O‘zbekiston | 08:30 / 17.05.2020
8619
2 daqiqa o‘qiladi

Evakuatsiyadagilarni oziq-ovqat bilan uzluksiz ta'minlash masalasi nazoratga olingan – Sirdaryo viloyat prokuraturasi

Sirdaryoda o‘tkazilgan Xalqaro press-klub sessiyasida Sirdaryo viloyati prokurori o‘rinbosari Baxtiyor Ahmedov oziq-ovqat zaxirasi va uning nazoratga olinishi haqidagi savolga javob berdi.

Foto: Xalqaro press-klub

«Aholini oziq-ovqat, gigiyenik vositalar va yotoq anjomlari bilan ta'minlash bo‘yicha shtab tuzilgan. 89 mingdan ziyod aholidan 66 mingi uy-joylariga qaytdi. 23 ming 400ga yaqini evakuatsiyada qolyapti.

1 mayda e'lon qilingan prezident farmoyishiga ko‘ra, uzluksiz oziq-ovqat bilan ta'minlash masalasi prokuraturaga yuklatilgan. Viloyat markazida 8ta, tumanlarda 21ta ombor tashkil qilingan. Ularni nazorat qilish uchun 131 nafar prokuratura, moliya, soliq xodimlari jalb qilingan. Talon-toroj bo‘lishi oldini olish uchun Milliy gvardiya tomonidan qo‘riqlanyapti, videokameralar o‘rnatilgan. Kirayotgan va chiqayotgan mahsulotlarni tekshirish uchun Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazlari mutaxassislari jalb qilingan.

Bugungi kunga qadar 46 tonnadan ortiq go‘sht va go‘sht mahsulotlari, 317 tonna un, 115 tonna makaron, 101 tonna shakar, 143 tonna o‘simlik yog‘i, 315 tonna kartoshka, 400 tonnadan ortiq sabzavotlar kelgan. Ularning berilish tartibi aniq belgilangan», deya Baxtiyor Ahmedovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Uning ma'lum qilishicha, evakuatsiyadagi aholi ikki xil holatda yashayapti: 

1. Ijtimoiy obektlarga joylashtirilgan (3 ming 600dan ortiq);

2. Aholi xonadonlarida (19 ming 700 nafar).

«Ijtimoiy obektlarga biriktirilgan holda ularning talabi olinib, omborlardan kundalik vositalar yetkazib beriladi. Fuqarolar ehtiyojini o‘rganish uchun mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari biriktirilgan, ular talabnoma asosida tuman, shahar omborlaridan olyapti. Har xil tushunmovchilik bo‘lmasligi uchun ro‘yxat bilan berilyapti.

Bugungi kunda mahsulot turlariga qarab, qariyb 1 oyga yetadigan oziq-ovqat zaxiramiz bor», deydi viloyat prokurori o‘rinbosari.

Tadbirda ma'lum qilinishicha, bugungi kunga qadar 40 tonnadan ortiq go‘sht va go‘sht mahsulotlari, 146 tonna un, 66 tonna makaron yetkazib berilgan. Mahsulotlar sanitariya qoidalariga amal qilgan holda saqlanyapti.

Mavzuga oid