Jahon | 09:49 / 20.05.2020
12778
2 daqiqa o‘qiladi

Niderlandiyada koronavirusning hayvondan odamga o‘tishi qayd qilindi 

Niderlandiyada norka – qorakuzandan odamga koronavirus o‘tishi holati qayd qilindi. Koronavirusga qorakuzanlar ko‘paytiriluvchi ferma ishchisi chalingan.

Foto: Jonas Walzberg / dpa / Global Look Press

Bu haqda mamlakat qishloq xo‘jaligi vaziri Karola Sxautenning parlamentga maktubiga tayanib Reuters axborot agentligi xabar berdi. 

Maktubda kasallangan ishchining holati ma'lum qilinmagan. 

Sxauten maktubda vazirlikning koronavirus hayvonlardan odamlarga o‘tmasligi haqidagi avvalgi xabari xato bo‘lganini tan olgan. Shu bilan birga u koronavirusning hayvonlardan odamlarga o‘tishi xavfi minimal deb baholanishini qo‘shimcha qilgan.

Ta'kidlanishicha, aprelda Niderlandiyaning Shimoliy Brabant provinsiyasidagi qorakuzan ko‘paytiriluvchi ikkita fermadagi qorakuzanlarda koronavirus aniqlangan. Hayvonlarda koronavirus alomatlari, jumladan nafas olish bilan bog‘liq muammolar va yuqori o‘lim darajasi kuzatilgan.

O‘shanda hukumat ferma ishchilarida koronavirus alomatlari kuzatilgani sababli virus qorakuzanlarga odamlardan yuqqan bo‘lishi mumkinligini ma'lum qilgan. Infeksiyaning tarqalishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun qorakuzanlar va chiqindilarni fermadan tashqariga olib chiqish taqiqlangan, fermalar joylashgan hududlarga kirish yopilgan. Bundan tashqari, shifokorlar qorakuzanlar ko‘paytiriluvchi joylar yaqinida sayr qilmaslikni tavsiya qilishgan. 

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid