Jahon | 07:57 / 23.05.2020
40097
2 daqiqa o‘qiladi

Ko‘zdan yana g‘oyib bo‘lgan Kim Chen Inning qayerdaligi ma'lum qilindi

Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In aprelda 20 kun ko‘rinish bermagach may oyi boshida o‘g‘itlar ishlab chiqariluvchi zavodga tashrif buyurgandan keyin yana ko‘zdan g‘oyib bo‘lgandi. Ma'lum bo‘lishicha, Shimoliy Koreya yetakchisi hozirda Vonsan shahrida qolmoqda.

Foto: KCNA / Reuters

Bu haqda Yaponiya va Janubiy Koreya OAVlari xabar qildi.

Ma'lum qilinishicha, Kim Chen In 1 may kuni zavod ochilishida ishtirok etgach, poytaxt Pxenyanga qaytmagan. Biroq uning sohilbo‘yidagi Vonsan kurortida ushlanib qolgani sabablari ma'lum qilinmagan. 

Jumladan, Shimoliy Koreya yetakchisining Vonsanda qolayotgani haqidagi ma'lumot Janubiy Koreyaning “Chunan Ilbo” nashrida ham berilgan. Nashr Shimoldagi manbalarga tayanib, Kim Chen In Pxenyanni 11 aprelda tark etgani va hanuzgacha Vonsanda qolayotganini ma'lum qilgan. 

“1 may kuni u zavod ochilishida ishtirok etgan va shundan keyin hanuzgacha o‘z faoliyatini Vonsandan olib bormoqda”, deyilgan xabarda. 

Shuningdek, Kim Chen In ovoza qilib bo‘lmaydigan faoliyatni davom ettirmoqda: armiya bo‘linmalariga tashrif buyurmoqda hamda raketa va boshqa strategik qurollar ishlab chiqilishi ortidan kuzatmoqda.

22 may kuni Janubiy Koreyaning “Ryonxap” axborot agentligi Shimoliy Koreya yetakchisi oxirgi 3 hafta ichida yana ko‘rinmay qolganini ma'lum qilgan. Janubiy Koreyaning birlashish bo‘yicha vaziri Yo Sang-Ki rasmiy Seul qo‘shni davlatdagi vaziyat ortidan sinchkovlik bilan kuzatayotganini aytib o‘tgan.

Aprel o‘rtalarida Kim Chen In bobosi, Shimoliy Koreya asoschisi Kim Ir Senning tavallud ayyomi nishonlanishini o‘tkazib yuborgandi. Shundan keyin u jarrohlik operatsiyasi o‘tkazgach og‘ir ahvolda ekanligi yoki hattoki o‘lgan bo‘lishi mumkinligi haqidagi gaplar tarqalgan. Biroq 2 may kuni Koreya markaziy telegraf agentligi Kim Chen Inning Sunchxondagi zavod ochilishi marosimidan suratlarini e'lon qilgan va mish-mishlarga qisman barham bergandi.

Mavzuga oid