O‘zbekiston | 17:07 / 22.05.2020
64268
2 daqiqa o‘qiladi

Marhamat tumani hokimi ishdan olindi

Andijon viloyatining Marhamat tumani hokimi Shuhratbek Qamchiyev lavozimidan ozod etildi. Bu haqda Kun.uz manbasi xabar bermoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun Andijonda viloyat va tumanlar hokimlari, iqtisodiyot tarmoqlari rahbarlari ishtirokidagi yig‘ilishda Marhamatga tashrifi vaqtida hokim ishdan olingani haqida ma'lum qilgan.

«Kecha Marhamat tumanining hokimini ishdan oldim. Qolgan sektorlar rahbarlari ham ishdan ketadi.

Menga kun o‘tsa bo‘ldi deb yuradigan hokimlar kerak emas. Menga taklif beradigan hokimlar kerak, izlanish qiladigan rahbarlar kerak», deya prezidentning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Yig‘ilish davomida prezident rahbarlarning tajribasiga qarab emas, yosh bo‘lsa-da ishiga qarab baho berilishini ta'kidlagan.

Tuman rahbari ishdan olinsa, to‘rtta sektor rahbari ishdan olinishini, viloyat hokimlari bilan ham shunday bo‘lishini ma'lum qilgan.

2009-2017 yillarda viloyatning boshqa bir tumani Jalaquduqni boshqargan Shuhratbek Qamchiyev 2017 yil avgustida Xursandbek Sultonov o‘rniga Marhamat tumani hokimi etib tayinlangandi.

Shuhratbek Qamchiyev

Eslatib o‘tamiz, 19 may kuni prezident ishtirokida Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektorda tadbirkorlar bilan ishlashda sustkashlikka yo‘l qo‘ygan ayrim tuman va shahar hokimlarini vazifasidan ozod qilish bo‘yicha ko‘rsatma berilgandi. Xususan, Bo‘stonliq, Muborak, Yakkabog‘, To‘rtko‘l, So‘x tumanlari va Ohangaron shahri qatorida Marhamat tumanida ham tadbirkorlar tomonidan e'tirozlar ko‘pligi ma'lum bo‘lgani aytilgandi. 

Shu kuni Qashqadaryoning Muborak va Yakkabog‘ tumanlarida hokimlar o‘zgargandi.

Mavzuga oid