahbari bilan ish olib borilayotganini va tez kunlarda Kanalbo‘yi ko‘chasidagi muammo bartaraf bo‘lishini ta'kidladi.
Suv - ro‘zg‘orda eng ko‘p ishlatiladigan narsa. Katta yo‘l yoqalab, kanaldagi oqar suvdan tashiyotgan va bizga «Mutasaddilarga iltimosimizni yetkazing. Hech bo‘lmasa Ramazon oyida ichimlik suvi berib turishsin», degan aholining tilagini maqola orqali ifoda etdik. Aholi nafaqat ro‘za oyi ichi, balki, yil davomida uzluksiz ichimlik suvi bilan ta'minlanishi kerak.
Xo‘jaobod tumani mutasaddilaridan muammoli holat bo‘yicha aniq va samarali javob kutib qolamiz.
Sarvarbek Nazarov
Mavzuga oid
08:48 / 08.11.2024
Suv tannarxi oshib ketayotgan hududlar ma’lum qilindi
15:44 / 01.11.2024
Andijon viloyati hokimi o‘rinbosari qamoqqa olindi
21:48 / 28.10.2024
Qirg‘iziston qo‘shni davlatlarga qancha suv berayotganini e’lon qildi
12:00 / 26.10.2024