Jamiyat | 14:28 / 24.06.2023
18496
2 daqiqa o‘qiladi

Elchixona Rossiyadagi O‘zbekiston fuqarolarini Ukraina bilan chegaradosh hududlarga borishdan tiyilishga chaqirdi

O‘zbekistonning Moskvadagi elchixonasi ushbu mamlakatda bo‘lib turgan o‘zbekistonliklarni amaldagi jamoat xavfsizligi qoidalariga qat’iy rioya qilishga, Rossiya va Ukrainaning chegaradosh viloyatlariga sayohat qilishdan, odamlar gavjum joylarga borishdan tiyilishga chaqirdi.

“Elchixona O‘zbekiston Respublikasining barcha fuqarolarini Rossiya Federatsiyasi hududida amaldagi jamoat xavfsizligi qoidalariga qat’iy rioya qilishga, Rossiya va Ukrainaning chegaradosh viloyatlariga sayohat qilishdan, odamlar gavjum joylarga borishdan tiyilishga chaqiradi.

Axborot maydonidagi tasdiqlanmagan ma’lumotlarga ishonmaslikni hamda qabul qiluvchi davlat rasmiy vakillarining ko‘rsatmalariga amal qilishingizni so‘raymiz. Qulaylik yaratish maqsadida mamlakatimizning Rossiyadagi barcha diplomatik vakolatxonalari to‘liq ish rejimida ishlaydi”, — deyiladi elchixona bayonotida.

Ma’lum qilinishicha, zarur hollarda O‘zbekiston fuqarolaridan Moskva shahridagi elchixona yagona Koll-markaziga zudlik bilan murojaat qilishlari mumkin.

Ayni vaqtda Rossiyada “Vagner” xususiy harbiy kompaniyasi asoschisi Yevgeniy Prigojin va mamlakat Mudofaa vazirligi o‘rtasida anchadan beri davom etayotgan mojaro o‘zining avj nuqtasiga yetgan.

Prigojin Rostov shahrini egallab, Moskvaga “adolat marshi” boshlagani harbiy to‘ntarish uyushtirishga urinish sifatida qabul qilindi va FXX qurolli to‘ntarishga urinish moddasi bo‘yicha ish ochdi. Xorijiy nashrlarga ko‘ra, Moskva harbiy garnizoni jangovar holatga keltirilgan, SOBR va FXX Don trassasiga blokpostlar o‘rnata boshlagan.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin sobiq oshpazining bu harakatlarini “orqadan berilgan zarba” va “xiyonat” deb baholadi.

Фаррух Абсаттаров
Tayyorlagan Фаррух Абсаттаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid