O‘zbekiston | 12:56 / 30.05.2020
31048
10 daqiqa o‘qiladi

Paxta sanksiyasi. Koreyaga charter reys. Rossiyaga keta olmagan mehnat muhojirlari. Vazirning birinchi o‘rinbosari bilan intervyu

Koreyaga qayta olmagan mehnat migrantlari uchun charter reyslar uyushtiriladimi? Paxta sanksiyasini bekor qilish uchun O‘zbekiston hukumati qanday yo‘l tutadi? Rossiyadagi mehnat migrantlariga yordam berilishi qanday amalga oshirilmoqda? Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining birinchi o‘rinbosari Erkin Muhiddinov shu kabi savollarga javob berdi.

28 may kuni Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligida, vazirlik, O‘zbekiston fuqarolik jamiyati vakili, XMT, AQSh xalqaro biznes kengashi, AQSh Mehnat departamenti, Amerika kiyim va poyabzal ishlab chiqaruvchilar uyushmasi, Adolatli mehnat uyushmasi vakillari hamda Cotton Campaign koordinatori ishtirokida vebinar bo‘lib o‘tdi.

“Paxtadan so‘ng: o‘rganilgan darslar va O‘zbekiston uchun istiqbollar” mavzusida tashkil etilgan vebinarda, O‘zbekistonda bolalar va majburiy mehnatining har qanday ko‘rinishiga butkul barham berishga qaratilgan islohotlarning samarasi, xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik natijalari, maqsadga erishishda fuqarolik jamiyatlarining roli haqida so‘z bordi.

Ishtirokchilar, shuningdek, tomonlar o‘rtasidagi kelgusidagi hamkorlikni davom ettirishga to‘sqinlik qilishi mumkin bo‘lgan xavotirlar, O‘zbekiston hukumatining kelgusi rejalari va mehnat huquqlarini ta'minlash, munosib ish o‘rinlarini barpo qilish sohasidagi muhim qadamlari xususida fikr almashildi.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining birinchi o‘rinbosari Erkin Muhiddinov vebinar doirasida Kun.uz muxbirining ayrim savollariga javob berdi.

Erkin Muhiddinov

Cotton Campaign BMMV vaziri Nozim Husanovning O‘zbekiston paxtasiga joriy qilingan sanksiyani bekor qilish bo‘yicha tashabbusini qo‘llab-quvvatlamadi. Vazirlik va umuman O‘zbekiston hukumati bu borada navbatdagi qadami qanday bo‘ladi?

Cotton Campaign murojaatimizni qo‘llab-quvvatlamadi, deyish qiyin. Chunki ularning javobini sinchiklab qaraydigan bo‘lsak, birinchi marotaba, boykotni olib tashlaganimizda ham ayrim xorijiy ishlab chiqaruvchilar bu qarorni qo‘llab-quvvatlamasligi mumkin, degan fikrni bildirdi. Ya'ni, boykotni bekor qilishni ishlab chiqaruvchilarning o‘zlariga qoldirmoqda.

Biz buni eshitganimizdan so‘ng, bevosita xorijiy ishlab chiqaruvchilar bilan hamkorlik qilishga qaror qildik. Shu masalada vebinar ham tashkil etildi. Endilikda, biz bevosita ishlab chiqaruvchilar bilan muloqot qilish, muzokaralar o‘tkazish imkoniga ega bo‘ldik.

Biz muammoni hal etish bo‘yicha 4 tomonlama mexanizm taklif etyapmiz:

-      Bizga e'tirozi nima?

-      Ularning xavotiri nima?

-      Bizning klasterlar nima uchun ular bilan hamkorlik qila olmaydi?

-      Ular qaysi bosqichda majburiy mehnat ehtimolini ko‘rmoqda?

Biz ularni o‘ylantirayotgan savollarning barchasini o‘rganib chiqishimiz kerak. Boykotni bekor qilishning boshqa yo‘lini ko‘rmayapmiz. Biz bevosita muzokara olib borgach, jahon bozoriga eshiklar ochiladi, deb ishonaman. Qolaversa, klasterlar faoliyati majburiy mehnatdan xoli ekanini ham ko‘rsatib berishimiz kerak.

