Jamiyat | 13:12 / 10.05.2020
44804
6 daqiqa o‘qiladi

Farg‘ona shahar obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘iga xodimlarining taqdiri o‘yinchoqmi?

Farg‘ona shahar obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘i karantin davrida 3 nafar xodimni ishdan bo‘shatib yuborgan. Obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘i A.Nazirov viloyat mehnat bosh boshqarmasi va kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasining talablarini pisand qilmayapti.

Farg‘ona shahar obodonlashtirish boshqarmasida faoliyat yuritib, tashkilot rahbari tomonidan ishdan bo‘shatib yuborilgan uch nafar xodim – Xamidullo Tashxodjayev, Shavkatjon Yaqubov va Mirolim Sotiboldiyev haqiqat izlashmoqda.

Uch xodim o‘zlarining ishdan noqonuniy tarzda bo‘shaganini isbotlash uchun turli idoralarga murojaat qilishgan. Ularning arizalari Farg‘ona viloyat bandlik va mehnat munosabatlari bosh boshqarmasi, Farg‘ona viloyati kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi Kengashi tomonidan o‘rganib chiqilgan.

«Men Farg‘ona shahar obodonlashtirish boshqarmasida 2018 yil noyabr oyidan buyon boshliq o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan edim. Doim o‘z ishimni sidqidildan bajarishga harakat qilganman. Boshqarma boshlig‘i Abdulla Nazirov 2020 yil 24 fevral kuni ishxonada o‘tkazilayotgan yig‘ilishdan meni chiqarib yubordi va bundan keyin yig‘ilishlarda qatnashmasligimni aytdi.

 Shunday bo‘lsa-da o‘z ishimni bajarib yuraverdim. 2020 yil 19 mart kuni boshqarma kasaba uyushma qo‘mitasi raisi meni majlisga chaqirtirib, boshqarma boshlig‘ining men bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilishga rozilik berishim bo‘yicha taqdimnomani o‘qib eshittirdi. Men o‘zimga qo‘yilgan ayblar noto‘g‘riligini aytdim. Shunga ko‘ra kasaba uyushmasi qo‘mitasi men bilan mehnat shartnomani bekor qilishga rozilik bermadi.

Biroq, shunday bo‘lsa ham men bilan tuzilgan mehnat shartnomasi 20 mart kungi 72-sonli buyruq bilan Mehnat kodeksining 100-moddasi 2-qismi, 3-bandiga ko‘ra bekor qilindi. Noqonuniy ravishda bo‘shatilganim sababli Farg‘ona viloyat bandlik va mehnat munosabatlari bosh boshqarmasi, Farg‘ona viloyati kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi Kengashiga murojaat qildim», deydi Xamidullo Tashxodjayev.

Murojaatdan so‘ng Farg‘ona viloyati kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi Kengashi Obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘i A.Nazirovning arizachiga nisbatan mehnat shartnomasini bekor qilish haqidagi buyrug‘ini amaldagi mehnat qonunchiligi talablariga zid deb topdi. 10 aprel kuni Kengash tomonidan obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘i nomiga qonun buzilish holatini bartaraf etish haqida taqdimnoma berildi.

 Taqdimnomada 7 kun ichida mehnat shartnomasini bekor qilish haqidagi buyruqni bekor qilish X.Toshxo‘jayevga 20 martdan beri ishsiz yurgan kunlariga o‘rtacha oylik ish haqi to‘lab berilishini ta'minlash so‘ralgan.

 Boshqarmaning yana bir xodimi Shavkatjon Yaqubov bilan ham xuddi shunday holat bo‘lgan. 17 mart kuni Sh.Yaqubov bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilinadi. Farg‘ona viloyati kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi Kengashi bu vaziyatda ham Obodonlashtirish boshqarmasi buyrug‘ini amaldagi mehnat qonunchiligi talablariga zid deb topib, taqdimnoma kiritgan.

Uchinchi xodim Mirolim Sotiboldiyevning ishdan bo‘shatilish jarayoni ham xuddi shunday kechgan.

Yuqoridagi holatlar bo‘yicha qilingan murojaatlarni o‘rgangan Farg‘ona viloyat bandlik va mehnat munosabatlari bosh boshqarmasi davlat inspeksiyasi, 6 aprel kuni Farg‘ona shahar obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘iga ish beruvchi xodimni g‘ayriqonuniy tarzda bo‘shatgan taqdirda unga nisbatan ma'muriy chora qo‘llanishini ta'kidlab  talabnoma taqdim qilindi.

Mehnat huquqlarini himoya qilishga vakolatli bo‘lgan organlar tomonidan Farg‘ona shahar obodonlashtirish boshqarmasiga qator taqdimnoma va talabnomalar kiritilganiga qaramasdan, boshqarma boshlig‘i Abdulla Nazirov hozircha bu hujjatlarni e'tiborsiz qoldirmoqda.

Shu yil 10 aprel kuni Farg‘ona viloyati kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi Kengashi fuqarolik ishlari bo‘yicha Farg‘ona tumanlararo sudiga Xamidullo Toshxodjayevning foydasini ko‘zlab, ishga tiklash hamda majburan bekor yurgan kunlari uchun ish haqi undirish bo‘yicha da'vo arizasi kiritgan.

Ta'kidlash joizki, Mehnat kodeksining 101-moddasiga ko‘ra, basharti jamoa shartnomasida mehnat shartnomasini ish beruvchi tashabbusi bilan bekor qilish uchun kasaba uyushmasi qo‘mitasi yoki xodimlar boshqa vakillik organining oldindan roziligini olish nazarda tutilgan bo‘lsa, shartnomani bunday rozilikni olmay turib bekor qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Shunga ko‘ra, X.Toshxo‘jayev bilan mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusi bilan (MKning 100-moddasi ikkinchi qismi 3-bandi) bekor qilishda tegishli kasaba uyushmasi qo‘mitasi roziligi olinmagani mehnat shartnomasi g‘ayriqonuniy ravishda bekor qilinganini anglatadi.

Mehnat kodeksining 111-moddasiga ko‘ra esa mehnat shartnomasi g‘ayriqonuniy ravishda bekor qilingan hollarda, u ish beruvchining o‘zi, sud yoki boshqa vakolatli organ tomonidan avvalgi ishiga tiklanishi lozim.

Ushbu masalaga fuqarolik ishlari bo‘yicha Farg‘ona tumanlararo sudi tomonidan tegishli hal qiluv qarori qabul qilingach yana qaytamiz.

Elmurod Ermatov

Mavzuga oid