Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Yaponiyaning 47 prefekturasidan 39tasida favqulodda vaziyat rejimi bekor qilinadi
Yaponiya hukumati 14 may kuni aprelda koronavirus pandemiyasi sababli butun mamlakat bo‘ylab kiritilgan favqulodda vaziyat rejimini 47 prefekturadan 39 tasida bekor qilish haqidagi qarorni tasdiqlaydi. Bu cheklovlar kuchga kirgandan beri ularning ilk bor yengillashtirilishi bo‘ladi.
Shu bilan birga favqulodda vaziyat rejimi Tokio va unga yondosh Kanagava, Saytama va Tiba, mamlakat g‘arbidagi Kioto, Osaka va Xyogo hamda shimoldagi Xokkaydo prefekturalarida saqlanib qoladi.
Yaponiya hukumati favqulodda vaziyatni bekor qilishda mutaxassislar fikriga tayangan. Bunda hisobga olingan ko‘rsatkichlardan biri u yoki bu hududda bir haftada qayd qilingan koronavirusdan kasallanishlar soni indeksi bo‘lgan. Agar bu indeks 100 ming aholiga 0,5 dan oshmagan bo‘lsa, yengillashtirishga yo‘l qo‘yilgan.
Misol uchun, aholisi 14 millionlik Tokio uchun yangi kasallanish holatlarining haftasiga 70tagacha kamayishiga erishish talab etiladi. O‘tgan hafta bu ko‘rsatkich 200 atrofida bo‘lgan va shu sababli u yerda favqulodda vaziyat rejimini hozircha qoldirishga qaror qilingan. Boshqa hisobga olingan mezonlar orasida shifoxonalarda bo‘sh palatalar mavjudligi, prefektura tibbiyot tizimiga umumiy yuklama darajasi va koronavirusga test o‘tkazish imkoniyati bo‘lgan.
Hukumat bir haftadan keyin, ya'ni 21 may kuni yana bir mutaxassislar yig‘ilishi va koronavirusga qarshi choralar bo‘yicha shtab majlisini o‘tkazmoqchi. Ular natijalariga ko‘ra qolgan 8 prefekturada favqulodda vaziyat rejimini bekor qilish bo‘yicha qaror qabul qilinadi.
Ayni vaqtda Yaponiyada Diamond Princess kruiz layneri yo‘lovchilari va ekipajini hisobga olgan holda, koronavirusga chalinganlar soni 16,7 mingdan, undan vafot etganlar soni 700 dan ko‘proqni tashkil qilmoqda.
Mamlakatda favqulodda vaziyat rejimi vaqtida harakatlanishga hech qanday qat'iy cheklovlar kiritilmagan. Aholidan uylarini zaruratsiz tark etmaslik iltimos qilingan hamda hukumat iltimosiga ko‘ra ta'lim muassalari, savdo markazlari kabi jamoat joylari yopilgan, kompaniyalar aksariyat ishchilarini masofadan ishlashga o‘tkazgan.
Favqulodda vaziyat rejimi bekor qilingandan keyin u yoki bu obektlarni ochish bo‘yicha qarorlarni prefekturalar gubernatorlari qabul qiladi.
Mavzuga oid
14:06 / 26.05.2025
Yaponiya bozori uchun kadrlar tayyorlash bo‘yicha ta’lim dasturlari ishlab chiqiladi
15:50 / 25.05.2025
Yaponiya kemasi Rossiya bilan bahsli orol yaqinida ogohlantirishsiz o‘t ochdi
11:23 / 25.05.2025
Toshkentda daraxt bosib qolgan bir kishi vafot etdi
21:15 / 21.05.2025