Jahon | 22:27 / 15.05.2020
12497
3 daqiqa o‘qiladi

Xakerlar Tramp haqidagi maxfiy ma'lumotlarni e'lon qilmaslik uchun 42 mln dollar talab qilishmoqda - OAV

Xakerlar AQSh prezidenti Donald Tramp haqidagi kompromatni e'lon qilmaslik uchun Nyu-Yorkda joylashgan yuridik firmadan 42 mln dollar talab qilishmoqda. Ular bu pullar evaziga go‘yoki Tramp haqida qo‘lga kiritilgan maxfiy ma'lumotlarni hech kimga ko‘rsatmaslikni va'da qilishmoqda.

Foto: pages

REvil xakerlar guruhining ta'kidlashicha, ular ushbu ma'lumotlarni Grubman Shire Meiselas & Sacks kompaniyasiga kiberhujum vaqtida qo‘lga kiritishgan. Bu haqda Computer Weekly portali xabar berdi.

Xakerlar bir hafta ichida 756 Gb ma'lumotni e'lon qilish bilan qo‘rqitishmoqda. Bu ma'lumotlar orasida Donald Tramp haqidagi “irkit sirlar” ham bor. Xakerlar Bitcoin yoki Monero’da 42 mln dollar to‘lanishini talab qilishmoqda.

“Endi evaz puli 42 mln dollarni tashkil qiladi. Biz fosh qiladigan keyingi odam – Donald Tramp. Hozir ayni saylovoldi poygasi ketmoqda va biz juda ham o‘z vaqtida prezident haqida bir uyum “irkit” ma'lumotlarni aniqladik. Janob Tramp, agar o‘z lavozimingizda qolishni istasangiz, shoshiling, yo‘qsa o‘z rejalaringiz bilan umrbod xayrlashishingiz mumkin. Siz, saylovchilarga esa shunday ma'lumot taqdim qilishimiz mumkinki, uni prezident sifatida boshqa ko‘rishni istamay qolasiz”, deyilgan xakerlar xabarida.   

Xakerlar, shuningdek, yuridik firmaga ham murojaat qilishgan.

“Grubman, agar pullarni olmasak, kompaniyangizni yo‘q qilamiz”, deb yozgan jinoyatchilar.

Ta'kidlanishicha, xakerlar maxfiy ma'lumotlarni o‘g‘irlashdan tashqari, kompaniya fayllarini shifrlab qo‘yishgan va ularning zaxira nusxalarini o‘chirib tashlashgan. Portalning yozishicha, hujjatlarni tiklashning yagona yo‘li talab qilingan pulni to‘lash hisoblanadi. 

Xakerlar, shuningdek, bir qator mashhur insonlar, jumladan Madonna, Ledi Gaga, Elton Jon, Robert De Niro va boshqalarning shaxsiy yozishmalari, kontaktlari va ular haqidagi boshqa ma'lumotlarni qo‘lga kiritishgan. 

O‘z navbatida, kompaniyada xakerlar harakatlari “terrorchilik” deb atalgan va ularga pul to‘lamaslikka qaror qilingan. Kompaniya vakillarining ta'kidlashicha, pul to‘lanishi xakerlarni maxfiy ma'lumotlarni e'lon qilishdan to‘xtamaydi.

Biroq portalning ta'kidlashicha, Tramp ushbu yuridik firmaning hech qachon rasmiy mijozi bo‘lmagan. Shu sababli xakerlar u haqidagi ma'lumotlarni qanday olgan bo‘lishlari mumkinligi mavhumligicha qolmoqda.

Mavzuga oid