O‘zbekiston | 19:07 / 04.06.2020
4733
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkent shahri hokimligi: Poytaxtning yirik yo‘llarini ta'mirlash bo‘yicha reja mavjud

Bugun, 4 iyun kuni Toshkent shahar hokimligida «Toshkent shahridagi yo‘llarni ta'mirlash» mavzusida onlayn brifing o‘tkazildi.

Tadbirda Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati rahbari Furqat Mahmudxo‘jayev 2020 yilda Toshkentda ta'mir rejasiga kiritilgan yo‘llar va hozirda bu borada olib borilayotgan ishlar haqida ma'lumotlar berdi.

«Toshkent shahar hokimining 2020 yil 3 fevraldagi 440-sonli qaroriga asosan o‘tgan yillar davomida aholidan kelib tushgan murojaatlar va yo‘llar holatini o‘rganishlar bo‘yicha ta'mirtalab deb topilgan 200ga yaqin ko‘chalar yangi texnologiyalar asosida asfalt qilinadi.

Bu ishlar jarayonida poytaxtimizning 500 ming kv metrdan ortiq maydoni asfalt qilinishi rejalashtirilgan. 2020 yil 1 iyun holatiga umumiy hisobda 40 kun ichida rejadagi ko‘chalarning 60tasi ta'mirlandi va ularga 176 ming kv metr asfalt yotqizildi. Yana 52ta markaziy va 81ta ichki ko‘chalar holati yaxshilanishi ko‘zda tutilgan», deydi hokimlik vakili.

2020 yil 1 iyun holatiga - 176  ming m2 maydonda, 19,3 mlrd so‘mlik yoki umumiy hajmning deyarli uchdan bir qismida ta'mirlash ishlari amalga oshirildi. Bunda belgilangan 193ta  ko‘chalardan 60tasi to‘liq joriy ta'mirlandi (57ta markaziy ko‘chalar va 3ta mahalla ichki ko‘chalari). Mazkur ishlar 40 kunda amalga oshirildi.

Yana 302 ming m2 maydonda - 133ta ko‘chada (52ta markaziy ko‘chalar va 81ta mahallalar ko‘chalari) 30,2 mlrd so‘mlik ishlar amalga oshirilishi lozim.

Amalga oshirilishi belgilangan eng yirik ko‘chalar:
Nurafshon va Sebzor kesishmalaridan boshlab Axmad Donish va Yangi shahar ko‘chalarining kesishmalarigacha (4,5 km, 98 mlrd so‘mlik ishlar) hamda Farg‘ona yo‘li ko‘chalarining (7,6  km, 97 mlrd so‘mlik ishlar) yo‘l qoplamasini mukammal ta'mirlash ishlari amalga oshirilishi yuzasidan loyihalashtirish va parallel ravishda ta'mirlash ishlari ham boshlangan.

«Albatta, bu mablag‘lar bir qarashda ko‘p tuyilsa-da, yirik loyihalar uchun kamlik qiladi. Shu sabab qo‘shimcha mablag‘lar jalb qilish, lozim bo‘lsa kredit olish ustida ham ishlanmoqda», dedi Furqat Mahmudxo‘jayev.

Mavzuga oid