Bugungi kunda ishsizlik ishsizlik ko‘rsatkichi o‘sganini vebinar chog‘ida ham qayd qildingiz. Vazirlik sifatida aholi bandligini ta'minlash borasida qanday ishlarni amalga oshirish zarur deb o‘ylaysiz?

Bu safargi inqiroz oqibatlari juda og‘ir bo‘lmoqda. U 2-Jahon urushidan keyingi davrda mehnat bozori uchun eng og‘ir inqirozga sabab bo‘ldi. Avvallari bu qadar ishsizlik darajasi namoyon bo‘lmagandi. Vebinarda ham ishsizlik bilan bog‘liq raqamlarni ham keltirdik. O‘zi ishsizlik ko‘rsatkichlari yuqori edi, pandemiyada yanada ko‘tarildi. Ishsizlar soni qariyb 2 mln kishiga ortdi.

Shu bois, vazirlik aholini bandligini ta'minlash yo‘nalishida faol ishlashi kerak, ammo bu ma'muriy-buyruqbozlik usulidan foydalanish kerakligini anglatmaydi. Aksincha, karantin chog‘ida mavjud ish o‘rinlari borasida ish beruvchi va ish qidirayotgan fuqaro o‘rtasida vositachilik rolini ijro etmoqda.

Masalan, Sergeli tumanida qurilish ishlari boshlangan bo‘lib, ularga mutaxassislar yetishmayapti. Bz boshqa viloyatlardan qaysi hunar egasi lozim bo‘lsa, ularni topib, Sergelidagi qurilish pudrat tashkilotlariga keltirmoqdamiz.

Yoki bo‘lmasa, 230 ming kishi jamoat ishlariga olib chiqilib, vaqtincha bandligi ta'minlandi.

Bundan tashqari, shaxsiy tomorqalarni rivojlantirish bo‘yicha subsidiyalar berishni e'lon qildik va aprel-may oylarida 15 ming oilaga shaxsiy tomorqasida dehqonchilik qilishi uchun mablag‘lar taqdim etdik.

Yana bir gap, prezident qarori bilan qishloq xo‘jaligi kooperativlari tashkil etiladigan bo‘ldi. Uning g‘oyasi nimadan iborat? Bir tadbirkor atrofida kamida 50 nafar mahalliy aholi vakillari birlashadi. Ularga subsidiyalar beriladi va tadbirkor mablag‘i bilan birgalikda jamg‘arma tashkil etilib, ma'lum bir faoliyat turi yo‘lga qo‘yiladi. Bu yo‘l bilan aholi orasidan 18 ming kishi band qilindi.

Koronavirus pandemiyasi ko‘plab sohalarda kamchiliklar borligini ko‘rsatdi. Mehnat bozori uchun pandemiya holatidan kelib chiqqan holda qanday xulosalar qilindi. Kelgusida shu kabi ehtimollar uchun qandaydir strategiya ishlab chiqilmoqdami?

Albatta, biz pandemiyada davrida, ko‘plab fuqarolar masofaviy ishlashga tayyor emasligini bildik. Ilk kunlarda masofaviy ishlash bo‘yicha tartib ishlab chiqib, ish beruvchilarga va ishchi-xodimlarga yetkazdik.

Karantin davrida ish beruvchilar va xodimlar o‘rtasida ish haqi va mehnat ta'tili borasida tushunmovchiliklar kuzatildi. Mehnat munosabatlari keskinlashdi. Shu bois, karantin chog‘ida qanday yo‘l tutishlari bo‘yicha tartib ishlab chiqdik va ularni ham ish beruvchilarga yetkazdik.

Mehnat bozoridagi inqiroz uzoq davom etishi mumkin. Shu bilan birga, mehnat bozorida xususiylashgan yo‘nalish paydo bo‘lmoqda. Ya'ni fuqarolar uyda o‘tirgan holda o‘zini-o‘zi band qilishi mumkin bo‘lmoqda. Ular uchun alohida yo‘riqnoma yoki tartiblar kerak bo‘lmoqda.

