O‘zbekiston | 14:01 / 15.05.2020
113811
4 daqiqa o‘qiladi

Prezident yana Sirdaryoga bordi. Viloyatlar hokimlari ham shu yerda

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev 15 may kuni Sirdaryo viloyatiga bordi.

«Bugungi kunda Hukumat komissiyasi ish olib boryapti. Zarar yetgan uy-joylarni tiklash va ta'mirlash, odamlarni o‘zining tiklangan uyiga qaytarish va ro‘zg‘origa yordam berish, infratuzilmani tiklash, aholi salomatligini himoya qilishga katta kuch va vositalar safarbar etilgan. Bu borada Favqulodda vaziyatlar, Ichki ishlar va Mudofaa vazirliklari, Milliy gvardiya xizmatchilari jonbozlik ko‘rsatmoqda.

Bugungi kunga qadar 20ta aholi punktidagi buzilgan uylar va ularning atrofi chiqindilardan tozalandi. 13ta mahalladan suv qoldiqlari chiqarildi.

Ushbu mahallalarda hayot asta-sekin izga tushmoqda. Hozirda qariyb 66 ming aholi o‘z uylariga qaytdi. Boshqa joylarda tozalash-ta'mirlash ishlari tezkor sur'atlarda davom etmoqda», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Prezident Shavkat Mirziyoyev dastlab Sardoba tumanida bo‘lib, hududda olib borilayotgan ishlarni ko‘zdan kechirdi. Ta'mirlanayotgan xonadonlarni kirib ko‘rdi, odamlar bilan suhbatlashdi.

Sardoba, Oqoltin va Mirzaobod tumanlarida uy-joylari butunlay yaroqsiz holga kelib qolgan aholi uchun 3ta massivda jami 2 ming 640 kvartirali 66ta 5 qavatli uy qurilishi rejalashtirilgan.

Xususan, Sardoba tumanidagi «Do‘stlik» mahallasida 1480 xonadondan iborat 37ta uy barpo etiladi. Davlat rahbari mazkur turar joylarning poydevoriga tamal toshi qo‘ydi.

Eslatib o‘tamiz, 1 may kuni «Sardoba» suv ombori to‘g‘onining bir qismi o‘pirilib, yondosh tumanlardagi mahallalar va dalalarni suv bosgan edi. Davlat rahbari zudlik bilan hodisa yuz bergan joyga yetib borib, vaziyatni barqarorlashtirish ishlariga shaxsan bosh-qosh bo‘ldi.

Ushbu favqulodda vaziyat oqibatida Sardoba, Mirzaobod va Oqoltin tumanlarida 2 ming 570ta uy-hovli, 76ta ko‘p qavatli uy yaroqsiz holga kelgan edi. Shuningdek, 1 ming 781 hovli, 52ta ko‘p qavatli turar joy qisman zararlangan. 70ta ijtimoiy obekt, 20 ming gektarga yaqin ekin maydoni, 828 kilometr yo‘l, elektr, gaz, ichimlik suv, aloqa tarmoqlariga talafot yetgan.

«Bu sinov qarshisida xalqimizning birligi, hamjihatligi, mehr-oqibati yana bir bor yaqqol namoyon bo‘ldi. Tezkor chora-tadbirlar natijasida Sardoba, Oqoltin, Mirzaobod tumanlaridagi 28ta mahalladan 90 mingga yaqin fuqaro xavfsiz hududlarga evakuatsiya qilingan edi.

Ularga birinchi darajali zarur sharoitlar yaratilib, oziq-ovqat, kiyim-kechak va boshqa mahsulotlar yetkazildi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, barcha viloyatlar, vazirlik, uyushma va aholi tomonidan Sirdaryoga yordam berish uchun homiylik mablag‘lari o‘tkazildi, qurilish materiallari, oziq-ovqat, kiyim-kechak, dori-darmon va ro‘zg‘or buyumlari yuborildi.

Davlatimiz rahbari avvalgi safarlari chog‘ida bu yerlik odamlarning hayotini nafaqat oldingi holatiga qaytarish, balki uni yanada yaxshilash, yangi uy-joylar, ijtimoiy obektlar barpo etib, yangi ish o‘rinlari yaratishni vazifa qilib qo‘ygan edi», deyiladi xabarda.

13 may kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida prezident boshqa viloyatlar rahbarlariga Sirdaryodagi uysiz qolganlar uchun uy qurib berish bo‘yicha topshiriq bergan, unga ko‘ra har bir viloyatga imkoniyatidan kelib chiqib 100 dan ortiq xonadon biriktirilgandi.

14 may kuni boshqa viloyatlardan hokimlar boshchiligidagi yuzlab mutaxassislar Sirdaryoga yo‘l oldi. Viloyat rahbarlari ikki kun davomida Sirdaryoda bo‘lishi va shundan so‘ng bu yerda bajariladigan ishlar yuzasidan mamlakat rahbariyatiga hisobot berishi ko‘zda tutilgan.

Mavzuga oid