O‘zbekiston | 21:11 / 07.06.2020
24929
3 daqiqa o‘qiladi

Elchixona oldidagi navbatlar, charter reys va karantin - Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari bilan suhbat

Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Erkin Hamroyev xorijdagi O‘zbekistonning ayrim elchixona va konsullik idoralari oldidagi tartibsiz navbatlar, maxsus charter reyslarni tashkil etish va aholini ro‘yxatga olish masalalari bo‘yicha ma'lumot berdi.

Vazir o‘rinbosarining Kun.uz'ga bildirishicha, 6 iyun holatiga muvofiq, 1245 nafar o‘zbekistonlik temir yo‘llar orqali vatanga qaytarilgan. Shuningdek, maydan boshlab tashkil etilgan charter aviareyslar orqali 15 ming 390 nafar, O‘zbekistonga bevosita qo‘shni bo‘lgan mamlakatlardan 40 ming 209 nafar fuqaro, jami 56 mingdan ziyod fuqaro vatanga qaytarilgan. Bundan tashqari O‘zbekistonda qolgan 7 mingdan ko‘p xorijiy davlat fuqarolari ham o‘z vataniga qaytarilgan.

Erkin Hamroyev

«Vatanga qaytishni istagan xorijdagi hamyurtlarimiz chet eldagi O‘zbekiston diplomatik vakolatxonalariga murojaat qilishi zarur. Murojaatlar asosida diplomatik vakolatxonalar huzurida tashkil etilgan operativ shtabda ro‘yxat shakllantiriladi. Ushbu ro‘yxat Tashqi ishlar vazirligiga yuboriladi va umumlashgan holda Respublika maxsus komissiyasiga taqdim etiladi. Komissiya ushbu masalani barcha yo‘nalishda o‘rganib chiqib, sana belgilab, keyin qaror qabul qiladi», – deydi Hamroyev.

Vazir o‘rinbosariga ko‘ra, ro‘yxat shakllantirish jarayoni shaffof bo‘lishi uchun operativ shtabda jamoat komissiyasi tuzilgan. Uning tarkibida diaspora yetakchilari, jamoat arboblari, blogerlar, tibbiyot xodimlari va talabalar faol ishlamoqda.

«Ko‘pchilik tanish-bilish, deb o‘ylaydi. Bu esa haqiqatga mos kelmaydi. Masalan, Rossiyaning birgina o‘zida 100 mingga yaqin vatandosh O‘zbekistonga qaytish istagini bildirgan. Bu joyda katta bahs bo‘ladi. Qaysi kategoriyadagi shaxslarni birinchi qaytarish kerak? Demak, imkoniyati cheklangan va qariya shaxslar, og‘ir kasalligi bor fuqarolar hamda homilador, shuningdek, yosh bolali ayollar va talabalarga ustuvorlik beriladi. Jamoat komissiyasi a'zolari zimmasida katta mas'uliyat bor. Ular ham qaytishi kerak, lekin shu ishlarni bajarib o‘sha yerda qolib ketishgan», – deya qo‘shimcha qildi u.

 

Erkin Hamroyev suhbat davomida elchixona bilan bog‘lana olmayotgan fuqarolar noroziligiga munosabat bildirdi. Shuningdek, suhbatda Qozog‘iston chegarasida qolgan o‘zbekistonliklar, konsullik harakatlarini davom ettirish va xorijdagi vatandoshlarni moddiy qo‘llab-quvvatlash masalalari ham muhokama etildi. 

Intervyuni Youtube orqali to‘liq tomosha qilishingiz mumkin.

Alisher Ro‘zioxunov suhbatlashdi.

Mavzuga oid