Toshkentda psixotrop dorilar savdosi bilan shug‘ullangan shaxs ustidan sud hukmi o‘qildi
2 may kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Uchtepa tuman sudida ruxsatsiz psixotrop moddalarini saqlash va sotishda ayblangan fuqaroga sud hukmi o‘qildi.
Sud hukmi bilan fuqaro B.K.ga Jinoyat kodeksining 251(1)-moddasi (Kuchli ta'sir qiluvchi yoki zaharli moddalarni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish) 3-qismi bilan 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.
Sud hukmi oldidan sudlanuvchi B.K.dan so‘nggi so‘z so‘ralganda, qilgan ishidan pushaymonligi, u savdosi bilan shug‘ullanib kelgan bir necha turdagi psixotrop dori vositalarining litsenziyasiz savdosi uchun javobgarlik belgilanganini bilmaganini ta'kidladi.
Sud jarayonida ishtirok etgan Kun.uz muxbiri sud hukmi o‘qilganidan so‘ng mahkum bilan suhbatlashdi.
«Sud sharoitimga qarab yengilroq jazo bersa bo‘lar edi. Ayolim uy bekasi, ikkita voyaga yetmagan farzandim bor. Ular endi qarovsiz qoladi. Ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazoni berganda yaxshi bo‘lardi, chunki davlatga ham foyda bo‘lardi. O‘zim ham oila davrasida bo‘lar edim. Bola-chaqamga endi kim qaraydi? O‘zingiz bilasiz, ko‘chada ahvol qanday. To‘lovlar, kiyintirish kerak, o‘qitish kerak... Bularning hammasi erkak kishing vazifasi. Shu narsa yo‘q bo‘ldi hozir. Shuning uchun hukmdan rozi emasman.
Qamoqdan tashqaridagi har qanday jazoga roziman. Faqat oilam davrasida bo‘lsam bo‘ldi. Qilgan ishimdan pushaymonman», – dedi mahkum.
Shu o‘rinda eslatib o‘tamiz, 2019 yil 1 dekabrdan boshlab O‘zbekistonda kuchli ta'sir qiluvchi moddalar ro‘yxatiga kiritilgan alohida dori vositalarining chakana savdosi faqat ijtimoiy dorixonalar, shuningdek, giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarni saqlash va realizatsiya qilish (berish) faoliyatiga litsenziyasi mavjud bo‘lgan dorixonalar tomonidan amalga oshirilishi belgilangan.
Mavzuga oid
17:48 / 22.11.2024
Jismoniy shaxslarga davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish tartibi belgilandi
11:25 / 21.11.2024
2024 yilda 30 mingdan ortiq o‘zbekistonliklar tuhmat va haqorat qilgani uchun sudlandi
22:25 / 12.11.2024
Sud Pop tumani hokimining o‘g‘lini qamoqqa qaytardi
10:16 / 12.11.2024