Pandemiya biz uchun katta dars bo‘ldi, kelgusida hozirda tayyorlangan instrumentlardan voz kechmaymiz, aksincha ularni saqlab qolamiz.

Pandemiya xalqaro mehnat migratsiyasini butunlay izdan chiqardi. Vatanga ta'tilga kelgan migrantlar o‘zlari ishlab turgan davlatlaridagi ish joylariga qayta olmadi. Ish beruvchilar ish o‘rinlarini qisqartirishga majbur bo‘ldi. Xorijga ishga keta olmagan mehnat migrantlarini ish bilan ta'minlash bo‘yicha vazirlik qanday choralarni ko‘rmoqda?

Pandemiya davrida 2ta yirik muammoga duch keldik. Birinchidan, xorijga ishga keta olmagan fuqarolarni band qilish, ikkinchidan, xorijdagi vatandoshlarimizga yordam berish.

Demak, birinchi masala bo‘yicha “ishsiz, pandemiya davrida ishsiz qolgan, mehnat migratsiyasiga keta olmagan yoki qaytgan” qoidasi asosida yondashayapmiz. Ya'ni, 200 ta bandlikka ko‘maklashish markazlarimiz orqali xorijga ishga keta olmagan fuqarolarni ish bilan ta'minlash masalalariga ham e'tibor qaratmoqdamiz.

Bu borada Rossiya qurilish sohasida ishlagan va vatanga qaytgan quruvchi-mutaxassislarni topib, ularni ish bilan band qilish amalga oshirayotgan bo‘lsa, ayrim migrantlarimiz, yer bo‘lganida dehqonchilik qilishini, chet elga ish qidirib ketmasligini ta'kidlab keladi. Hozirda, shunday fuqarolarga yer berilmoqda. Tadbirkorlik qilmoqchi bo‘lganlarga esa, subsidiyalar taqdim etilyapti.

Ikkinchi muammo yuzasidan xorijda ishlayotgan fuqarolarning ko‘pchiligi ishsiz qoldi, mablag‘siz qolganlari bois, ijarada turgan uylaridan ham chiqishiga to‘g‘ri keldi. Biz shunday fuqarolarga arzon xostellar topib, bir oylik pullarini 300 dollargacha to‘lab bermoqdamiz.

Turarjoyidan chiqmagan, biroq ishsiz qolgan fuqarolarga esa, oziy-ovqat mahsulotlarini xarid qilish uchun mablag‘lar taqdim etyapmiz.

Shu bugungi kunning yana bir savoli. Koreyadan vatanga dam olishga kelgan va aviaqatnovlar bekor qilingani bois, Koreyaga keta olmagan vatandoshlar masalasi. Ular o‘z vaqtida ish joyiga qayta olmasa, ishlarini, hatto Koreyaga kirish iznini ham yo‘qotishi mumkin. Vazirlik koreyalik hamkorlar bilan shu xususda muzokaralar olib boryaptimi?

Biz bunday muammolarga duch kelgan fuqarolar uchun xavotirga tushdik. Shu bois, Koreya Mehnat vazirligi huzuridagi Inson resurslari departamenti bilan muzokaralar olib bora boshladik. Endilikda, Koreyaga ketishni rejalashtirgan, ya'ni ta'tilga kelib, qaytib ketishi lozim bo‘lgan o‘zbekistonlik Koreyada 14 kunlik o‘zini izolyatsiya qilishi talab etiladi. Buning uchun u manzilini taqdim etishi kerak. So‘ngra, Inson resurslari departamenti ko‘rsatilgan manzil bo‘yicha borib, karantin talabiga mos kelishi yoki yo‘qligini aniqlaydi. Xulosa ijobiy bo‘lsagina, yetarli fuqarolar bo‘lsa, charter reyslar tashkil etish masalasi ko‘rib chiqiladi.

Bunda yana bir masala ham hal etildiki, bu karantinda qolish uchun mablag‘ni kim to‘laydi, degan mavzudir. Bu xarajatni yoki o‘zbek mehnat migranti yoki Koreya ish beruvchisi to‘lashi lozim. Bu to‘lovni ishchilarimiz to‘lashga rozi bo‘ldi.

Mavzuga oid