Jahon | 17:58 / 20.05.2020
18080
3 daqiqa o‘qiladi

«Dunyoni o‘zgartirish navbati sizniki» - taniqli shaxslar pandemiya davri bitiruvchilariga tilak bildirdi

Pandemiya sababli o‘quvchi va talabalar o‘quv muassasalarini virtual tarzda, uyda bitirishiga to‘g‘ri kelmoqda. AQShda mavjud an'anaga muvofiq, bir qator taniqli shaxslar 2020 yil bitiruvchilarini tabriklash bilan birga, pandemiya bilan kurashda qo‘llab-quvvatlab chiqishdi.

AQShning 44-prezidenti Barak Obama yoshlarni hozirgi inqiroz davridan to‘g‘ri xulosa chiqarib, dunyoni yaxshilash uchun hissa qo‘shishga chaqirdi.

«Sizlar boshqa avlodlarga qaraganda tezroq ulg‘ayishingizga to‘g‘ri kelyapti. Chunki pandemiya dunyoni o‘zgartiryapti. U davlatlarning chuqur ildiz otgan muammolarini ko‘rsatdi, iqtisodiy notenglik yuzaga keldi, irqiy kamsitishlar davom etmoqda, ba'zilarda tibbiy xizmatdek hayotiy muhim ehtiyojini qondirish ilojsiz. Bu muammolar uchun ko‘rsatilgan avvalgi yechimlar ishlamayapti.

Agar atrofingizdagilar kasal va och bo‘lsa, sizning qancha ko‘p pul topishingiz ahamiyatsiz. Demokratik jamiyat biz faqat o‘zimizni o‘ylashni to‘xtatib, bir-birimizga g‘amxo‘rlik qilsakkina mavjud bo‘ladi.

Har bir inqirozdan keyin mamlakat kuchliroq bo‘ladi. Yangi avlod, yoshlar o‘tmish xatolaridan xulosa chiqarib, hayotni yaxshilash uchun yechim izlaydi», deydi u.

Pokistonlik huquq himoyachisi, tinchlik uchun Nobel laureati Malala Yusufzay inqiroz rivojlanmagan mamlakatlarda qizlar ta'limiga salbiy ta'sir ko‘rsatishini qayd etib, bunga e'tiborsiz bo‘lmaslikka chaqirdi.

«Rivojlanmagan davlatlarda ko‘plab qizlar maktabga qayta bora olmasligi mumkin. Inqiroz tufayli ularni erta turmushga uzatishadi. Yoki oilani boqish uchun kam maosh bilan ishlashga majbur bo‘lishadi. Maktablar yana ochilganda ularning partasi bo‘shab qoladi.

Ular – tengqurlarimiz, ular ham biz kabi ta'lim olish huquqiga ega. Dunyoni o‘zgartirmoqchi bo‘lganingizda ularni ham esdan chiqarmasligingizni istardim.

Ularni yolg‘izlatmang. 2020 yil nimalarni boy berganimiz bilan emas, balki sinov qarshisida o‘zimizni qanday tutganimiz bilan belgilanadi», deydi u.

Shuningdek, bir qator jamoat faollari, aktyor va sportchilar ham bitiruvchilarni tabriklab va qo‘llab-quvvatlab chiqishdi.

Mavzuga oid